O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya
bosh boshqarmasining
buyrug‘i
BOZORLARDA SUT VA SUT MAHSULOTLARINI VETERINARIYA-SANITARIYA EKSPERTIZASIDAN O‘TKAZISh QOIDALARINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2008-yil 25-aprel 20-15-115/11-son]
LexUZ sharhi
Mazkur Buyruq O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasining 2018-yil 12-yanvardagi 5-sonli “Bozorlarda sut va sut mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Veterinariya to‘g‘risida”gi, “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi tug‘risida”gi va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlari talablarini bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli Bayoniga muvofiq buyuraman:
1. Bozorlarda sut va sut mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab 10 kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoidalar tasdiqlanishi munosabati bilan SSSR Qishloq xo‘jaligi vazirligining Veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 1976-yil 1-iyulda tasdiqlangan va SSSR Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya bosh boshqarmasi bilan kelishilgan “Bozorlarda sut va sut mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazish Qoidalari” va 2003-yil 23-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat Veterinariya inspektori
tomonidan tasdiqlangan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi bilan kelishilgan “Bozorlarda sut va sut mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazish qoidalari” O‘zbekiston Respublikasida qo‘llanilmasin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilishni o‘z zimmamda qoldiraman.
Boshliq v.v.b. M.YUSUPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 11-aprel,
71-son
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Davlat sanitariya Bosh boshqarmasining 2008-yil 11-apreldagi 71-sonli buyrug‘i
bilan
“TASDIQLANGAN”
Bozorlarda sut va sut mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazish
Qoidalari
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Veterinariya to‘g‘risida”gi, “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi
Qonunlariga muvofiq, bozorlarda sut va sut mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazish talablarini belgilaydi.
I.
Umumiy holatlar
1. Ushbu Qoidalar bozorlarda sut va
sut mahsulotlarini sotuvchilar, shuningdek bozorlardagi veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyasi veterinariya mutaxassislari uchun qo‘llaniladi.
2. Bozorlarda veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyalarida veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tgan sut va sut mahsulotlari sotishga ruxsat etiladi.
II. Bozorlarda sut va sut mahsulotlarini sotishda sanitariya
va veterinariya qoidalari
3. Bozorlarda xo‘jalikni hayvonlarning yuqumli kasalliklaridan sog‘lomligini tasdiqlovchi veterinariya vrachi (feldsheri) tomonidan bir oy muddatga berilgan ma’lumotnoma (1-ilova) bilan sotish uchun keltirilgan sut va sut mahsulotlari bozorlardagi veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyalarida veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazilib, bozor ma’muriyati tomonidan belgilangan sanitariya-gigiyena qoidalari talablariga javob beradigan savdo joylarida ruxsat etiladi.