Darak gap. Darak gap xabar berish, biror hodisa yoki dalilni tasdiqlash xususiyatiga ega bo‘ladi: 1. Umrim bo‘yi seni kutarman. 2. Sarvi gulro‘ kelmadi.
Darak gap kesimlikdagi mayl ma’nosiga ko‘ra turlicha bo‘lishi mumkin:
aniq xabar: Bola keldi;
taxmin: Ertaga majlis bo‘lar;
istak: bugun bozorga chiqsam.
Bu qatorni yana davom ettirish mumkin.
Darak gap istakni ifodalaganda, so‘zlovchining taxmin-tilagi haqida xabar beradi. Istak qat’iylashsa, u buyruq gapga aylanib ketadi. Bu bilan darak va buyruq gap bir-biriga yaqinlashadi: Sen borsang – Sen bor.
Darak gapda so‘z tartibi, odatda, buzilmagan, gap esa darak intonatsiyasiga ega bo‘ladi. Shuningdek, darak gapning kesimi ham o‘ziga xos. U so‘roq yuklamasidan xoli va aniqlik mayli shaklida bo‘ladi.
Atov gap va so‘z-gap ham darak tabiatiga ega bo‘ladi: 1. Qish. 2. Ha. 3. Rahmat.
So‘roq gap. So‘roq gapda so‘roq ma’nosiga boshqa ma’no ham qorishgan holda bo‘lishi mumkin:
so‘roqning o‘zi: Halim keldimi?
so‘roq-hayrat: Halim keldimi?
so‘roq-taajjub: Yozda ham shunday yomg‘ir yog‘adimi?
so‘roq-mamnunlik: Halim tugatdimi-a?
so‘roq-gumon: Olib chiqarmikin?
so‘roq-taxmin: Sen Olim emasmisan?
so‘roq-darak: Tugatdimi? (Кo‘rdingmi, tugatdi ma’nosida.)
so‘roq-buyruq: Tezroq jo‘namaysizmi?
So‘roq gap kutilayotgan javobga munosabatiga ko‘ra uch xil:
sof so‘roq gaplar javob talab qiladi: Bugun qayerga borasan?
ritorik so‘roq gap javob talab qilmaydi va mohiyatan darak, shaklan so‘roq gap hisoblanadi: Onani sevmaydigan odam odammi?
so‘roq-buyruq gap so‘roq yo‘li bilan buyurish ma’nosini ifodalaydi: Tezroq kelmaysizmi?
So‘roq gap mazmun hajmiga ko‘ra ikki xil:
1) umumiy so‘roq. Bunda narsa yoki hodisa to‘laligicha aniqlanadi: Bu nima? Bu kitobmi? Bunda javob kesimga tegishli bo‘ladi.
2) xususiy so‘roq. Bunda narsa yoki hodisaning bir tomoni aniqlanadi: Bu qanday kitob? Кitobning varag‘i qancha? Sen qayerdan kelding? Bunda javob so‘roq olmoshi bilan ifodalangan kesimdan boshqa har qanday bo‘lak bo‘ladi.
So‘roq gapda so‘roq ma’nosi quyidagi vositalarga tayanadi:
so‘roq yuklamalari;
so‘roq olmoshlari;
so‘roq ohangi.
Buyruq gap. Buyruq gap tinglovchini biror predmetga biror ishni bajarishga undash, buyurish, qistash ma’nolarini ifodalash uchun xizmat qiladi. Bunday ma’noviy ko‘rinish turli-tumandir. Shunga ko‘ra, buyruq gap o‘z ichida har xil ko‘rinishga ega bo‘ladi.
sof buyruq: Tez bor!
buyruq-qistash: Borsang-chi!
buyruq-iltimos: Menga ham bering.
buyruq-maslahat: Yaxshisi, uyda qola qol.
buyruq-tilak: Yashasin tinchlik.
buyruq-chaqiriq: Olg‘a!
Buyruq gapning bu turlari ohang jihatidan farqlanib turadi.
Buyruq gapning kesimi, odatda, buyruq maylining ikkinchi shaxs, ba’zan uchinchi shaxs shaklidagi fe’ldan bo‘ladi: Bor! Chekilmasin! Кesim birinchi shaxs buyruq maylidagi fe’ldan bo‘lganda, gap ohangidagi qat’iylik uni buyruq gapga aylantiradi: Nomus uchun kurashaylik!
Ba’zi hollarda aniqlik maylidagi yaqin o‘tgan zamon fe’li ham buyruqni ifodalashi mumkin: Qani, jo‘nadik!
Buyruq gap ko‘pincha undalmali va undovli bo‘ladi: 1. Hoy, tezroq yuringlar. 2. Bozor, bu yoqqa kel!
Do'stlaringiz bilan baham: |