O’zbekiston Respublikasi Prizidenti Sh.M.Mirziyoyevning ‘’O’zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora –
tadbirlari to’g’risida’’ gi farmoni
Reja:
Prezident — o‘zbek tili nufuzini oshirish to‘g‘risida
O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Prezident — o‘zbek tili nufuzini oshirish to‘g‘risida
Shavkat Mirziyoyev barcha sohalarda o‘zbek tilidan to‘laqonli foydalanish, lotin yozuviga asoslangan alifboni takomillashtirish va boshqa millat vakillarining til o‘rganishi uchun sharoitlar yaratishning muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida o‘zbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi ta’siri va nufuzini oshirish bo‘yicha vazifalarni sanab o‘tdi. Quyidagi davlat rahbari nutqining o‘zbek tiliga bag‘ishlangan qismini e’tiboringizga havola etamiz.
Qadrli vatandoshlar!
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin.
Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir.
Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar.
O‘tmishda o‘lkamizni bosib olgan turli yovuz kuchlar bizni avvalo o‘z tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinu diyonatimizdan judo qilishga qayta-qayta urindilar. Ular el-yurtimiz boshiga qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi ma’lum.
Ammo jasur va matonatli xalqimiz har qanday og‘ir sinovlarda ham o‘z ozodligi va istiqloli uchun mardona kurashdi. Bu yo‘lda behisob qurbonlar berdi. Har qanday zulm va zo‘ravonliklarga qaramasdan, o‘z ona tilini — milliy g‘ururini saqlab qoldi. Nafaqat saqlab qoldi, balki uni har tomonlama rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi.
Bu borada ma’naviy jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan buyuk arboblarimiz, adib va olimlarimiz, ulamolarimiz, ulug‘ san’atkorlarimizning xotirasini bugun hurmat va ehtirom bilan yod etamiz.
Ushbu qutlug‘ ayyomni bayram qilar ekanmiz, avvalo, 1989 yil 21 oktyabr sanasini — «Davlat tili haqida"gi qonun qabul qilingan kunni eslashimiz o‘rinlidir.
Yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan g‘oyat og‘ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmagan edi.
Qonun loyihasi ikki marta umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan edi. Uning atrofida qanday qizg‘in bahs va tortishuvlar bo‘lib o‘tganini, o‘ylaymanki, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz juda yaxshi eslaydi. Shaxsan men ham o‘shanda bu tarixiy jarayonlarning bevosita guvohi va ishtirokchisi bo‘lganman.
Bu muhim hujjatning qabul qilinishida fidoyi va vatanparvar ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning qat’iy shijoati hamda Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning siyosiy irodasi katta o‘rin tutdi.
O‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi dadil qadam edi.
Bu qonun xalqimizning o‘z taqdirini o‘zi belgilash yo‘lidagi azmu qarorining yorqin namoyoni bo‘ldi. Oradan ikki yil o‘tib, O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi aynan ona tilimizda jahonga e’lon qilindi.
Mamlakatimizning Asosiy qonuni — Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida yaratilishi uning nufuzini yanada yuksaltirdi.
Yurtimiz bo‘ylab va xalqaro maydonlarda ona tilimizda yangrayotgan Davlat madhiyasi ham qalblarimizda Vatan tuyg‘usini jo‘sh urdiradi.
O‘zbek tili o‘tgan yillar davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini o‘zaro bog‘laydigan mehr-oqibat tiliga aylandi.
Bundan besh asr muqaddam hazrat Alisher Navoiy:
«Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam", deb yozgan edi. Ya’ni, ul zot ona tili bayrog‘ini baland ko‘tarib, butun el-ulusni, yurtlarni shu bayroq ostida birlashtirdim, deb iftixor qilgan.
Barchamizga yaxshi ayonki, ona tili — millat ma’naviyatining mustahkam poydevoridir. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oyinai hayoti — bu uning milliy tili va adabiyotidir.
Shu ma’noda dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashni maqsad qilib qo‘ygan har qaysi davlat avvalo o‘z xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga, rivojlantirishga intiladi.
Mustaqillik yillarida ona tilimizni tom ma’noda davlat tiliga aylantirish yo‘lida katta chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu o‘rinda bir fikrga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi kunda Yer yuzida 7 mingdan ziyod til mavjud bo‘lsa, ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini huquqiy jihatdan muhrlab bergan mazkur qonunning xalqimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Bu tarixiy voqeadan so‘ng lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish haqida yana bir muhim qonun qabul qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |