Farobiyning hayot yo’li
Abu Nasir Muhammad ibn Muhammad ibn O`zlug` ibn Tarxan Farobiy 260 hijriy (873-874 milodiy) yilda Farob shahrida tug`ilgan.
Farobiynnig shaxsiy hayoti haqida bizgacha juda kam ma`lumotlar yetib kelgan. Bu ma`lumotlardan shu narsa aniqlanadiki, uning otasi turk qabilalaridan (o`g`iz yoki qorliq) bo`lib, u harbiy kishi edi. Iste`dodli va zehni o`tkir bo`lgan Farobiy yoshligidanoq ilm-ma`rifatga astoydil qiziqadi.
Ma`lumki, IX asrlarda, ya`ni Farobiy yashab, ijod qilgan davrda O`rta osiyo to`la Arab xalifaligining bir qismiga aylantirilgan edi. G`oyaviy dunyoda esa islom siyosiy ideologiyasi hukmronlik qilib, maktab, madrasa va maschitlarda asosan arab, fors tillarida yozilgan diniy kitoblar o`qitilar edi.Arab xalifaligining markaziy shaharlari- Bog`dod va Damashqda ilm-fan boshqa shaharlarga nisbatan taraqqiy qiladi. Shuning uchun ham Farobiy boshqa zamondoshlari kabi arab tilini o`rganadi va Bog`dod shahrining yetuk ensiklopedist olim darajasiga ko`tariladi.
IX asrda Bog`dod iqtisodiy, siyosiy, madaniy markazlardan biriga aylangan bo`lib, uning bozorlarida Sharq va arab mamlakatlarilan keltirilgan kamyob mollarni ko`plab uchratish mumkin edi. Bu shaharning kitobxonalarida turli davlatlar va turli tillarda chop etilgan kitoblar ham bor edi. Eng muhimi Bog`dod olimlari, san`atkorlar, tarixchilar to`plangan yirik markaz edi.
Farobiy ko`plab xorijiy tillarni o`rganib, ular orqali Platon Aristotel kabi buyuk mutafakkirlarning ilmiy merosidan bahramand bo`ladi. U matematika, meditsina kabi tabiiy fanlar bilan bir vaqtda filosofiya, logika, siyosat, davlat haqidagi ijtimoiy fanlarning sohalari bilan ham shug`ullanadi va o`zining yuzdan ortiq asarlarini yozib qoldiradi.
Farobiy kamtar, tartinchoq kishi bo`lib, mulki ham, boyligi ham bo`lmagan. U umrini ilm sohalarini o`rganishga, kitoblar yozishga sarflagan progressiv mutafakkir edi.U o`z vatanidan uzoqlashib ketishiga qaramasdan, o`z ona tili – turkiy tilni unitmagan va o`z milliy kiyimida yurgan, milliy odatlarga rioya qilgan. U o`zining yuksak ilmi bilan hammani hayratda qoldirgani uchun ham xalq orasida «mua`limi soniy»,ya`ni «ikkinchi muallim» degan nom bilan mashhur bo`lgan.
Farobiy bizga juda katta ijodiy meros qoldirgan. Bu asarlarning to`liq ro`yxati bo`lmasada, ilmiy adabiyotlarda u 130-160 dan ortiq asarlar yaratgani haqida fikrlar mavjud. Farobiy to`g`risida sharq adabiyotida turli-tuman hikoya, afsonalar mavjud bo`lib, ularning barchasida mutafakkirning o`z zamonasi fanning turli sohalari bo`yicha chuqur bilimga ega bo`lganligi haqida va u juda ko`plab tillarni bilganligi haqida hikoya qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |