1. Temir yetishmovchiligi anemiyasi tushunchasi (TEA).
TEA – temir yetishmovchiligi anemiyasi bu gemoglobin darajasining pasayishi, uning har bir eritrotsitda o’rtacha kontsentratsiyasining kamayishi, umumiy temirni bog’lab olish xususiyati yuqori bo’lgan holda qon zardobi tarkibida temirning past darajada bo’lishi bilan xarakterlanadigan kasallikdir. Temir yetishmovchiligi anemiyasi bolalik davrida eng ko’p uchraydigan anemiya hisoblanadi. Uni chastotasi keng miqyosda o’zgarib turadi va ijtimoiy shart-sharoitga bog’liq.
SHunday ekan, rivojlangan mamlakatlarda yaxshi ta’minlangan oilalar bolalarida temir yetishmovchilik anemiyasi 3% dan oshmaydi, xarobalarda yashayotgan bolalarda esa 44% ga yetadi. Butun jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko’ra rivojlanayotgan mamlakatlarda bolalarning 60% ga yaqini temir yetishmovchilik anemiyasi bilan kasallanadi.
Mamlakatimizning turli xududlarida mazkur kasallikning chastotasi bolalarning 1/4 dan 1/3 gacha tashkil etadi. Temir yetishmovchilik anemiyasi ko’pincha kichik yoshlarda uchraydi. Bundan oldin temir yetishmovchiligining latent davri kuzatiladi. Bu qonda anemiyasiz, gemoglobin miqdori normal ko’rsatkichda bo’lgan holda zahiralarda va qon zardobida temir miqdorining pasayishi bilan xarakterlanadi.
2. Etiologiyasi.
Kasallik bola organizmida juda tez kuchayadigan temir almashinuvining buzilishi natijasida kelib chiqadi. Asosiy sabab bo’lib, o’sayotgan qon hajmi va eritrotsitlar massasining temirga bo’lgan ehtiyoji uning oziq-ovqat bilan qabul qilingan va so’rilgan miqdoridan ancha ko’p bo’lishi natijasida temir zahiralarning kamayishi hisoblanadi. Yetilgan chaqaloqlar organizmida temir miqdori 240 mg atrofida bo’lib, shundan 75% i gemoglobinga to’g’ri keladi. temir miqdori kuniga 4,5 mg ga oshadi va onadan o’tuvchi temir zahirasi asosan homiladorlikning oxirgi ikki oyida yig’ilishni boshlaydi. Homiladorlikning ikkinchi yarmi toksikozida onada anemiya bo’lganda, ko’p homilalikda, homila chala tug’ilganida – uning yetishmovchiligi kuzatiladi. Yetuk tug’ilgan bolalarda temir zahirasi «ortiqcha» eritrotsitlar parchalangandagi temirning reutilizatsiyasi hisobiga to’lib boradi. CHala tug’ilgan bolalarda hayotining birinchi ikki haftasida reutilizatsiya pasaygan yoki umuman kuzatilmaydi. Bir yoshgacha bo’lgan davrda temir zahirasi 400 mg ni tashkil qiladi. Bola ovqatida temir miqdori, uning bir yoshigacha bo’lgan davrida chegaralangan bo’ladi va qon yaratilishi va o’sishidagi ehtiyojni koplamaydi. Ayol sutida temir kontsentratsiyasi, 1,5 mg/l atrofida. Hayvon ozig’idan 13-19% temir so’riladi, shuning uchun faqat ko’krak suti bilan boqish o’sayotgan organizm talabini qondirolmaydi.
Yangi tug’ilgan chaqaloqlarda 80% fetal gemoglobin, 20% yetilgan gemoglobin mavjuddir. Bola hayotining dastlabki 3 oylik davrida fetal Nv butunlay, yetilgan gemoglobinga aylanishi lozim. Bu davrda salgina salbiy omil ham: ovqatlanishning buzilishi, maishiy turmush sharoitlarining o’zgarishi, rejimning buzilishi, infektsiyalar va hokazolar natijasida kamqonlik kelib chiqishi mumkin, chunki ularda gemopoezning buzilishi juda tez kelib chiqishi mumkin, yana shuni ham aytib o’tish lozimki, bolada sabablar bartaraf etilgach, gemopoez tiklanishi ham oson kechadi.
Kamqonlikning kelib chiqishida endogen va ekzogen sabablar mavjud:
Do'stlaringiz bilan baham: |