Qavatlararo yopmalar va pollar
Qavatlararo yopmalar ham binoning asosiy konstruktiv elementlaridan biri bo‘lib, uning ichki bo‘shlig‘ini balandligi bo‘yicha qavatlarga ajratib turadi.
Binoda joylashgan o‘rniga ko‘ra, qavatlararo yopmalar podval usti ora yopmasi, chordoq ora yopmasi va qavatlararo ora yopmasiga bo‘linadi.
Qavatlararo ora yopmalar va pollar narxi bino umumiy narxining 18-20% ini, ularni o‘rnatishga sarflanadigan mehnat esa 20-25% ni tashkil qiladi. Qavatlararo ora yopmalariga qo‘yiladigan asosiy talablardan biri uning mustahkam bo‘lishi, ya’ni unga ta’sir etayotgan vaqtinchalik yoki doimiy kuchlarga chidamliligi va tashqi kuch ta’siridan qattiq devformatsiyalanmasligidir. Bunday talablar bikirlik orqali belgilanadi.
Qavatlararo ora yopma bikirligi yetarlicha bo‘lmasa u tashqi kuch ta’siridan egilishi va unda yoriqlar hosil bo‘lishi mumkin. Bikirlik kattaligi nisbiy egilish qiymati bilan baxolanib, ora yopma absolut egilishining prolyot o‘lchamiga nisbatidan olinadi. Uni qiymati tom yopmasi uchun 1200 dan, qavatlararo ora yopma uchun 1250 dan oshmasligi kerak.
Podval usti ora yopmasi va chordoq ora yopmasi issiqlikni saqlaydigan bo‘lishi xam lozim. Qavatlararo ora yopmalar bilan ko‘taruvchi devor tutashgan joy konstruksiyasiga aloxida e’tibor berish kerak, chunki e’tiborsizlik bilan tutashtirilgan joyda “sovuq ko‘prik” hosil bo‘lib, bino ishlatilishi davrida ayrim nuqsonlarni keltirib chiqaradi.
Qavatlararo ora yopmalar tovush o‘tkazmaydigan bo‘lishi kerak. Shuning uchun ularda tovush izolatsiyasiga ega bo‘lgan ko‘p qatlamli konstruksiyalar ishlatiladi va asosiy konstruksiyalari tovush chiqarmaydigan yumshoq prokladkalar ustiga qo‘yilgan bo‘ladi. Bundan tashqari, qavatlararo ora yopmalari bino klassiga mos keladigan o‘tga chidamlilik xususiyatlariga ega bo‘lishi ham lozim.
Ma’lum bir vazifaga mo‘ljallangan xona ora yopmalari suv o‘tkazmaslik (sanitariya-texnika kabinasi, hammom, kir yuvish xonasi yopmalari), yonmaslik (yong‘in xavfi bor xonalarda), havo o‘tkazmaslik (pastki qavatlarida laboratoriyalar joylashgan binolar, bug‘xonalar va boshqalar) talablariga javob berish kerak.
Qavatlararo yopma binoning qaysi joyida joylashishidan qat’iy nazar, o‘rnatilishida industrial bo‘lishi va shu bilan birga uning konstruktiv yechimi iqtisodiy jixatdan tejamli bo‘lishi kerak.
Qavatlararo ora yopmalari konstruktiv yechimiga ko‘ra xarili yoki xarisiz bo‘lishi mumkin. Xarili ora yopmalari asosiy ko‘taruvchi element xari hisoblanib, unga qator yotqizilgan taxta, taxta to‘shama va boshqa yopma elementlari o‘rnashtiriladi. Bulardan tashqari, plitali ora yopmalari ham bo‘lib, ko‘taruvchi plita yoki to‘shamalar binoning vertikal tayanchlariga tutashtirilgan rigel yoki to‘singa qo‘yilgan bo‘ladi.
Xarisiz ora yopmalar yopma plitalari vertikal tayanchdagi kengaytirilgan moslama (kopiteli)ga qo‘yilgan bo‘ladi.
Qavatlararo ora yopmalarda yuklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri devor va xariga uzatuvchi ko‘taruvchi elementlar temir-beton, yog‘och va po‘lat to‘sinli bo‘lishi mumkin. Po‘lat to‘sinli qavatlararo yopmalar ishlatish hozirgi qurilishlarda juda ham cheklangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |