4-bob. Pedagog xodimning ijtimoiy ximoyasi 18-modda. Pedagog xodimning mehnatiga haq to’lash Pedagog xodimning mehnatiga haq to’lash mehnat shartnomasida nazarda tutilgan funktsional majburiyatlarni bajarganligi uchun amalga oshiriladi.
Pedagog xodimni kasbiy faoliyati bilan bog’liq boshqa qo’shimcha ishlar va majburiyatlarni bajarganligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qo’shimcha haq to’lanadi.
Davlat ta’lim tashkiloti pedagog xodimining bazaviy lavozim maoshi bazaviy hisoblash miqdorining o’n baravaridan kam bo’lishi mumkin emas.
Pedagog xodimning bazaviy lavozim maoshi ta’lim sohasi bo’yicha mutaxassisligi, malaka toifasi hamda ilmiy darajasi, davlat mukofotlari va unvonlari inobatga olingan holda hisoblanadi.
Pedagog xodimdan qo’shimcha pedagogik malakani talab etadigan mehnatning alohida sharoitlarida ishlaganlik uchun bazaviy lavozim maoshiga ustamalar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Respublikaning olis hududlarida ishlaydigan pedagog xodimlarga ustamalar va imtiyozlar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Davlat ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga byudjet va byudjetdan tashqari mablag’lar doirasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ustamalar, moddiy rag’batlantirish va kompensatsiyaning boshqa turlari belgilanishi mumkin.
Nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi pedagog xodimning mehnatiga haq to’lash qonunchilik hujjatlariga muvofiq ushbu tashkilotlarning muassislari yoki vakolatli shaxslari tomonidan belgilanadi.
19-modda. Malakali pedagog xodimni rag’batlantirish Chet tili va fanlarni bilish bo’yicha imtiyoz beriladigan darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo’lgan tegishli chet tili va fan bo’yicha ta’lim beruvchi pedagog xodimlarga, sertifikatning amal qilish muddati davomida bazaviy lavozim maoshining 50 foizi miqdorida har oylik ustamalar to’lanadi.
Ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug’ullanuvchi pedagog xodimning bazaviy lavozim maoshiga quyidagi miqdorlarda har oylik ustama to’lanadi:
fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) (yoki xorijiy mamlakatlarda ularga tenglashtirilgan darajalar) ilmiy darajasiga va (yoki) dotsent ilmiy unvoniga (lavozimga) ega shaxslar uchun – kamida bazaviy lavozim maoshining 30 foizi;
fan doktori (Doctor of Science) (yoki xorijiy mamlakatlarda unga tenglashtirilgan daraja) ilmiy darajasiga va (yoki) professor ilmiy unvoniga (lavozimga) ega shaxslar uchun – kamida bazaviy lavozim maoshining 60 foizi.
Malaka toifasi (lavozim)ga ega pedagog xodimlarga quyidagi miqdorlarda har oylik ustama to’lanadi:
ikkinchi malaka toifasi (katta o’qituvchi lavozimi) uchun – bazaviy lavozim maoshining kamida 20 foizi;
birinchi malaka toifasi (yetakchi o’qituvchi lavozimi) uchun – bazaviy lavozim maoshining kamida 30 foizi;
oliy malaka toifasi (bosh o’qituvchi lavozimi) uchun – bazaviy lavozim maoshining kamida 50 foizi.
Umumiy o’rta, o’rta maxsus, professional va maktabdan tashqari davlat ta’lim tashkilotlarining quyidagi pedagog xodimlariga malaka toifasi (lavozim) to’g’ridan-to’g’ri (attestatsiyadan o’tkazilmasdan) beriladi:
xalqaro fan olimpiadalarida g’oliblik (oltin, kumush, bronza medali)ni qo’lga kiritgan o’quvchilarni tayyorlagan umumta’lim muassasasining pedagog xodimiga – oliy, akademik litsey va kasb-hunar maktabining pedagog xodimiga – bosh o’qituvchi malaka toifasi beriladi;
respublika fan olimpiadalarida va ko’rik-tanlovlarning respublika bosqichida g’oliblikni qo’lga kiritgan o’quvchilarni tayyorlagan o’qituvchilarning malaka toifasi bir pog’onaga oshiriladi.