To’liqsiz induksiya shunday ehtimoliy xulosa chiqarish turiki, unda birorta belgining bir mantiqiy sinfga tegishli predmetlarning bir qismiga (bir nechtasiga) xosligini (yoki xos emasligini) aniqlash asosida shu belgining berilgan sinfga mansub barcha predmetlarga xosligi (xos emasligi) haqida xulosa chiqariladi.
To’liqsiz induksiyada fikrimiz, xuddi to’liq induksiyadagidek, juz’iylikdan (yakkalikdan) umumiylikka, kamroq umumiylashgan bilimdan ko’proq umumiylashgan bilimga qarab harakat qiladi. Lekin unda, to’liq induksiyadan farqli o’laroq, xulosa kuzatish, tajriba davomida qayd etilmagan, o’rganilmagan predmetlarga ham tegishli bo’ladi. To’liqsiz induksiyaning evristik mohiyati aynan ana shundadir.
To’liqsiz induksiyada fikrimiz quyidagi shaklda quriladi:
S1 predmeti P belgiga ega.
S2 predmeti P belgiga ega.
... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...
Sn predmeti P belgiga ega.
S1, S2,..., Sn predmetlari C sinfiga tegishli.
Ehtimol, S sinfining har bir predmeti R belgiga egadir.
Bu shaklni simvolik ko’rinishda quyidagicha yozish mumkin:
R (x1)
R (x2)
... ... ...
R (xn)
x1, x2,..., xn... ЄC
x ((xЄS) →R(x))
Xulosa yuqoridagidek o’qiladi, ya’ni: «Ehtimol, S sinfining har bir predmeti R belgiga ega bo’lsa kerak».
Masalan:
2 soni 2 ga qoldiqsiz bo’linadi.
4 soni 2 ga qoldiqsiz bo’linadi.
... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ... ...
n soni 2 ga qoldiqsiz bo’linadi.
2, 4,..., n... sonlari juft sonlardir.
Ehtimol, juft sonlarning barchasi 2 ga qoldiqsiz bo’linsa kerak.
To’liqsiz induksiyada xulosaviy bilimning empirik asosi to’liq aniqlanmaydi, ana shuning uchun ham undagi amalga oshirilgan umumlashtirish to’liqsiz bo’ladi. Xususan, unda berilgan mantiqiy sinfga mansub predmetlarning barchasi emas, faqat S dan Sn gacha bo’lgan qismigina o’rganiladi, xolos. Ana shu o’rganilgan predmetlarga birorta P belgining xosligi (xos emasligi) kuzatilsa, uning o’rganilayotgan sinfga mansub barcha predmetlarga xosligi (xos emasligi) haqida ehtimoliy tarzdagi xulosa chiqariladi.
Masalan, tabiatda gaz haroratining o’zgarishi uning hajmining o’zgarishiga olib kelishi, jamiyatda iqtisod bilan siyosatning bog’liqligi, bilishda fakt va qonunning o’zaro aloqasi zaruriy (muayyan sharoitda, albatta, vujudga keladi) va umumiy (muayyan sharoit paydo bo’lgan barcha hollarda takrorlanadi) aloqalardan, borliqda amal qilayotgan qonuniyatlardan iborat.
Zaruriy aloqalarning bir vaqtning o’zida umumiy aloqalardan iborat bo’lishi (predmetlarning birorta sinfi, to’plamiga xos bo’lishi), ularning esa, o’z navbatida, yakka, ayrim predmetlarda namoyon bo’lishi, ya’ni ularning xususiyatlari sifatida yuzaga chiqishi ilmiy bilish va amaliy muhokama yuritishda birorta mantiqiy sinf haqida unga mansub predmetlarning ayrimlarini o’rganish asosida fikr bildirish mumkinligini anglatadi.
Haqiqatan ham, kundalik turmushimizda biz ana shunday yo’l tutamiz. Xususan, paxta, bug’doy, sut, metall prokati, gazlama va shu kabi ommaviy ravishda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning katta hajmining sifati haqida ulardan olingan kichkina namunalarni tekshirish natijalariga tayangan holda fikr bildiramiz.
Bunda ko’p hollarda hosil qilgan xulosaviy fikrlarimiz haqiqatdan yoki haqiqatga yaqin fikrdan iborat bo’ladi.
O’z-o’zidan ravshanki, bu yo’l bilan olingan xulosalar hamma vaqt ham to’g’ri bo’lavermaydi. Ba’zan chiqarilgan xulosalar xato ham bo’lishi mumkin.
Demak, to’liqsiz induksiya bo’yicha xulosa chiqarishga xos xususiyatlardan biri asoslardan xulosaning mantiqan kelib chiqishining kuchsiz bo’lishidir.
To’liqsiz induksiya uchun xarakterli bo’lgan bu kamchilikni «tuzatish» uchun bir qancha metodologik talablarga rioya qilish zarur. Bu ma’lum bir darajada xulosaning chin bo’lishi ehtimolining ortishiga imkoniyat yaratadi. Ular quyidagilardan iborat:
1.Ekstensiv metoddan foydalanish, ya’ni o’rganilayotgan predmetlar sonini oshirish. Bu bir oz bo’lsa ham xulosaning chin bo’lishi ehtimolini orttiradi. Lekin bu yerda bir narsani hisobga olish zarur. Tajriba tugal bo’lmagan, ya’ni sinfning barcha predmetlari emas, faqat bir nechtasi o’rganiladigan bir sharoitda keyingi o’tkaziladigan tajribalardan birida avvalgi tajribalar natijalariga zid bo’lgan holni kuzatish ehtimoldan xoli emas. Bunda o’rganilayotgan hodisalar sonini ko’paytirish yo’li bilan ko’zlangan maqsadga erishishga urinish kam samara beradi. Tajribani tugal qilishga erishib bo’lmaydi, chunki bilish obyekti ko’p hollarda ochiq tizimdan – hodisalar va holatlar soni amalda cheksiz bo’lgan obyektdan iborat bo’ladi.
2.Tajriba natijalarining sifat jihatidan xilma-xil bo’lishiga erishish, ya’ni bir xil sharoitda takrorlanadigan belgilarnigina emas, balki turli xil sohalar, holatlarda takrorlanadigan o’xshash belgilarni ham qayd etish muhimdir.
3.Shuningdek, tajriba natijalarining kuchli bo’lishi, «bexosdan» aniqlanishi ham muhim ahamiyatga ega.
4.Keyingi ikkita metodologik talab to’liqsiz induksiyada empirik materiallarni tanlab olishni taqozo etadi.
Dastlabki empirik materiallarni kuzatish va tajriba natijalarini tanlab olish usuliga ko’ra to’liqsiz induksiyaning ikkita turi: sanash orqali to’liqsiz induksiya (enumerativ induksiya) va istisno qilish orqali to’liqsiz induksiya (eliminativ induksiya) ajratilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |