Predmetlar o‘lchamini idrok qilish va taqqoslash. Bolalarga shartli o‘lchovlarni o‘rgatishdan oldin o‘lchovning aniq chiqishiga yordam beradigan quyidagi qoidalarni tushuntirish lozim:
1. Hap doim o‘lchovni eng chekkadan boshlash kerakligi haqida.
2. O‘lchovning oxirini belgilab qo‘yish kerakligi haqida.
3. Predmetning uzunligini o‘lchash vaqtida o‘lchov chapdan o‘nga qarab, eni bilan bo‘yini o‘lchagan vaqt o‘lchov yuqoridan pastga qarab olinishi haqida.
4. Keyingi o‘lchovni oxirgi belgi qo‘yilgan joydan boshlash kerakligi haqida.
5. O‘lchov olayotgan vaqtda albatta uning sonini sanash kerakligi haqida.
Bolalarni uzunlikni o‘lchashga o‘rgatish vaqtida o‘lchovning soniga qarab, lentachalarning uzunligini o‘lchash yoki chiziqchalarda ramka chizishni taklif qilinadi. Bolalar rasmdagi predmetlarning o‘lchamlarini olishga qaraganda, tayyor predmetlarning o‘lchamlarini olish vaqtida uncha qiynalmaydilar. Shuning uchun bolalarga to‘g‘ri o‘lcham olishni o‘rgatish vaqtida tayyor predmetlardan foydalanish kerak. Shuningdek ma’lum sondagi o‘lchovlar ko‘p bo‘lmasligi, ya’ni 5-6 ta bo‘lishi kerak. Kundalik hayotda olib borilgan maxsus mashg‘ulotlar davomida bolalar uzunlik o‘lchashning turli usullarini o‘rganib oladilar. Enini o‘lchashga o‘rgatish vaqtida bolalarga o‘lchovni predmetning ko‘ndalangiga qarab qo‘yganligini tushuntirishning o‘zi kifoya. Predmetning uzunligi va enini o‘lchash vaqtida olgan ko‘nikmalarni balandlikni o‘lchash vaqtida qo‘llaydilar, shuning uchun bu o‘lchovni olishda qiynalmaydilar va birinchi mashg‘ulotdayoq o‘lchovni to‘g‘ri ola boshlaydilar. Tajriba va kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, 6-7 yoshli bolalar uzunlikni o‘lchashni to‘la egallash qobiliyatiga egadirlar. Og‘irlik o‘lchamini bolalar qanday tushunadilar? Kuzatish va bolalarning javobi shuni ko‘rsatadiki, 6-7 yoshli bolalar og‘irlikni tarozi orqali o‘lchash kerakligini biladilar. Xaltacha (qop)larda qancha shakar bor degan savolga bolalar «Uni tarozida tortish kerak» deb javob beradilar. Bu savolga maishiy uy tajribasini ifodalovchi javoblar ham beradilar. Masalan: «Stakan bilan o‘lchash kerak». Bolalar shu narsalarning og‘irligi uning toshi ekanligini bilmaydi. Toshlar katta va kichik, og‘ir va yengil bo‘ladi. Agar bolalarning uzunlik va og‘irlik haqidagi bilimlari taqqoslansa, ularning og‘irlik haqidagi bilimlari ko‘p ekaniga ishonch hosil qilamiz. Bolalarning suyuqliklar sig‘imi haqidagi bilimlari juda past ekanligi aniqlangan. Bolalarning ko‘pchiligi ko‘zadagi sutni qanday o‘lchashni bilmaydi. Ularni «santimetr» bilan, lineyka bilan, gradusnik bilan deb javob beradilar. Bolalarning javoblari ularning suyuqliklarni, sochiluvchi jismlarni o‘lchash haqidagi bilimlari yo‘qligini ko‘rsatadi. Bolalar suyuqliklarni o‘lchash qoidalarini, suyuqlikning o‘lchami nimaligini bilmaydi. Bolalarning hikoyalarida ularning onalari bilan bir litr sut olganliklarini aytadilar, lekin ular litr suyuqliklarning o‘lchov birligi ekanligini bilmaydilar. Turli narsalarni o‘lchay olishga o‘rgatish bolaning aqliy taraqqiyotiga katta ta’sir qiladi. Shuning uchun bog‘chaning katta tayyorlov guruhlarida olib borgan ta’lim-tarbiyalari natijasida ularga uzunlikni o‘lchash, og‘irlikni o‘lchash, suyuqliklarning sig‘imini o‘lchash va ularning o‘lchov birliklari bilan tanishtirib borish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |