Tomas Kun. T.Kunning epistemologik konsepsiyasi uning «Ilmiy inqiloblar strukturasi» asarida ifodalangan bo’lib, bu yerda u pozitivistik an’analarni tanqid qiladi.
Kun fikriga ko’ra, fan tarixi epistemologiyaning bazisi va asosiy materialiga aylanishi lozim.
Fan – bilimlar tizimi emas, balki avvalo ilmiy hamjamiyatlar faoliyatidir. Muammo bunday qo’yilganida falsafa fanining dastlabki nuqtai nazarlari va xatti-harakatlarida mujassamlashgan alohida normativlik va mantiqiy-metodologik mustaqillikka bo’lgan barcha da’volar o’z ahamiyatini yo’qotadi. Ular ilmiy hamjamiyat faoliyatining asosiy usuliga, uning zaminida shakllangan fan matrisasi va paradigmasiga bog’liq bo’lib qoladi. T.Kunning «Ilmiy inqiloblar strukturasi» asari ta’sirida ilmiy hamjamiyat tushunchasi fanning barcha sohalaridan mustahkam o’rin oldi. Fanning o’zi g’oyalar tizimining rivojlanishi sifatida emas, balki ilmiy hamjamiyat faoliyatining mahsuli sifatida tushunila boshlandi.
Ilmiy hamjamiyatni ma’lum ixtisoslikka va o’xshash ilmiy tayyorgarlikka ega tadqiqotchilar tashkil etadi. Ilmiy hamjamiyat vakillari, odatda, o’xshash kasbiy ko’nikmalarga ega va ilmiy adabiyotlarning muayyan majmuini o’zlashtirgan bo’ladi. Ilmiy hamjamiyat bu muayyan bilim sohasi mutaxassislarining hamjamiyati yoki ma’lum ilmiy muammoni o’rganuvchi tadqiqotchilar guruhidir.
Fanning rivojlanish jarayonida ilmiy hamjamiyatning rolini quyidagicha tavsiflash mumkin:
mazkur hamjamiyat vakillari fan maqsadlarini va o’z sohasining vazifalarini bir xil tushunadilar. Shu tariqa ular u yoki bu fanning predmeti va uning rivojlanishi haqidagi tasavvurlar tizimini tartibga keltiradilar;
ularga universalizm xos bo’lib, buni ular o’z tadqiqotlarida va o’z hamkasblarining tadqiqotlariga baho berishda hisobga oladilar, bu yerda ular bilimlarni asoslash va isbotlashning umumiy mezonlari va qoidalariga amal qiladilar;
ilmiy hamjamiyat tushunchasi bilimlarni jamlashning kollektiv xususiyatini qayd etadi. U bilishning kollektiv subyekti nomidan ish ko’radi, bilish faoliyati natijalariga kelishib baho beradi, ichki me’yorlar va ideallar tizimi – fan etosini yaratadi va quvvatlaydi;
ilmiy hamjamiyatning barcha a’zolari muayyan paradigmaga – ilmiy muammolarni qo’yish va yechish modeli (andozasi)ga amal qiladi. Yoki, T.Kun ta’biri bilan aytganda, paradigma tadqiqotchi olimlar guruhini boshqaradi. Olimlarning o’zlari ko’proq paradigma haqida emas, balki nazariya yoki nazariyalar to’plami haqida so’z yuritishni ma’qul ko’radilar.
Fan rivojlanishining Kun taklif qilgan modeli turli ilmiy hamjamiyatlar o’rtasidagi raqobat kurashi hodisalari oldinma-ketin yuz berishini nazarda tutadi. Qabul qilingan paradigma hukmronligi davri, «normal fan» bosqichidan keyin paradigmaning inqiroz davri keladi va bu ilmiy inqilob atamasi bilan ifodalanadi. Raqobatlashayotgan taraflardan birining g’alabasi fanning normal rivojlanish bosqichini tiklaydi. Paradigma yuzaga kelishidan oldingi davr dalillarning tartibsiz to’planishi bilan tavsiflanadi. Bu davrdan chiqish ilmiy amaliyot andozalari, nazariy qoidalar, dunyoning aniq manzarasi belgilangani, nazariya va metodning birlashuvini anglatadi.
Ilmiy paradigmaning almashishi, inqilobiy o’zgarishlar bosqichiga o’tish fan matrisasi elementlari, tadqiqot texnikasi, metodlar va nazariy farazlar to’la yoki qisman o’zgarishini nazarda tutadi. Epistemologik qadriyatlar majmui to’la o’zgaradi.
Kun fikriga ko’ra, ilmiy oqilonalikning umumiy mezonlari nisbiy xususiyat kasb etadi. Har bir paradigma o’z muammolar sohasida yaratilgan andoza va mezonlarga tayanadi, shu sababli ular formal mantiq andozalariga muvofiq bo’lishi shart emas, ammo ularga, shuningdek sog’lom fikrga zid kelmasligi lozim. Shu boisdan fanni intellektual faoliyatning boshqa turlaridan farqlash imkonini beruvchi chegara (demarkasiya) haqida gapirish ancha qiyin. U har safar yangidan o’rnatiladi. Kun fikriga ko’ra, fan uchun yagona va universal metod mavjud emas, kuzatishlarning universal bayonnomalari ham yo’q, serqamrov metatarixiy lug’at ham bo’lishi mumkin emas. Olimning dunyoga munosabati uning muayyan paradigmaga amal qilishi bilan belgilanadi, tarixiy va ijtimoiy dalillarga bog’liq bo’ladi.
Kun paradigma konsepsiyasini har tomonlama himoya qiladi. «Paradigma» deganda u ma’lum vaqt mobaynida ilmiy hamjamiyatga muammolarni qo’yish va yechish andozasini beruvchi keng e’tirof etilgan ilmiy yutuqlarni tushunadi. Paradigma ilmiy hamjamiyat tomonidan qabul qilingan va ilmiy an’ananing mavjudligini ta’minlovchi e’tiqodlar, qadriyatlar va texnika vositalari majmuini anglatgani bois, Kun fundamentalizm prinsiplarini rad etadi. Ilmiy paradigmaga bog’liq bo’lmagan omillar yo’q va bo’lishi mumkin emas. Uning fikricha, kuzatishning empirik jihatdan neytral tili ham bo’lishi mumkin emas. Ilmiy hamjamiyatga qo’shilgan olimlar dunyoga qabul qilingan paradigma nuqtai nazaridan qaraydilar. Zero dalillar nazariyani belgilamaydi, balki nazariya o’zining anglab yetilgan tajribasiga kirishi mumkin bo’lgan u yoki bu dalillarni tanlaydi. Kun yangi paradigma rivojlanishining dastlabki bosqichida uning tarafdoriga aylangan odam bu paradigmaning muvaffaqiyatiga ishonishi lozim, deb hisoblagan.
Paradigma strukturasiga nimalar kiradi?
Birinchidan, simvolik umumlashtirishlar - qonunlar, ta’riflar va ko’p ishlatiladigan atamalar.
Ikkinchidan, universumning u yoki bu ontologiyasini belgilovchi metafizik mo’ljallar majmui.
Uchinchidan, ayrim vazifalarni yechishning umumiy qabul qilingan andozalari, sxemalari.
Kun paradigmani o’lchash mumkin emas degan tezisni ilgari suradi. U fanning rivojlanish tarixidagi vorisiylikni rad etadi. Fan dinamikasini u uzluksiz emas, balki uzlukli deb biladi. Uning fikriga ko’ra, ilmiy hamjamiyatlar bir-birini siqib chiqaradi, oldingi paradigma to’plagan bilimdan esa voz kechiladi.
Kun paradigma tushunchasini yanada aniqroq eksplikasiya qilishga urinib, uni keyinchalik olimlarning muayyan fanga mansubligini ham, ilmiy faoliyat qoidalari tizimini ham hisobga oluvchi fan matrisasi tushunchasiga aylantirdi. Fan matrisasining strukturasiga nazar tashlar ekanmiz, uning paradigma strukturasiga o’xshashligini ko’rishimiz va matrisaning quyidagi elementlarini qayd etishimiz mumkin.
Simvolik umumlashtirishlar. Bu yerda ilmiy guruh a’zolari shak-shubhasiz va yakdillik bilan foydalanuvchi iboralar nazarda tutiladi. Ular formal xususiyat kasb etadi yoki osongina formallashtiriladi.
Zarur qoidalar (yoki metafizik paradigmalar), mazkur fan doirasida tan olingan qadriyatlardir. Aksariyat hamjamiyatlarda birdamlik tuyg’usi aynan qadriyatlarning birligi tufayli yuzaga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |