IV bob. Ta‟lim muassasalarining o‟quv va o‟quv-ishlab chiqarish ustaxonalardagi jihozlarga qo‟yiladigan xavfsizlik talablari:
- O‘quv va o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalarida qo‘llaniladigan texnika, mexanizm va uskunalarning konstruksiyasi va texnik holati quyidagi talablarga javob berishi lozim:
mashina va mexanizmlarning turli tizim va qismlarining texnik holati uni ishlab chiqargan zavod tomonidan qo‘yilgan texnik ko‘rsatkichlariga va ishlatish bo‘yicha yo‘riqnomasida keltirilgan texnikaviy tavsiflar talablariga to‘la mos kelishi;
mashina va mexanizmlarning barcha harakatlanuvchi hamda aylanuvchi qismlari (kardan, zanjirli, tasmali, tishli uzatmalari va boshqalar) va boshqa xavfli zonalari xavfsizlikni ta‘minlaydigan himoya to‘siqlari bilan to‘silgan bo‘lishi;
mashina va mexanizmlardagi xavfli zonalar to‘g‘risida ogohlantiruvchi yozuv va belgilarning bo‘lishi.
O‘quv va o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalarida barcha mashina va mexanizmlarda, ishlab chiqargan zavod yo‘riqnomasida berilgan ro‘yxatga asosan, soz va to‘plamdagi asbob-uskunalar to‘liq bo‘lishi shart.
O‘quv va o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalarida mashina va mexanizmlarning konstruksiyasiga ishlab chiqargan zavod yo‘riqnomasida ko‘rsatilgandan tashqari qo‘shimcha jihozlar, ishchi qismlar va boshqa o‘zgartirishlar kiritilishi taqiqlanadi.
Chilangarlik ishlarida xavfsizlikni ta‘minlashda asbob-uskunalarni to‘g‘ri tanlash, texnik holati soz va ularni ishlatish qoidalariga amal qilish lozim.
Zarb beriladigan asboblar (zubilo, teshib o‘tgich, kern va boshqalar) yoriqlarsiz, g‘adir-budurlarsiz, parchinlab ulangan joylarisiz tekis qismga ega va qiyshaymagan bo‘lishi kerak. Ularning ishlatiladigan uchlari shikastlangan bo‘lmasligi kerak.
Zubilo 150 mm dan kalta bo‘lmasligi, uning tortilgan qismining uzunligi 60–70 mm bo‘lishi kerak. Zubiloning o‘tkir uchi 65°–70° burchak ostida charxlangan, kesuvchi qirrasi to‘g‘ri yoki salgina do‘ngroq chiziq ko‘rinishida bo‘lishi, shuningdek qo‘l bilan ushlanadigan joydagi yon chekkalarida o‘tkir qirralar bo‘lmasligi kerak.
Chilangarlik bolg‘alari va boshqa zarb beriladigan asboblarning dastalari qattiq va qayishqoq (qizil, qora qayin, yong‘oq, grab, qayin va boshqalar), ko‘z va buralmalarsiz, silliq yuzali quruq yog‘ochdan yasalgan va po‘lat ponalar bilan ponalangan bo‘lishi kerak. Yumshoq va yirik qatlamli daraxt turlari (archa, qarag‘ay va boshqalar)dan yasalgan dastalardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Dastalar to‘g‘ri bo‘lishi ko‘ndalang kesimida esa oval shaklga ega bo‘lishi kerak.
Yog‘och dastalarni kiydiriladigan o‘tkir uchlari bo‘lgan egov, shaber va boshqa asboblarni dastasiz ishlatish taqiqlanadi. Dasta darz ketmagan va silliq bo‘lishi, uning bo‘yni metall halqalar bilan mahkamlab qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
Metallarni asboblarda kesishda himoya kuzoynaglaridan foydalanish kerak.
Verstakga teshikning diametri 3 mm dan katta bo‘lmagan va balandligi 800 mm bo‘lgan himoya to‘ri qo‘yilishi lozim.
Barcha qo‘zg‘almas uskunalar, agregat va dastgohlar ishlab chiqargan zavod ko‘rsatmasiga binoan mustahkam asoslarga yoki poydevorlarga o‘rnatilishi lozim.
Barcha aylanuvchi va harakatlanuvchi qismlar (vallarning chiqib turgan uchlari, harakat uzatuvchi tasmalar va boshqalar) to‘silgan bo‘lishi kerak.
To‘siqlar mustahkam, yengil, ishonchli ravishda mahkamlangan bo‘lishi va qisib qoluvchi tirqishlari, kesib oluvchi va o‘tkir burchaklari bo‘lmasligi kerak. Og‘irligi 5 kg dan ortiq bo‘lgan to‘siqlar ushlash uchun qulay dastaklarga ega bo‘lishi kerak.
O‘zidan chang va har xil qirindilar chiqaruvchi ishlab chiqarish uskunalari zichlab berkitilishi va chang havoni so‘rib oluvchi moslamalari bilan ta‘minlangan bo‘lishi kerak.
Qayta ishlov beruvchi asbobni kesuvchi qismining (arra pichoq, freza va boshqalar) hududida blokirovka qilingan qo‘zg‘almas to‘siq bo‘lishi lozim.
Arralovchi ramaga 70 mm dan kichik kenglikdagi arra qo‘yilishiga ruxsat etilmaydi. Disk arralarining va arra polotnosining yon tomondagi yuzasi tekis va yoriqsiz bo‘lishi lozim.
Ko‘p shpindelli parmalash dastgohlarida parmaning to‘siqlaridan asbobning ishchi qismi ko‘rinadigan bo‘lishi lozim.
Uzatish mexanizmlarini yuboruvchi qismlari (zanjirlar, itaruvchi tirgovichlar, gusenisalar, ushlab oluvchilar, siquvchilar va boshqalar) ishonchli ushlab qolish va siqishni ta‘minlashi kerak.
Frezer, fugoval, lentali arra, dumaloq arra, murakkab va boshqa yog‘ochga qayta ishlov beruvchi dastgohlari mexanik uzatkichga ega bo‘lmasa, avto uzatuvchi bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
Dastgohni harakatlanuvchi qismlari (karetka, aravacha, salazka, ramka, stolni supporti) belgilangan chegaradan chiqib ketmasligi uchun unda tirgovuchlari yoki harakatini chegaralovchi o‘chirgichlari bo‘lishi lozim.
Ishlab chiqarish xonalarida va ish joylarida ishlab chiqarish uskunalarini joylashtirilishi xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun xavf tug‘dirmaydigan bo‘lishi lozim.
Yog‘och va metallga ishlov berish ustaxonasida sun‘iy yoritilganlik darajasi lyuminessent lampa –
300 lk, cho‘g‘lanma lampa – 200 lk, tikuvchilik ustaxonasida lyuminessent lampa – 400 lk, cho‘g‘lanma lampa – 300 lk bo‘lishi lozim.
Yog‘ochga ishlov berish mashg‘ulotlari o‘quv muassasasining tegishli ustaxonasida o‘tkaziladi. Unda har biringizga doimiy ish o‘rni, ya‘ni xonaning dastgoh o‘rnatilgan muayyan qismi ajratiladi (1- rasm).
Har bir ish o‘rni o‘rindiqlar bilan jihozlangan bo‘lishi zarur. Ish o‘rni maxsus moslamalar: tumbochka, suriluvchi quti, shkaf, asbob-uskuna uchun javon, himoya ko‘zoynagi, chizmalar va h.k. bilan jihozlanishi hamda ularning ish o‘rnidan tashqariga chiqib turmasligi ta‘minlanishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |