O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bmt bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi tom ma’noda tarixiy ahamiyatga daxldor bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi tom ma’noda tarixiy ahamiyatga daxldor bo‘ldi. Ushbu nutq Toshkent vaqti bilan yarim tunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilganiga qaramasdan biz ko‘plab hamkasblarimiz bilan birga tinglab, donishmand, jasoratli davlatimiz rahbaridan cheksiz faxr-iftixor his etdik. Darhaqiqat, ushbu tarixiy nutqda ilgari surilgan fikr-mulohazalar, aniq va muhim hayotiy takliflar nafaqat mintaqamiz, balki butun dunyo ahli uchun ham dolzarb ahamiyatga ega. Shuning uchun ham davlatimiz rahbarining chiqishi jahon jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Prezidentimiz so‘nggi yillarda tobora kuchayib, dunyo ahlini tashvishga solayotgan terrorizm va ekstremizm tahdidlari mohiyatini jaholat va murosasizlik tashkil etishini qayd etib, bunday o‘ta xavfli illatga qarshi kuch ishlatish yo‘li bilan emas, balki boshqa omillar bilan kurashish va ildizini qirqishga, birinchi navbatda, yoshlarning ong va tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish orqali kuchli immunitet yaratish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Prezidentimiz o‘z nutqida islom dinining asl mohiyatini nihoyatda teran talqin etib bergani ham alohida e’tiborga sazovordir. BMTning yuksak minbaridan turib birinchi marotaba aytilgan islom dinining ezgulikka va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadigan buyuk din ekanligi haqidagi fikrlar tahsinga loyiq. Shu munosabat bilan bundan ming yillar oldin Markaziy Osiyoda yuz bergan Uyg‘onish davrida yurtimizdan yetishib chiqqan ko‘plab buyuk allomalar va mutafakkirlarning islom dini rivoji va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqidagi fikrlar ham beqiyos ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘sha davrda faoliyat ko‘rsatgan yuzlab, ehtimol minglab ulug‘ allomalar safida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning olamshumul ahamiyatga ega ilmiy-ma’naviy merosi haqida aytilgan fikrlar esa, shaxsan men uchun, ya’ni allomaning hayoti va ijodiy faoliyatini ko‘p yillardan buyon o‘rgangan bir tadqiqotchi sifatida g‘oyatda hayajonli bo‘ldi. “Imom ad-dunyo” (Butun dunyoning imomi) degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgan Imom Buxoriy hazratlari haqidagi muhtaram Prezidentimiz fikrlari dunyo ahli tomonidan alohida hurmat-e’tibor bilan qarshi olindi. Haqiqatan ham islom ta’limotida Qur’oni karimdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan manba – “Sahihi Buxoriy”ga tartib bergan buyuk alloma Imom Buxoriy hazratlarining buyuk xizmatlari Prezidentimiz tomonidan dunyo hamjamiyati e’tiboriga haqli ravishda yana bir bor havola etildi.
Haqqoniy savol tug‘iladi: yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar qanday qilib o‘rta asrlar sharoitida ilmu ma’rifat va ma’naviyatda shu qadar beqiyos yutuqlarga erishganlar? Buning sabablari ko‘p bo‘lsa-da, ulardan eng muhimi, u zotlar Islom dinining asosiy manbalari bo‘lgan Qur’oni karim va janobi Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning hadisi shariflarida keltirilgan ilmu irfon xususidagi ulug‘ g‘oyalarga ixlos bilan qat’iy amal qilganlar. Ular islom diniga ilmiy nuqtai nazardan yondoshib, chinakam ma’rifiy islomni o‘rganib, uni targ‘ib qilganlar, bu dinning sofligi yo‘lida fidoiylik ko‘rsatganlar, har qanday bid’at-xurofot va zalolatga boshlovchi toifalarga qarshi shafqatsiz kurashganlar. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin.
Islom dinining asosiy tamoyillaridan biri ma’rifat. Bu xususda Payg‘ambarimiz alayhissalomning “Afzalukum iymonan, afzalukum ma’rifatan” (Sizlarning iymon-e’tiqodda afzallaringiz, ma’rifatda ham afzallaringizdir) yoki “Al-ma’rifatu – nurul qalbi” (Ma’rifat qalbning nuridir) kabi hadislariga buyuk allomalarimiz og‘ishmay amal qilib, ilmda ham, ma’rifatda ham olamshumul yutuqlarga erishganlar.
Hozir Vatanimizda muborak islom dinining ilmiy-ma’rifiy ta’limotini asrab-avaylash va ilmiy asosda chuqur o‘rganish, dunyo bo‘ylab keng ko‘lamda targ‘ib qilish maqsadida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayotir. Bu ishlar dunyo hamjamiyati uchun ham bir ibrat va namuna desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Aynan shu maqsadda mamlakatimizda ko‘plab ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilayotir. Bu borada Yurtboshimiz nutqida tilga olingan fikrlar dunyo jamoatchiligi va ko‘plab davlatlar rahbarlari tomonidan yuksak mamnuniyat hissi bilan baholanayotgani ham yurtimizdagi ulug‘ va savob ishlarning amaliy e’tiroflari deyish mumkin.