8-mavzu
Mavzu : Musiqiy risolalar
Dars rejasi:
1. Sharq mumtoz musiqasining nazariy asoslari .
2. Nasr va nazm tarzida bitilgan risolalar.
3. «Mextarlik risolasi».
4. «Sozandalar risolasi».
Mumtoz musiqa va uning tarqalishi bilan bog`liq bo`lgan kasb-hunar azaldan amaliy va nazariy bilimlarni o`z ichiga oluvchi yagona ilm hisoblangan. Sharq klassik musiqasining nazariy masalalari Forobiy, Ibn Sino, Safiuddin Urmaviy, Abdulqodir Marog`iy, Abdurahmon Jomiy, Najmiddin Kavkabiy, Darvesh Ali kabi ulkan olimlar tomonidan atroflicha o`rganilgan. Ularning asarlari musiqa ilmining poydevorini tashkil qiladi. Risolalarda mumtoz musiqaning ijtimoiy hayotdagi o`rni, tarixiy shakllari, ijrochilik masalalari hamda ular negizidaqi kuy va usul tuzilmalarining tarkib topish qonun-qoidalari batafsil yoritilgan. Nomlari zikr etilgan musiqashunoslarda har birining o`ziga xos tomonlari bo`lishi bilan bir qatorda umumiy qarashlar, vorisiylik rishtalari, izchil an’analar ham yaqqol sezilib turadi. Ular ijodi tabiiy ravishda bir-birini to`ldirib, umuman, mumtoz musiqa asoslariga nisbatan yagona ilmiy an’ana bo`lib gavdalanadi.
Darvesh Ali ijodi ulug` musiqashunoslar silsilasidagi so`ngti halqa. Undan keyin yuzaga kelgan musiqiy risolalarda, ilmiy-nazariy salohiyat tobora pasayib borishi kuzatiladi. Darvesh Alidan so`ng, ya’ni XVII asrning ikkinchi yarmi XX - asrning boshlarida yozilgan manbalarda yuzaki ma’lumotlar, o`tmish mualliflaridan oddiy ko`chirmalar, ilmiy-nazariy qarashlar o`rniga rivoyat va afsonalar ko`proq o`rin oladi. Tarixiy ma’lumotlarning dalolat berishicha, XVII asrning ikkinchi yarmida yuzaga kelgan madaniy-ma’rifiy inqiroz tufayli ko`plab mohir sozanda va musiqashunoslar boshpana axtarib, Movarounnahrdan Hindistonga, Boburiylar saltanatiga safar qilganlar.
Sharq xalqlarida turli kasb-xunar an’analari, siru asrorlari ko`z qorachig`iday asralib, avloddan-avlodga o`tib, e’zozlanib kelingan. Shu bois kasb-xunar risolalari mazkur an’analar, ijtimoiy qarashlar, mafkuraviy, axloqiy qoidalarning majmuidir. Ilmiy yo`nalishda risolalarning shakllari turlicha bo`lib, birgina musiqa soxasini oladigan bo`lsak, yozma risolalar nasr va nazm tarzida bitilganligini kuzatamiz. Abdurahmon Jomiy va Darvish Ali Changiyning musiqiy risolalari nasrda bitilgan bo`lsa, Kavkabiyning O`n ikki maqom xaqidagi risolasi nazmda yaratilgan. Bunday misollarni ko`plab keltirish mumkin. Yodoki ya’ni og`izdan-og`izga o`tib yuruvchi risolalar, muxtasar, ommabop tarzda bo`lib, ular xalq tilida «Mextarlik risolasi» deb ham yuritilgan. Masalan; Xorazm sozandalarning «Mextarlik risolasi» xaqidagi ma’lumotlarni mashxur Bola baxshi (qurbonnazar Abdullayev), mang`itlik Tursun baxshi Jumaniyozov va boshqa keksa sozandalar xotirasida saqlagan risolalar quyidagicha. Ayniqsa, Tursun baxshi bayon etgan risola ta’rifi diqqatga sazovordir. Ustoz va xonandalarning ta’rifiga ko`ra sozanda va xonanda uchun muximshart-xunarga xalol xizmat qilish, imonli, e’tikodli bo`lishdir. Zero soz Allox tomonidan bandalariga karomat bilan inoyat qilingan. Ulug` narsalardan biridir.
Risolaning mazmuni quyidagicha: Ollox taolo Odam Ato tanasini loydan yasagandan keyin elchi farishta xazrati Jabroil, olamni xarakatlantiruvchi farishta xazrati Mikoil, oxiratda karnay chaluvchi, bo`ron farishtasi xazrati Isrofil, jon oluvchi farshita xazrati Azroilga vujudga jon kirgizishni topshirgan . Odam ichining qorong`i-zimistonligidan jon u yerga kirishidan bosh tortadi. Farishtalar ko`p va xo`b o`ylashib, oxiri jonni antiqa yo`l bilan odam vujudiga kiritishga qaror qilibdilar. Ular jannatdan tut yoqochini g`olib chiqib, Jabroil tanbur, Mikoil dutar, Isrofil nay, Azroyil g`ijjak asboblarini yasabdilar, lekin qancha urinishmasin, cholg`ulardan tovush chiqara olishmabdi. Forishtalar charchab, uxlab qolibdilar. Ularning xatti-xarakatini naridan kuzatib turgan Shayton, bari bir men aralashmasdan xech ish chiqmas ekan deb, tanbur, dutor va g`ijjaklarning quloqlaridan pastiga bir donadan cho`p qistirib, nayning teshiklari yonidan yana bir teshik ochadi («shayton xarrak» va «shaytan teshik» iboralari ana shu kundan qolgan.) «Shayton xarrak» barcha torli sozlarda ularning quloqlaridan pastroqqa o`rnatiladigan, torlarni ko`tarib turuvchi cho`pdir. Mazkur cho`p torlarni dasta yuzasiga tegib, siqilib qolishdan asraydi va jaranglashini ta’minlaydi. Shuningdek, shayton surnay «bachka»sini ham yasab, o`rnatgan ekan.
«Bachka»- surnay yasalgan yog`ochga mos keladigan boshqa xil mevali daraxt yog`ochidan ishlangan ichi teshik, ostki va ustki yonlaridan bittadan teshik ochilgan naychadir. «Bachka» surnayga kiygizilganda uning yon teshiklari, surnayning bosh barmoq va ko`rsatkich barmoq bilan bosiladagan yuqori teshiklariga to`g`ri kelishi kerak, aks xolda oxang mutanosibligi va yuqori pardalardagi xushsadolikka putur yetadi. O`tmishdan rivoyat qilishlaricha surnay asbobiga shayton aralashgani uchun uni chalish va eshitish gunox hisoblangan. Lekin xazrati Dovud tomonidan surnayga temirdan milni yasab o`rnatilgandan keyin bu cholg`u xalol deb topilgan.
Bir payt to`rtala farishta uyg`onib qarashsa, cholg`ular qo`l tekizishga maxtal bo`lib turgan emish. Shundan keyin xazrati Jabroil latif nag`ma o`ylab topadi va uni farishtalar bilan jo`rlikda chalib, joni Odam ato vujudiga kiritgan ekanlar. Ushbu voqeadan keyin nag`maning piri xazrati Jabroil xisoblangan. Undan tashqari temirchilar piri xazrati Dovud, uning xar bolg`a urishidan yangi nag`ma paydo bo`lar ekan va 360 ta nag`masi borligi ta’riflanadi. Nafasi o`liklarga jon bag`ishlovchi xazrati Iso, ezgu ishlarni amalga oshiruvchi va adolatparvar kishilar xomiysi Xo`jayi Xizr, yuqorida muborak nomlari keltirilgandan bulardan tashqari, musulmon payg`ambarimiz va pirlaridan Muhammad alayxissalom va uning choriyorlari - Abu Bakr, Usmon, Umar, Ali, afsonaviy qaxramonlar - Jamshid, Rustam, Suxrob, dostonlar qaxramonlari - Bobo qo`rqut (Dada qo`rqut), Oshiq Oydin pir, Go`ro`g`li, Oshiq Garib, Mulla G`oyib va boshqa juda ko`plab mo`tabar va tabarruk pirlar sozandalik va baxshilik xunari rivojini ta’minlar ekanlar. Shu sababdan ham ularga sig`inish va pir-ustod deb bilish sozandalik risolasida og`zaki muxrlangan qonun bo`lgan. Bu qonunga amal qilish esa ustozdan - shogirdga, avloddan-avlodga o`tib kelgan.
Turkman shoiri Mulla G`oyib o`zining quyidagi she’rida sozandalar risolasi mazmunini ixcham qilib mujassamlashtirgan: quyidagicha bayon qilgan.
Sozbilan suxbatni yolg`on demanglar,
Odam Ato paydo bo`gonda bordur.
Xobil-qobil onasining qorninda
Alar ham dunyoga kelanda bordur.
Shaytonni quvdilar jannat uyinnan.
Xar kim topar o`z fe’linnan xulqinnan,
Xudo, o`zing saqla xazon suvinnan,
No`vni gamasina dushganda bordur.
Mulalar jam bo`lib topmadi dalil,
Man sanga sig`indim yo Rabbim Jalil,
Ismoil payg`ambar Ibroxim Xalil,
Makka Madinani qurganda bordur.
Mullolar jam bo`lib ketdilar xama,
Xazoron demakni ma’nosi nima,
Podsho bo`lib o`tdi, shoxu Jam Jama,
Dunyoning lazzatin totganda bordur.
Bu dunyoga keldi kimki sarishta,
Odam o`qli xar qaysisi xar ishda,
Xorud, Morud odli ikki farishta,
Bobilning choxina tushganda bodur.
Muxammad payg`ambar din yo`lin ochdi,
Bilol azon aytdi. kofinlar qochdi,
Abu Bakru Umar, Usmon yetishdi,
Ali Zulfiqorin cholganda bordur.
Egam uchun Iso osmonda qoldi,
Iskandar Zulkarnayn dunyoni oldi,
Musoning xassasi ajdaxo bo`ldi,
Nasimiyning po`stin so`yganda bordur.
Xazrati Dovudning qirq o`g`li bo`ldi,
Manmanlik ayladi barchasi o`ldi,
qirq o`g`il o`rniga bir o`g`il ko`rdi,
Dovudning qirq o`g`li o`lganda bordur.
Dog`larning boshinnan getmas dumoni,
Bir kun bo`lar yaratganning farmoni,
Ma’diy kelib olur yoxti jaxonni,
Ali yoqasinnan tutganda bordur.
Mullo g`oyib aytar Xizrdur pirim,
Pirim Shoximardon Ali dasturim,
Sulton Xusayn podsho mir Alisherim,
Dunyoning to`zinin tutganda bordur.
Mullo G`oyib xaqida turkman va o`zbek xalq og`zaki ijodida doston ham yaratilgan. Xodi Zarif 1934 yil uni Fozil Yo`ldosh o`g`lidan yozib olgan. Bundan tashqari, bu xaqda bir qancha rivoyatlar ham bo`lib, shulardan birida aytilishicha, Xusayn Boyqaro hamma sozanda va baxshilarni, ularga qarata: «Sizlarning el ichida qilib yurgan sozu suxbatlaringiz bari yolg`on, ular foniy dunyoning aldamchi maxsullaridir, yolg`onni targ`ibot qiluvchilar shuning uchun sizlar jazoga maxkumsizlar. Agar sozu suxbat rost bo`lsa belgilangan muxlat ichida isbot qilasiz, bo`lmasa xammangiz qatl qilaman»-deb farmon beribdilar. Belgilangan muddat tugagach, Mulla g`oyib o`rtaga chiqib, oldin sozandalar risolasini bayon qilib, so`ngra yuqoridagi she’rni kuyga solib aytibdi. Shu yerda Xusayn Boyqaro, Mir Alisher Navoiy va boshqa a’yonlar ushbu isbotni eshitib qo`llarini duoga ochib: «Mana shu qo`shiq bilan to`y boshlagan baxshi, sozanda va xonandaning topgani xalol bo`lsin» - deb fotixa beribdilar. Podsho o`z farmonini bekor qilibdi. «Sozandalar risolasi» va uning mazmuni aks etgan she’rning ijrosi butun san’at axlini xalovatdan saqlagan ekan. Buning qanchalik to`g`ri yoki noto`g`riligidan qat’iy nazar hofiz, baxshi va sozandalar uchun qonun vazifasini bajarganligi yuqoridagi rivoyatda ham o`z aksini topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |