Teosentrizm nuqtai nazaridan insonning mohiyatini anglab yetish, masalan, qadimgi yunon faylasuflari yoki keyingi materialistik falsafiy konsepsiyalardagi kabi oqilona fikrlash yo’li bilan emas, balki Muqaddas Kitobda ta’riflangan vahiylar yordamida amalga oshiriladi. Bu vahiylarni faqat Injil aqidalariga e’tiqod qilish orqali tushunib yetish mumkin. Teosentrizm nuqtai nazaridan e’tiqod nuridan charog’on bo’lgan aql dunyodagi ilohiy tartibning tarkibiy qismi sanalgan va «Xudoning timsoli» sifatida amal qiladigan insonning o’zini emas, balki uning ba’zi bir jihatlarinigina aniqlashga yordam beradi. Ayni shu sababli xristianlik, Xudoni oliy mohiyat deb e’tirof etadigan va insonga U yaratgan banda sifatida qaraydigan boshqa teosentrik falsafiy tizimlar kabi, insonni Xudoning o’zi singari tagiga yetish mumkin bo’lmagan sir, jumboq deb e’lon qiladi.
Teosentrizm falsafasini boshqa falsafiy nuqtai nazarlar – antroposentrizm va kosmosentrizm siqib chiqara boshlagan Uyg’onish davrida insonga doir qarashlarda jiddiy o’zgarishlar yuz berdi. O’rta asrlarda inson u yoki bu korporasiya vakili sifatida amal qilgan bo’lsa, Uyg’onish davrida u o’zlikni anglash tuyg’usi va ijtimoiy nuqtai nazari o’sishi natijasida o’z manfaatlarini ifoda eta boshladi. Inson shaxs sifatida kamol topdi. U o’zini o’z shaxsiy hayoti va taqdirining bunyodkori sifatida tobora kuchliroq anglay boshladi. Inson mustaqillikka va tabiatni o’ziga bo’ysundirishga harakat qildi, o’z ijodiy imkoniyatlari cheksiz ekanligiga ishona boshladi. Mazkur qarashlar italyan faylasufi Piko della Mirandolaning «Inson qadr-qimmati haqida so’z» deb nomlangan mashhur asarida o’z aksini topdi. Tasviriy san’at, me’morchilik, axloq, estetika, adabiyot va pedagogikani yaxshi tushunadigan har tomonlama komil inson o’sha davrning idealiga aylandi. Uyg’onish davri bu idealga to’la mos keladigan Leonardo da Vinchi, Alberti Bottichelli, Rafael kabi atoqli shaxslarni dunyoga berdi.
O’sha davr falsafasida insonga bo’lgan qiziqishning kuchayishi bilan bir qatorda tabiatga bo’lgan qiziqish ham tiklandi. N.Kuzanskiy, J.Brunoning panteistik konsepsiyalari xristianlar Xudosini siqib chiqara boshladi. Yunonlarning kosmosentrizmi tabiiysentrizm sifatida qayta anglab yetildi. Bunda antik faylasuflarning markazida Yer joylashgan pirovard kosmos haqidagi tasavvurlari cheksiz va markazsiz kosmosga o’rin bo’shatdi.
Bunday kosmos umumiyroq va kengroq tushuncha – «tabiat» bilan tenglashtiriladi. Shundan beri u turli falsafiy tizimlarda faol o’rganiladi. Xususan, Ma’rifat davri falsafasida fundamental tushunchaga aylanadi, Shelling ijodida markaziy o’rin egallaydi, shuningdek ekologiyaga qarab mo’ljal oluvchi ayrim hozirgi falsafiy konsepsiyalarda dunyo va insonni tushunishda tayanch nuqtasi hisoblanadi. Mazkur yondashuvga ko’ra inson tabiatning ajralmas qismi sifatida qaraladi. Bunday qarashlarning izchil tarafdorlari, masalan, XX asrning ikkinchi yarmida rivojlangan ijtimoiy ekologiya namoyandalari e’tiborni haddan tashqari keng qaratadigan tabiatdan uning muayyan qismiga – inson o’z hayot faoliyatini amalga oshiradigan biosferaga qaratish lozimligini qayd etadilar va bunda antroposentristik qarashlardan voz kechib, ularni biosferosentrizm bilan almashtirishni talab qiladilar. Biosferosentrizmda falsafiy tadqiqotlar markaziga inson o’rniga tabiatni qo’yish taklif qilinadi va shu tariqa tabiat inson ehtiyojlari nuqtai nazaridan qaralmaydi, inson mohiyati va uning ehtiyojlari esa tabiiy qonunlarni va biosferaning tadrijiy rivojlanish tendensiyalarini bilish nuqtai nazaridan tadqiq etiladi.
Yangi davrda inson falsafaning diqqat markazidan tushmadi, lekin unga bo’lgan qiziqish asosan, ijtimoiy munosabatlardagi ishtiroki bilan bog’landi. Yangi davrda insonga biluvchi subyekt sifatida yondashildi. Masalan, Dekart insonning mohiyati, o’ziga xos xususiyatini uning tafakkuri, fikrlash qobiliyatida ko’rdi. XVIII asr fransuz materialist faylasuflari (Didro, Golbax, Gelvesiy, Lametri) tabiatshunoslik va mexanika sohasida erishilgan hayratomuz yutuqlar ta’sirida insonning jonini ong bilan, tanasini esa – avtomat, mashina bilan tenglashtirib, uni mexanistik talqin qildilar.
Buyuk nemis faylasufi I.Kant (1724-1804) insonni tushunish yo’lida muhim qadam tashladi. U inson betakror mavjudot va u haqda alohida falsafiy mulohaza yuritish mumkin, deb hisoblar edi. Ayni vaqtda, u «inson uchun maktab bo’lib xizmat qiladigan madaniyat sohasidagi barcha muvaffaqiyatlarning maqsadi o’zlashtirilgan bilim va ko’nikmalarni amalga tatbiq etishdan iboratdir. Ammo bu bilimlar tatbiq etilishi mumkin bo’lgan dunyodagi eng muhim predmet insondir, zero u o’zi uchun pirovard maqsaddir»1, deb qayd etadi.
Dunyoning butun rang-barangligi orasida I.Kant tabiatning turli, lekin bir-biri bilan uzviy bog’langan uch darajasi: notirik tabiat, tirik tabiat va inson tabiatini farqladi. Uning fikricha, bu darajalarning har birida tabiat o’z qonunlariga, chunonchi: notirik tabiat – mexanika qonunlariga, tirik tabiat – maqsadga muvofiqlikka bo’ysunadi, inson tabiati esa erkinligi bilan tavsiflanadi. Ayni vaqtda u inson tabiatini qolgan ikki tabiatga bog’lash va ular orqali bilish mumkin emasligini ta’kidlaydi. Inson tabiatini faqat uning erkinlikdan kelib chiqadigan o’z qonunlariga muvofiq anglab yetish mumkin. Shunday qilib, I.Kant inson tabiatning undagi boshqa jonli va jonsiz obyektlar kabi o’ziga to’q obyekti hisoblanishi haqidagi fikrni ilgari surish orqali insonni o’rganish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi va shu tariqa falsafiy bilimning mustaqil bo’limi sifatida falsafiy antropologiyaning yaratilishiga yo’l ochdi.
I.Kantdan keyin nemis klassik falsafasida inson asosan madaniyat dunyosini yaratuvchi ma’naviy faoliyat subyekti sifatida, umumiy ideal asos – ruh, aql manbai sifatida tushunildi. L.Feyerbax (1804-1872) bu yondashuvga qarshi chiqdi. O’sha davrda obyektiv idealizm falsafasida hukm surgan tushunchalar («g’oya», «ruh»)ga zid o’laroq, u «inson» kategoriyasini ilgari surdi. Feyerbax insonga tarixiy ma’naviy rivojlanish mahsuli sifatida emas, balki avvalo biologik, hissiy-jismoniy mavjudot sifatida yondashib, undagi tabiiy-biologik asosga murojaat etdi. Unda inson Xudo yaratgan banda emas, balki tabiatning bir qismi bo’lib, fransuz faylasuflari qayd etganidek mexanizm emas, balki organizmdir.
Ayni shu sababli Feyerbax falsafasi «antropologik materializm» degan nom oldi. Uning insonga nisbatan yondashuvi shu bilan tavsiflanadiki, insondagi tabiiylik va ijtimoiylik materialistik monizm nuqtai nazaridan tushuntiriladi. Bu inson bir vaqtning o’zida notirik va tirik tabiatning tadrijiy rivojlanishi mahsuli sanalgan biologik mavjudot sifatida ham, mohiyati ijtimoiy munosabatlar bilan belgilanadigan ijtimoiy mavjudot sifatida ham qaralishini anglatadi.
XIX asrdan boshlab Yevropa falsafiy tafakkuri F.Shelling, A.Shopengauer, M.Shtirner, S.Kyerkegor, F.Nisshe, N.Berdyayev, A.Bergson kabi faylasuflarning sa’y-harakatlari bilan inson mavjudligini individual va tarixiy muayyanlashtirish sari yuz burdi. Hayot, sezgilar, xohish-iroda, irrasionallik tushunchalari maxsus falsafiy tahlil predmetiga aylandi va keyinchalik ekzistensializm, intuitivizm va personalizm falsafasida rivojlantirildi.
Xususan, ekzistensializm nuqtai nazaridan obyektiv dunyo – bu avvalo «inson borlig’i» bo’lib, insondan tashqarida dunyo haqida biron-bir gap aytish mumkin emas. Inson borlig’i to’g’risida so’z yuritish o’rinli bo’ladi, chunki inson borliq xususida savollar beradi, uning mazmunini tashkil etgan holda uni boshdan kechiradi, anglab yetadi.
Inson muammosiga qisqacha tarixiy-falsafiy nazar tashlash XX asr boshiga kelib falsafada bilimning yangi mustaqil sohasi – inson haqidagi ta’limot, ya’ni falsafiy antropologiya vujudga kelishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini ko’rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |