XULOSA VA AMALIY TAKLIFLAR Men Bitiruv Malakaviy ishimni “Respublikamizning janubiy viloyatlari iqlim sharoitida tutni bargsiz qalamchadan o’stirishni o’rganish” mavzusi bo’yicha ilmiy izlanishlar olib bordim va qilingan natijalar asosida Malakaviy ishimni tayyorladim.
Ushbu ish yuzasidan ma’lumotlar to’pladim va yetarlicha o’rgandim hamda tahlil qilib quyidagi xulosalarga keldim:
Ipakchilikni tobora rivojlantirish, uning oziqa bazasini mustahkamlashda sifatli navdor tutlarni ko’paytirish katta ahamiyatga ega. Shunga ko’ra Respublikamizda tut daraxtlari ekiladigan maydonlar yildan – yilga ortib bormoqda va qarigan tut daraxtlari o’rniga yaxshi oziqa beruvchi buta tutzorlarni tashkil qilish talab qilinadi.
Tut daraxtlarining bargsiz qalamchalarini ochiq yerda ildiz oldirish eng oddiy va iqtisodiy jihatdan arzonga tushadigan usullardan hisoblanib, bir yilda o’z ildiziga ega bo’lgan ekish materiallari ko’chat yetishtirish va ulardan qisqa vaqt ichida oziqa beruvchi tut daraxtlari hamda buta tutzorlar barpo etish mumkin.
Bargsiz qalamchalarning ko’karishi uchun qalamcha tayyorlashga mo’ljallangan ona tutzorni tashkil etish, novdalarni halqalash, qalamchalarni tayyorlash va ularni ekishgacha saqlash, ekish muddati va usuli hamda o’sish davrida parvarish qilish darajasi ta’minlanishi shart.
Qalamchalarni oldindan Halqalash tufayli unda oziq moddalar ko’proq to’planishi, ekilgandan keyin tuproqda ro’y beradigan har-xil noqulay sharoitlarga to’qimalarning chidamligi ortishi, qalamchalar o’zining ko’karuvchanlik xususiyatini uzoq muddat hatto yozning oxirigacha saqlashi va ildiz olish jarayoni o’ziga xos ekanligi amaliy jihatdan isbotlandi.
Bargsiz qalamchalarni erta ko’klamda, yer yetilishi bilan ekish Respublikamizning janubiy tumanlarida fevral oyining o’rtalaridan oxirigacha, o’rta iqlimli yerlarda mart oyining ikkinchi yarmidan va shimoliy tumanlarlarda aprel oyining birinchi va ikkinchi yarmidan keyin ekilsa ularning ildiz otishi yaxshi bo’ladi.
Qalamchalarni yaxshi o’sishi va rivojlanishi uchun organik hamda mineral o’g’itlar bilan oziqlantirilishi tuproqning unumdorlik darajasiga qarab gektariga 120 – 180 kg azot, 60 – 90 kg fosfor va 30 – 45 kg kaliy o’g’itlari solinishi tavsiya qilinadi.
Bargsiz qalamchadan tashkil qilingan buta tutzorlar urug’dan o’stirilganga nisbatan 2 yil oldin hosilga kiradi va tutzorda sarflanadigan harajat deyarli 2 baravar kamayadi hamda barg hosili esa 3 – 4 marta ortadi.
Oziqa tutzorlarni butasimon shaklda o’stirish ko’proq afzalliklarga ega bo’lib, ipakchilik oziqa bazasini qisqa muddat ichida ko’paytirish va ayniqsa navdor tutlardan tashkil qilinadigan keng qatorli buta tutzorlarni qator orasiga muntazam ravishda oraliq o’simlik ekish tufayli mo’l va arzon narxda barg va barg hosilini yetishtirish mumkin hamda pillachilik tarmog’ini rentabellik darajasini oshirishga imkon tug’diradi.
O’ylaymanki mutaxassislik fanlaridan olgan bilimlarim va Bitiruv Malakaviy ishda o’rgangan tajribalarim kelgusida ishlab chiqarishga borganimda soha rivojiga, uning ozuqa ba’zasini mustahkamlashga o’z hissamni qo’shishda katta yordam beradi.