4.2 Issiqxona sharoitida bodring kemiruvchi zararkunandalari va ularning keltiradigan zarari
Adabiy manbalarda qayd qilinishicha O’zbekistonning ko’pchilik xududlarida asosiy zarar yetkazuvchi tunlamlardan kuzgi tunlamdir. Bu borada Toshkent viloyatida ancha oldin kuzatishlar o’tkazilgan. S.Bekmurodov (1963), F.Uspenskiy va boshqalar (1969), O. Muminov (1981) Qoraqalpog’istonda E.Toreniyazov (1989), Xorazm janubida K.Durdiyev (1991) olib borgan ishlar mavjud.
Kuzgi tunlam - Agrotis segetum Den.et schiff Respublikamiz sharoitida hamma joyda uchraydi. Bu zararkunanda 34 oilaga mansub 150 dan ortiq turdagi o’simliklarga zarar yetkazar ekan. Bular ichida g’o’za, beda, pomidor, qand lavlagi, makkajo’xori, g’alla, moyli o’simliklar kuzgi tunlamning eng xush ko’rgan ozuqasidir (Alimuhamedov, Xo’jayev, 1991).
Kuzgi tunlam issiqxonalarda avgust oyining birinchi yarmida paydo bo’lgan.
Bu zararkunanda qurt yoki g’umbaklari bodring ekilgan joylarga go’ng yoki tuproq, kapalaklari esa havo oqimi yordamida kirib kelib, ba’zan yopiq ekosistema ichida tuxum qo’yishi ham kuzatilgan.
O’rganishlarimiz jarayonida shu narsa ma’lum bo’ldiki, kuzgi tunlam qurtlari havo harorati 30-35°S, nisbiy namlik esa 40-50 foiz bo’lganda juda yaxshi ko’paygan. Haroratning pasayib, namlikning oshishi bilan bu zararkunanda populyasiya zichligi keskin kamaya boshlagan. Ayniqsa issiqxonalarda namlikning oshishi va qishda mo’ta’dil harorat (10-20°S) bo’lishi bu zararkunandaning qisman nobud bo’lishiga olib kelgan.
O’tkazilgan tajribalar davrida yopiq ekosistemada bodring bilan u yoki bu darajada oziqlanadigan 6 ta turdagi yer ustki tunlamlari uchrashini aniqlangan. Bulardan karadrina issiqxonada ahyon-ahyonda uchrab tursada keyingi yillarda uning tarqalishi va keltirayotgan zarari yuqori bo’lishi kuzatilgan. Ayniqsa bodring o’simligiga uning zarari benihoya katta bo’lgan. Undan so’ng gamma, beda, metalsimon, serkumfleks tunlamlari hisoblanar ekan.
Kichik quruqlik tunlami (karadrina) Shodoptera exigua Hb.
Karadrina qurtlari o’simlik barglarini zararlaydi. Gamma tunlami, o’tloq parvonasi ham shunday zarar yetkazar ekan. Karadrina havfli zararkunandalardan bo’lib, vaqti-vaqti bilan nihoyatda ko’payib ketishi kuzatilgan. Ayniqsa, Qoraqalpog’iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Samarqand viloyatlarida uning zarari ko’p bo’lgan. Zararkunanda 70 turga yaqin ekinni zararlaydi (Alimuhamedov, Xodjayev, 1990).
Zararlanish hamma joyda ham birdek bo’lmagan. Uning ko’payishiga qarab, doimo yoki ba’zan zararlash darajasi yuqori bo’lishi mumkin.
Karadrina beda, no’xat, jo’xori, lavlagi, dukkakli don ekinlari, g’o’za va boshqa ekinlarni ham zararlagan. Begona o’tlardan sho’ra, qo’ypechak va yantoqni hush ko’radi (Tanskiy, Shamuratova, 1988).
Do'stlaringiz bilan baham: |