Mavzuning dolzarbligi. Erkin bozor munosabatlarining keng ravnaq topishi kishilar hayotida, ularning turmush tarzida, ma’naviy va hayotiy ko’nikmalarida namoyon bo’lmoqda. Amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar davomida, ayniqsa, uning hozirgi bosqichida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, unga keng erkinlik berishga, uning rivojlanishiga to‘siq bo‘ladigan har qanday g‘ov va cheklovlarni bartaraf qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O’zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini mustahkamlash, har tomonlama rivojlantirib borish uchun tadbirkorlikni mukammal egallash, uning sir-asrorlarini puxta o’rganish muhim omillardan biri sanaladi. Xususan, bozor munosabatlariga o’tishni tezlashtiruvchi eng asosiy yo’llardan biri bu kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish hisoblanadi. Shuning uchun ham bugungi kungacha tadbirkorlikni rivojlantirishga, uni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlanishi, xususiy tadbirkorlikka tashabbus ko’rsatish, uni rag’batlantirishga bag’ishlangan bir qancha qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Tadbirkorlikni, ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish davlatimizning iqtisodiy siyosatida strategik vazifaga aylangan davrda ushbu masalalarni o‘rganish o‘ta dolzarbdir.
Ushbu kurs ishining asosiy maqsadi tadbirkorlik faoliyatining mohiyati, maqsadi va bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida amal qiladigan shakllarini batafsil bayon etish, chet el davlatlari va yurtimizda bu sohaning qanchalik ravnaq topganligini, rivojlanish bosqichlarini o’rganish, mamlakatlar iqtisodiyotiga ushbu sohaning ta’sirini baholash hisoblanadi.
1 BOB. Tadbirkorlik faoliyati tushunchasi, uning vazifalari va rivojlanishi
Tadbirkorlik faoliyati tushunchasi
Bozor iqtisodiyotining bosh bo'g'ini tovar ishlab chiqarish va unga asoslangan tovar ayirboshlashdir. Tovar ishlab chiqarish faqat bozor uchun mo'ljallangan moddiy mahsulotlarni yaratish bilan cheklanmay, turli nomoddiy shaklga ega bo’lgan xizmatlarni ko'rsatishni ham o‘z ichiga oladi. Ishlab chiqarish esa tadbirkorlik faoliyati orqali yuz beradi. Tadbirkorlik bozor iqtisodiyotiga xos bo‘lgan maxsus iqtisodiy faoliyat bo‘lib, bu ishlab chiqarishni resurslar bilan ta’minlash, ularning samarali ishlatilishini tashkil etish yo‘li bilan tovar va xizmatlarni yaratish, ularni bozorga yetkazib berish va foyda olishga qaratiladi. Tadbirkorlik mehnat faoliyatining bir turi, lekin o'ta murakkab, xatarli va g'oyat mas’uliyatli mehnat turidir. Shu sababli tadbirkorlik qobiliyati ishlab chiqarishning omillaridan biri hisoblanadi. Tadbirkorlik yollanma mehnatdan farqli o’laroq tovar va xizmatlarni yaratish bilan bevosita shug'ullanmaydi, balki ishlab chiqarishning moddiy va insoniy omillarini birikishini tashkil etish, uning yaxshi natija berishini ta’minlaydi. Tadbirkorlik bozor iqtisodiyotining kategoriyasidir, chunki bu bozor qonun-qoidalariga asoslangan faoliyat hisoblanadi. Buni umumiqtisodiy kategoriya bo'lgan tejamkorlik va ishbilarmonlikdan farqlash kerak. Bular azaldan bo'lgan, ular cheklangan resurslardan yaxshi foydalanib, cheksiz ehtiyojlarni qondirish uchun xizmat qiladi. Biroq bunga har xil vositalar bilan erishiladi. Tadbirkorlik bozor iqtisodiyotiga xos bo'lgan usuldir, chunki bu bozor qonun-qoidalariga asoslanadi, u yaratgan iqtisodiy vositalar yordamida amalga oshadi. Tadbirkorlik maxsus guruhga mansub kishilarning foyda topish borasidagi iqtisodiy xatti-harakatlarini anglatadi. Tadbirkorlik mohiyatan biznesning asosiy turi. Ammo har qanday biznesni tadbirkorlik deb bo'lmaydi. Buning uchun biznes yaratuvchilik belgilariga ega bo'lishi lozim. Biznes keng ma’noda puldan pul chiqarishga qaratilgan faoliyat. Ammo bunday faoliyatda yaratuvchilik bo'lganda tadbirkorlik yuzaga keladi, ya’ni bironta ishga kapital qo'yib, resurslarni samarali ishlatib, tovar va xizmatlarni yaratish tashkil etilganda, buni tadbirkorlik deb aytish mumkin. Agar kapitalning yoki boshqa bir resursning egasi uni ijaraga berib pul topsa-yu, o‘zi hech narsa qilmasdan faqat riskka borish bilan cheklansa, garchi biznes bo’lsa-da, bu yerda tadbirkorlik yuz bermaydi. Kimki moddiy va pul resurslarini tovar va xizmatlar yaratish yo’lida ishlatib bundan naf topsa, bu tadbirkorlik qilgani bo'ladi. Masalan, ba’zi insonlar o‘z pulini bankka qo‘yib foiz hisobidan mo‘may daromad olib boy-badavlat yashaydilar. Ular pul biznesini amalga oshiradilar, lekin tadbirkor bo‘lmaydilar. Bu yerda pulni amalda kapital sifatida aylantirib bundan foyda olgan bank tadbirkorlik qilgan bo‘ladi.
Tadbirkorlik boshqa faoliyat turlaridan o‘zining bir qator belgilari bilan ajralib turadi:
1. Tadbirkorlik muayyan mulkchilikka tayanadi. U bilan shug'ullanuvchilar aksariyat hollarda xususiy mulk sohibi bo'ladilar. Resurslar va yaratilgan mahsulotlar shu mulkka taalluqli bo'ladi. Biroq tadbirkorlik cheklangan tarzda bo'lsada, jamoa-guruh va davlat mulkiga ham tayanadi.
2. Tadbirkorlik pul topishni, ya’ni foyda olib boy bo’lishni ko‘zlaydi, ammo buning uchun kishilarga kerakli tovar va xizmatlarni yaratib, ularni bozorga yetkazib berish talab qilinadi.
3. Tadbirkorlik riskli, ya’ni xavf-xatarli ish bo'ladi, bunda yutish va yutqazish, boy bo'lib ketish yoki sinib bankrot bo'lish ehtimoli yonma-yon turadi.
4. Tadbirkorlik noyob qobiliyat talab qiluvchi faoliyat, u bilan hamma emas, balki saralangan kishilar shug'ullanadi. U maxsus iste’dod va tayyorgarlikni talab qilganidan bu ish bilan faqat qo'lidan kelganlar shug'ullanadi. Odatda tadbirkorlik bilan mehnat yoshidagi aholining 8—10 %i shug'ullanadi, qolganlar yollanib ishlaydi.
5. Tadbirkorlik raqobatbardoshlikni talab qiluvchi faoliyat, u bilan shug'ullanganlar raqobat muhitida ishlaydilar, muqarrar ravishda o'z raqiblari bilan kurashda bo'ladilar.
6. Tadbirkorlikka yaratuvchilik, doimo izlanishda bo'lish, innovatsiyaga (yangilikka) moyillik xos bo'ladi, chunki bularsiz raqobatda g'olib chiqib bo'lmaydi, yangi tovar va xizmatlarni yaratibgina boyish mumkin.
7. Tadbirkorlik sabr-toqat talab qiluvchi faoliyat bo'lib, qo‘yilgan maqsad sari izchillik bilan borishni, shoshma-shosharlikka yo'l qo'yilmaslikni bildiradi.
8. Tadbirkorlik beboshlik emas, balki jamiyatdagi tartib-qoidalarga amal qilgan holda, qonunlarda belgilagan tartibda va ruxsat etilgan ishlar bilan shug'ullanib pul topishni bildiradi.
9. Tadbirkorlik ma’lum axloqiy qoidalarga ega bo'lib, bular yozilgan va yozilmagan axloqiy me’yorlardir. Ulardan biri qonunlarda ko‘rsatilgan bo‘lsa, boshqasi axloq-odob udumlari shaklida bo'ladi. Tadbirkorlik to'g'risidagi qonunlarga ko'ra ruxsat etilgan, ya’ni man etilmagan ish bilan davlat idoralari ro'yxatidan o'tgandan so‘ng va belgilangan tartibga rioya etgan holda shug'ullanish mumkin. Yozilmagan bozor qoidasiga ko'ra tadbirkorda lafz va halollik bo'lishi kerak, buni islom dini ham e’tirof etadi.
10. Tadbirkorlik doimo rivojlanib, yangilanib boruvchi faoliyat. Tadbirkorlikka kirib kelish va uni tark etish birgalikda boradi, tadbirkorlikning yangi va yangi turlari paydo bo'lib turadi. Masalan, uning eng so'nggi turi axborot bozoridagi tadbirkorlik hisoblanadi.
Yuqorida aytilgan belgilar mujassam etilganda tadbirkorlik tizimi hosil bo'ladi. Tadbirkorlik tizimi — bu tadbirkorlikka xos bo’lgan iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlikning huquqiy-tashkiliy jihatlari va unga oid siyosatning yaxlitligi, ya’ni majmuasidir.
Tadbirkorlik faoliyatining tarixi uzoq o‘tmishga borib taqalsada, uning ilmiy tushunchasi VII asrga kelib paydo bo‘lgan va mulkdor degan tushuncha bilan bir xil tushunilgan. Mulkchilikning turli shakllariga asoslangan, raqobatli iqtisodiyot sharoitida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni tashkil etish, boshqarish turli xil shakl va usullarda olib boriladi. Ularning ichida tadbirkorlik faoliyati alohida o‘rin tutadi va bu faoliyat orqali mulkchilikning turli shakllarini iqtisodiy jihatdan ro‘yobga chiqarish ya’ni foyda olish amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunida ta’riflanishicha «Tadbirkorlik faoliyati (tadbirkorlik) tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, o‘zi tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskorlik faoliyatidir»1. Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyati nazariyasining rivojlanishida uch bosqich ya’ni, mazkur sohani ilmiy jihatdan tadqiq etishdagi alohida bosqichlar shartli ravishda ajratiladi. Birinchi bosqich dastlabki bozor munosabatlari shakllanish davri - XVIII asrda paydo bo’lib, u tadbirkor tomonidan amalga oshiriladigan tavakkalchilik jarayonlari bilan bogliq. Aynan iqtisodiyot fanida tadbirkorlik faoliyatiga oid dastlabki tadqiqotlar ham shu davrda R. Kantilon, A. Tyurgo, F. Kene, A. Smit va J. B. Sey asarlarida amalga oshirilgan. Fransuz iqtisodchisi R. Kantilon tadbirkorlikning muhim tavsifiy xususiyatlaridan biri sifatida tavakkalchilikni ajratib ko‘rsatadi. Uning fikricha, tadbirkor - voqea va hodisalami oldindan ko‘ra bilish xususiyatiga ega bo’lgan, o‘z zimmasiga barcha mas’uliyatni olib tavakkal qiluvchi, o‘z xatti-harakatlari tufayli daromad olishga umid qiluvchi va har qanday yo‘qotishlarga tayyor bo’lgan shaxsdir2. R.Kantilondan keyin neoklassik maktab namoyandalari o‘z asarlarida o‘ziga xos tavakkalchilik asosida raqobatlashib, savdo faoliyati bilan shug‘ulanuvchi korxona egasini tadbirkor deb hisoblay boshladilar. Tadbirkorlik faoliyati to‘g‘risidagi nazariyalar rivojlanishining ikkinchi bosqichida tadbirkorlikning asosiy xususiyati sifatida innovatsion faoliyat ajratib ko‘rsatiladi. Bu oqimning asoschisi Y. Shumpeter bo‘lib, uning fikricha, iqtisodiy o‘sishning negizida tadbirkorni ishlab chiqarish omillarining yangi kombinatsiyasini ishlatishga, qo‘llashga bo‘lgan intilishi yotadi va bu intilishning natijasi innovatsiya, yangiliklar hisoblanadi. Mazkur nazariyalar rivojlanishi uchinchi bosqichining asosiy g‘oyasi - tadbirkorning muhim shaxsiy fazilatlari, jumladan izlanish va tadqiqot hisoblanadi. Bu oqim namoyandalari F. Xayek va L. Mizes tadbirkorlikka yangi iqtisodiy imkoniyatlarni izlab topish va tadqiq qilish deb qaraydi, shu bilan birga faoliyati izlanish tarzida kechadigan har qanday shaxsni bo‘lg‘usi tadbirkor deb hisoblashadi. K. Makkonnell va S. Bryu tadbirkorlikka asosida uzluksiz shartlar va talablar yotuvchi muhim faoliyat turi sifatida qaraydilar. Birinchidan, tadbirkor tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish jarayonida ishlab chiqarish omillarini birlashtiradi va «katalizator» vazifasini bajaradi. Ikkinchidan, biznesni yuritish jarayonida u qarorlar qabul qilishdek qiyin bir vazifani zimmasiga oladi. Uchinchidan, tadbirkor - tashkilotchi shaxs bo‘lib, yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy qilib, yangi mahsulotlar ishlab chiqarishga intiladi. To‘rtinchidan, tadbirkor bu tahlikaga boruvchi insondir. U nafaqat o‘z mol-mulki, vaqti, mehnati bilan, balki o‘z sheriklari, aksiyadorlari qo‘shgan mablag‘lar bilan ham tahlikaga boradi3.
Tadbirkorlik faoliyati rivojlanish shart-sharoitlari
Tadbirkorlikning rivojlanishi, o‘z navbatida, bir qator sharoitlarning mavjud bo‘lishini taqozo etib, ular asosida umuman tovar ishlab chiqarishning umumiy ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlari yotadi. Birinchidan, tadbirkor xo‘jalik yuritishda uning biron turini tanlash, ishlab chiqarish jarayonini amalga oshirish, uni o‘zgarishlarga moslashtirish, manbalarni tanlash, resurs topish, mahsulot sotish, ularning narxini belgilash, foydani tasarruf qilish va shu kabilar bo‘yicha ma’lum huquq va erkinliklar mavjud bo’lishini taqozo etadi. Ikkinchidan, tadbirkor ishlab chiqarish vositalariga, ishlab chiqarilgan mahsulot va olingan daromadga mulkchilik huquqiga ega bo’lishi kerak. Tadbirkorlik faoliyati mulkdorning o‘zi tomonidan ham, uning mol-mulki asosida ish yurituvchi subyekt tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin. Uchinchidan, xo‘jalik yuritish yo’lini erkin tanlash, daromadni investitsiyalash imkoniyati va shu kabilarni real ta’minlaydigan ma’lum iqtisodiy muhit va ijtimoiy-siyosiy sharoit yaratishi zarur. To‘rtinchidan, tadbirkorlik mulkchilik va o‘zlashtirish turli-tuman shakllari va turlarining mavjudligini taqozo qiladi. O‘z navbatida mulkchilik va o‘zlashtirish sohalaridagi turli-tumanlilikning o‘zi obyektiv hodisa bo’lib, ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi oqibati sifatida maydonga chiqadi. Beshinchidan, yetarli moliyaviy manbalarga, yaxshi ma’lumot va malakali tayyorgarlikka ega bolish, umumiy tijorat qonunchiligi, soliq bo'yicha imtiyozlar, tadbirkorlik muhiti va uni rivojlantirishda jamiyat manfaatdorligining mavjud bo’lishi tadbirkorlikni rivojlantirishning navbatdagi shart-sharoitlari hisoblanadi. Yuqorida ko‘rib chiqilgan barcha shart-sharoitlar mavjud bo’lgan davlatlarda tadbirkorlik yaxshi rivojlanadi, aks holda faoliyatning bu turi xufyona iqtisodiyot sohasiga o‘tib ketishi ehtimoli ham yuqori bo’ladi.
Hozirgi davrda ishlab chiqarish vositalarining ijtimoiy, umumdavlat maqsadlarida foydalanadigan va nihoyat, jamoa, guruh, xususiy va shaxsiy maqsadlarda ishlatiladigan turlari mavjud. Shunga mos ravishda tadbirkorlikning turli-tuman: davlat, jamoa, xususiy, aralash va boshqa hosila shakllari rivojlanadi. Turli mamlakatlarda davlat korxonalarining huquqiy maqomi turli-tumanligi bilan ancha farqlanadi. Hatto biron-bir mamlakatda barcha davlat korxonalari faoliyatini tartibga soluvchi yagona qonuniy hujjat mavjud emas. Yuqorida kо‘rib o‘tilgan sharoitlar asosida davlat korxonalarini uchta guruhga bo’lish mumkin:
- byudjet korxonalari;
- davlat ishlab chiqarish korxonalari;
- aralash kompaniyalar.
Byudjet korxonalari - davlatning vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda faoliyat ko‘rsatuvchi hamda davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriluvchi xo‘jalik mustaqilligiga ega bo‘lmagan korxonalar. Ular o‘zlarining holati bo‘yicha davlatning ma’muriy boshqarish tizimiga kiradi va biron-bir vazirlik, mahkama yoki mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga bevosita bo‘ysunadi yoki ularning tarkibiy qismi hisoblanadi. Barcha daromad va xarajatlari davlat byudjeti orqali o‘tib, olingan foydasidan soliq to‘lamaydi.
Davlat ishlab chiqarish korxonalari - xo‘jalik faoliyati bilan birga davlat tomonidan belgilangan doirada boshqarish va tartibga solish vazifalarini ham bajaruvchi, alohidalashgan mol-mulkka ega bo‘lgan korxonalar. Bundan ko'rinadiki, davlat ishlab chiqarish korxonalari yoki korporatsiyalari o‘zida tijorat korxonalari va davlat organlari belgilarini mujassamlashtirib, korxonalarning ancha keng tarqalgan tashkiliy, huquqiy shakli hisoblanadi.
Aralash kompaniyalar - davlat va xususiy omonatchilarning aksiyalarini birlashtirish asosida tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlari va majburiyatlari cheklangan shirkatlar shaklidagi korxonalar. Aralash kompaniyalar aksiyadorlik jamiyatlari to‘g‘risidagi qonun asosida ish yuritadi va yuridik shaxs hisoblanadi, xo‘jalik faoliyatida xususiy firmalar bilan barobar tijorat asosida qatnashadi. Shu bilan birga, ular xususiy firmalarga nisbatan ma’lum imtiyozlardan foydalanadi. Bu imtiyozlarga davlat tomonidan moliyaviy yordam va dotatsiyalar berish, chet el litsenziyalarini yengil shartlar bilan olish, boshqa davlat korxonalaridan xomashyo va yarim fabrikatlarni qat’iy belgilangan narxlarda olish, ishlab chiqargan mahsulotni sotish uchun bozor bilan ta’minlanganlik va shu kabilar.
Korxonalarning mulkchilik mavqeidan tashqari xilma-xil tashkiliy-huquqiy shakllari ham mavjud bo‘ladi. Korxonalar xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari, ishlab chiqarish kooperativlari, jamoa korxonalari, ijara korxonalari, xo‘jalik birlashmalari shaklida tuzilishi mumkin.
Kooperativ tadbirkorlik - jamoa mulkiga asoslanib, kooperatsiya a’zolarining uning faoliyatida o‘z mehnati bilan ishtirok etishini taqozo etuvchi jamoa tadbirkorligining alohida shakli. Kooperativ mulkchilikka asoslangan tadbirkorlikning asosiy belgilari quyidagilardan iborat: ishlovchilarning ishlab chiqarish vositalari bilan bevosita qo‘shilishi (xususiy mulkchilikda bunday qo‘shilishda mulkdor, davlat mulkchiligida esa davlat vositachi hisoblanadi); kooperatsiya a’zolarining ishlab chiqarish vositalaridan keng foydalana olishi; ulaming iqtisodiy jihatdan teng huquqqa egaligi; jamoaning o‘zini o‘zi boshqarishni amalga oshirishi; jamoa va shaxsiy manfaatlar uyg‘unligining yuzaga kelishi va h.k.
Xususiy tadbirkorlik alohida shaxs yoki korxona tomonidan xususiy tashabbus asosida tashkil qilinadi. Tadbirkorlikning bu shaklida mulk va ishlab chiqarish natijalari xususiy shaxslarga tegishli bo‘lib, ishlab chiqarishni tashkil qilish yollanma mehnatga asoslanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlik shaxsiy mulkka asoslanadi, ishlab chiqarishni tashkil qilish o‘zi yoki oila a’zolari mehnati asosida amalga oshiriladi. Shaxsiy korxona egasi uning menejeri ham hisoblanib, korxonaning barcha majburiyatlari uchun shaxsiy javobgar bo‘ladi. Xo‘jalik huquqi nuqtai nazaridan yakka tartibdagi tadbirkorlik huquqiy shaxs hisoblanmaydi, shu sababli uning egasi cheklanmagan mas’uliyatga ega bo‘lib, faqat fuqarolardan olinadigan daromad solig‘ini to‘laydi. Bu odatda kichik magazin, xizmat ko‘rsatish sohasidagi korxonalar, dehqon xo‘jaliklari, shuningdek, huquqshunos, shifokor, advokat kabi turli malakali mutaxassislar xizmati ko‘rinishida tashkil qilingan tadbirkorlikdir.
Tabdirkorlik faoliyatini amalga oshirishning muhim shakllaridan biri aksiyadorlik jamiyatlaridir. Aksiyadorlik jamiyati - kapitali qimmatli qog‘oz shaklida rasmiylashtirilgan turli omonatchilarning pul mablag‘laridan tarkib topuvchi korxona. Yirik ishlarni amalga oshirib, katta foyda olish maqsadida bir necha tadbirkorlar o‘zlarining moddiy (ishlab chiqarish vositalari) va pul mablag‘larini birlashtirib ittifoq (jamiyat) tuzadilar. Ular iqtisodiy adabiyotlarda aksiyadorlik jamiyati deb yuritiladi. Aksiyadorlik jamiyatining dastlabki kapitali ichki manba - ta’sischilar kapitali hamda tashqi manba - aksiyalarni sotish orqali jalb etilgan kapitaldan iborat bo’ladi. Shunga ko‘ra, aksiya chiqarish va uni erkin joylashtirish aksiyadorlik munosabatlarining muhim tomonlaridan birini tashkil qiladi. Aksiyadorlik jamiyati ochiq va yopiq ko‘rinishda bo’ladi. Ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati - ishtirokchilari o‘zlariga tegishli aksiyalarni boshqa aksiyadorlarning roziligisiz sotib olish va ularni erkin sotish huquqiga ega bo‘lgan jamiyat. Yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati - aksiyalari faqat uning ta’sischilari yoki oldindan belgilangan boshqa shaxslar doirasida taqsimlanuvchi jamiyat.
2 BOB. Tadbirkorlik faoliyatining shakllarining mamlakatlararo rivojlanish tendensiyalari 2.1. Rivojlangan mamlakatlarda tadbirkorlik faoliyatining ahamiyati
Jahon iqtisodiyoti amaliyotida kichik ishlab chiqarish shakllarining yirik korxonalarga nisbatan umumiy salmog’i, yalpi ichki mahsulot (YaIM)dagi, faoliyat olib borayotgan korxonalar sonidagi ulushi, shuningdеk, bandlikni ta'minlashdagi roli yuqori. Masalan, rivojlangan mamlakatlarda kichik va o`rta biznеsning YaIMdagi ulushi 50 foizdan ortiq, ba'zi mamlakatlarda esa, 60–70 foizgacha. Ularning korxonalar umumiy sonidagi ulushi ba'zi hollarda 95–98 foizgacha, umumiy bandlikdagi ulushi esa, 60-80 foizni tashkil etadi.
Ko‘pgina xorijiy davlatlarda kichik biznes davlat siyosatiga molik kompleks tuzilma bo‘lib, bunda tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish qonun asosiga qo‘yilgan, tadbirkorlar imtiyozli sur’atda kredit resurslari imkoniyatlaridan foydalanadilar. Imtiyozli soliq to‘lash imkoniyatlariga ega ishlab chiqarish, moliya, maorif, bozor infratuzilmasidagi jami afzalliklar va yangiliklardan, o‘zlariga manfaatli bo‘lgan iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashuvchi omillardan foydalanadilar.
Yevropa mamlakatlari orasida ishlab chiqarish yuksak taraqqiy etgan mamlakatlardan biri Italiya bo‘lib, mamlakatida bu boradagi muvaffaqiyatning asosiy tayanchi kichik tadbirkorlik hisoblanadi. Italiya kichik korxonalari bir tarmoq yoki bir turdagi mahsulot ishlab chiqarish atrofida jipslashuvi yoki ixtisoslashuvi bilan mashhurdir. Kichik korxonalarning mahsulot ishlab chiqarish hajmi va o‘sish sur’atlariga ko‘ra, Italiyani faqatgina Gretsiya va Ispaniya bilan tenglashtirish mumkin. Italiyaning xalqaro savdo bozorlarida muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan kichik korxonalari yuqori sifatli tovarlarni eksport qilishi bilan e’tibor qozongan. Italiya kichik korxonalari, odatda, yuqori sifati va dizayni bilan ajralib turadigan tovarlarni ishlab chiqaradi. Ta’kidlab o‘tish joizki, Italiya kichik korxonalari oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa iste’mol tovarlarining eksportida salmoqli o‘rinni egallaydi. Shuningdek ular yarimtayyor mahsulotlar va butlovchi qismlar, stanoklar, to‘qimachilik va teriga ishlov berish, qishloq xo‘jaligi, qadoqlash, yog‘ochni qayta ishlash, keramika va metallga ishlov berish uskunalari hamda “mini” texnologiyalar eksport qilish bo‘yicha ham yetakchilardan hisoblanadi. Shu o‘rinda, Italiya kichik korxonalari bu darajada raqrbatbardoshlikka qanday qilib erishgan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu savolga javobni alohida olingan kichik korxonadan emas, balki ma’lum bir turdagi mahsulotni ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan mehat taqsimotiga ega hamda yagona maqsad yulida uyushgan korxonalar tizimi "klasterlar" yoki "sanoat tumanlari" negizidan topish mumkin. Tadbirkorlar, mutaxassislar va olimlar tomonidan klasterlarga qiziqish kattaligining asosiy sababi ham shunda. Italiyada kichik korxonalar sanoatning bir tarmog‘i yoki bir turdagi mahsulot ishlab chiqarish jarayoniga ixtisoslashuv xususiyatiga ega. Shu bilan birga ushbu tarmoqda tutash sohalarda faoliyat yurituvchi korxonalar ham ixtisoslashuvning kuchayishidan manfaatdor. Bunday ixtisoslashuvni "kichik korxonalarning klasterlari" deb atashadi.
Xususiy tadbirkorlik milliy iqtisodiyot va davlat taraqqiyotiga, shu bilan birga, milliy farovonlikka erishish yo’lidagi ishlar samaradorligiga bevosita ta’sir ko’rsatadi. Bu sohaning afzallik tomoni - moslashuvchanlik, tez orada faoliyat yo’nalishini o’zgartira olish xususiyatidir. Jahon amaliyoti rivojlangan bozor iqtisodiyoti mamlakatlarida kichik biznes ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda, yangi ish o‘rinlarini barpo qilishda, bozor o‘zgarishlariga nisbatan tez moslashishda va mulkdorlar sinfini shakllantirishda alohida ahamiyatga va yuqori samaradorlikka ega ekanligini tasdiqlamoqda. Italiya tajribasi yuksak taraqqiy etgan iqtisodiyotni barpo etish uchun ishlab chiqarishni yirik korxonalar asosida qurishga hojat yo’qligini yaqqol namoyon qilmoqda.
Qisqa muddatda Yevropa iqtisodiyoti asosiy ustunlaridan biriga aylangan Germaniyada o‘tkazilgan qat’iy davlat siyosati natijasida mamlakat iqtisodiyotida kichik biznes rivojlantirildi va urushdan keyingi yillar mobaynida biznes taraqqiyoti 10 % dan 65%gacha yetdi. Germaniyada kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashning davlat dasturiga muvofiq, tadbirkorlarga faoliyatning dastlabki ikki yilida foizsiz kredit beriladi. Keyingi yillarda esa juda past stavkalarda yillik foizlar undiriladi. Shu tariqa tadbirkorlar bepul boshlang‘ich sarmoya bilan ta’minlanadi.
Yana shuningdek, Yapon mo‘jizasi, deb atalgan iqtisodiy shiddat ham davlatning rejalashtirilgan qat’iy siyosati tufayli oyoqqa turib, hozirgi paytda mamlakat yalpi ichki mahsuloti yetishtirishda umumiy foydaning yarmini tashkil eta boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |