To’rtinchidan, o’tgan yili 1995 yilgacha yurtimizga ko’chib kelganlarga O’zbekiston fuqaroligini to’g’ridan-to’g’ri berish tartibi belgilandi. Bu bilan 50 ming nafardan ortiq shaxslarga fuqarolik olish imkoniyati yaratildi.
Kelgusi yilda bu ishlarni davom ettirib, 2005 yilgacha mamlakatimizga kelib doimiy yashayotgan, fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga ham to’g’ridan-to’g’ri O’zbekiston fuqaroligini bersak, nima deysizlar? Bu o’zgarish bilan yana 20 ming kishi O’zbekiston fuqarosi bo’lish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Bundan buyon yurtimizda 15 yil davomida muqim yashagan fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga to’g’ridan-to’g’ri O’zbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibi joriy qilinadi.
Hurmatli yig’ilish qatnashchilari!
Dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar yaqin-uzoq mintaqalarda kuzatilayotgan ziddiyat va to’qnashuvlar sharoitida biz yurtimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi ishlarimizni yanada jadallashtirishimiz lozim.
Kelgusi yilda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini rivojlantirish bo’yicha islohotlarimizni davom ettiramiz. Xususan, Qurolli Kuchlarimiz qudratini, qo’shinlarning professional va jismoniy salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash hamda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga alohida e’tibor qaratamiz.
Shuningdek, jamoat xavfsizligini ta’minlash, har bir mahallada xavfsiz muhit yaratish bo’yicha yangicha yondashuvlar joriy etiladi. Huquq-tartibot idoralarini aholi osoyishtaligi va fuqarolar manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylantirishga qaratilgan islohotlarimiz izchil davom ettiriladi.
So’nggi yillarda respublikamizda yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar, kuz-qish mavsumida sodir bo’layotgan yong’in va boshqa ko’plab noxush holatlar bu boradagi mavjud tizimni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Yurtimizda barpo etilayotgan ko’plab yirik obyektlar va baland qavatli binolarda yong’in xavfsizligini ta’minlashning yangi tizimini tashkil etish zarur. Shuningdek, sohaning moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini tubdan mustahkamlash lozim.
Shu sababli 2 oy muddatda “Favquloddagi holat to’g’risida”gi Qonun loyihasi hamda yuqorida qayd etilgan muammolar yechimiga qaratilgan Hukumat dasturi ishlab chiqilsin.
Hurmatli senator va deputatlar!
Qadrli mehmonlar!
Kelgusi yilda mamlakatimizning tashqi siyosatini amalga oshirishda quyidagi vazifalarga ustuvor ahamiyat beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |