Yusupov Erkin (1928-2003) akademik, falsafa fanlari doktori, professor. Asosiy ilmiy ijodi ijtimoiy falsafa va madaniyat nazariyasi sohasi bilan bog’liq. U mustaqillikning dastlabki kunlaridayoq millatlararo munosabatlar sohasida mamlakatda uzoq yillar davomida to’planib qolgan hal etilmay kelgan qator muammolar, ularning paydo bo’lish, rivojlanish va keskinlashish sabablari, obyektiv omillari va subyektiv zaminlarini tahlil etgan. Shuningdek E.Yusupov milliy manfaatlar va milliy munosabatlarning dialektik aloqadorligi, millatlar rivojlanishining ijtimoiy iqtisodiy muammolariga e’tibor bergan. E.Yusupov o’zining “Inson kamolotining ma’naviy asoslari”(1998) asarida inson ma’naviy kamoloti va jamiyat taraqqiyotining o’zaro bog’liqligi ma’naviyatning xususan axloq odob, imon, vijdon, e’tiqod madaniyat, ma’rifat kabi omillarning jamiyat taraqqiyotiga ta’siri, ularning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning asosiy yo’llaridan biri ekanligini tahlil etgan. Xususan u “Axloqning mezonlari jamiyat taraqqiyotining umumiy imkoniyatlari va ehtiyojlari alohida etnik guruhlar yashayotgan, mehnat qilayotgan sharoitlar ularning o’ziga xos xususiyatlari bilan belgilanadi. Barcha insoniyatga xos bo’lgan ruhiy boylik-axloq turli konkret tarixiy sharoitlarda, turli mamlakatlar va xalqlarda o’ziga xos shakllarda namoyon bo’ladi” deb ta’kidlaydiI. ”Oila ma’naviyat bulog’i” asarida E.Yusupov mustaqillik yillarida O’zbekistonda oilani mustahkamlash, ko’p bolali oilalarni ijtimoiy himoyalash, ma’naviy yetuk, jismoniy sog’lom avlodni tarbiyalash borasida ko’rilayotgan tadbirlar haqida fikr yuritadi, shuningdek oilada ota-ona ibrati, farzandlik burchi, farzand tarbiyasiga xos bo’lagan axloqiy qadriyatlar, oilaviy munosabatlarning diniy va milliy jihatlariga e’tibor qaratadi. Uning fikricha “Ahil oilada hal qiluvchi so’zni ota aytadi, bu so’zdan oldin u albatta oila a’zolarining fikr va manfaatini e’tiborga oladi, shu sababli ham milliy an’analarimizda otadan oldin so’zlash yoki ota o’rniga so’zlash, uning so’zini bo’lish ham beodoblikning belgisi hisoblanadi”II. E.Yusupovning so’nggi “Falsafa – bahs va munozaralar maydoni”III maqolasida “Falsafa shunday fanki uning muammolari tahlilida davrning ildamlab borayotgan ziddiyatli ruhi to’la va to’g’ri aks etishi kerak. Falsafa har qanday kashfiyotni, fan sohasidagi yangilikni mutlaq haqiqat deb tan olmaydi, har bir muammo tahlilidan oldin bu nima uchun shunday?, boshqacha bo’lishi mumkin emasmi? deb savol qo’yadi... Falsafa tarixida jamiyat va fan taraqqiyoti oldiga bunday savollar qo’yilmagan davr bo’lmagan va bo’lmaydi ham, shu sababli falsafiy muammolar tahlili doim keskin bahs va munozaralar maydoni bo’lgan” deb ta’kidlaydi. E.Yusupov milliy kadrlar tayyorlash masalasiga ham jiddiy yondoshgan. Olim umrining oxirigacha O’zMU falsafa fakultetida talabalarga falsafa ilmidan dars bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |