Korxonalarda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ishlarni tashkil qilish va uning huquqiy-me’yoriy asoslari
Boshqarishning maqsadi, vazifalari va uslublari
Mehnat muhofazasi o‘ta murakkab tizim bo‘lib, o‘zining maqsadi, vazifalari va ularga erishishning o‘ziga xos xususiy metodlari va vositalariga ega.
Mehnat muhofazasini boshqarish deganda, umumiy holatda, mehnat sharoitini shakllantiruvchi omillar majmuasi ko‘rsatkichlarining ko‘zlangan darajasiga erishish uchun “odam-mashina-ishlab chiqarish muhiti” tizimiga rejali, maqsadli ta’sir ta’sir etish jarayoni tushuniladi [7, 35].
Ma’lumki, ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlarida zararsiz va xavfsiz mehnat sharoitini yaratish ishlab chiqarishni tashkil qilishning o‘ta muhim prinsiplaridan bittasidir. Shu sababli mehnatni muhofaza qilishni boshqarishning asosiy, bosh maqsadi deb ishlovchilarga zararsiz va xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, davolash-oldini olish, sanitar-gigiyenik va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish kabi vazifalar majmuasini yechish asosida ishlab chiqarishda mehnat xavfsizligini ta’minlash, jarohatlanishlar, kasb kasallanishlari, avariya va falokatlarni kamaytirish ishlarini tashkillashtirishni mukammallashtirish deb hisoblash lozim.
Demak, mehnat muhofazasini boshqarish - bu mehnat jarayoni vaqtida ishlovchilarning xavfsizligini ta’minlash, ish qobiliyatini va sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha tashkiliy, texnik, sanitar-gigiyenik, davolash - oldini olish va boshqa chora-tadbirlarni tayyorlash, qabul qilish va amalga oshirish jarayonidir.
Mehnat muhofazasini boshqarishni uzluksiz davom etadigan va ketma-ket amalga oshiriladigan ko‘p bosqichli to‘xtovsiz jarayondir. Bu bosqichlar – mehnat sharoiti ko‘rsatkichlarini baholash, maqsadni shakllantirish va vazifalarni belgilash, reja ishlab chiqish, rejani amalga oshirishni tezkor boshqarish, reja bajarilishi samaradorligini baholash, bajaruvchilarni rag‘batlantirishdir.
Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunning 5-moddasiga muvofiq mehnatni muhofaza qilishni davlat tomonidan boshqarishni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi olib boradi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan berilgan vakolatlar doirasida mehnatni muhofaza qilishni davlat tomonidan boshqarishda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, joylarda esa viloyatlar va Тoshkent shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Bosh boshqarmalari boshqaruv funksiyalarini amalga oshiradi.
Mehnat muhofazasini boshqarish iqtisodiyot tarmoqlarida va obyektlarida tarmog`iy vazirliklar, idoralar, davlat kompaniyalari, konsernlar, birlashmalar tomonidan olib boriladi.
Hozirgi vaqtda sanoat korxonalarida, ayniqsa katta va kategoriyalangan sanoat korxonalarida yetarli darajada aniq shakllangan mehnat muhofazasini boshqarish tizimi mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |