8-ma’ruza
Tilshunoslik oqimlari.
R е j a
1. XX asr tilshunosligi va uning o’ziga xos xususiyatlari.
2. Naturalizm oqimining vujudga kelishi.
2. Psixologizm oqimi haqida.
4. Yosh grammatikachilar haqida.
Hind-Yevropa tilshunosligining XIX asr davomida va XX asrning boshlardagi taraqqiyoti davrida bir qancha yo’nalishlari maydonga keldi. Bular: naturalizm, psixologizm, yosh grammatikachilar va boshqalar.
Naturalizm oqimi XIX asrning o’rtalarida Yevropa tilshunosligida o’ziga xos xususiyatlariga ega bo’lgan oqim sifatida maydonga keldi. Ushbu oqim adabiyot va san’at sohasida ham yuzaga keldi.
Adabiyot va san’atdagi naturalizm uchun mazmun hisobiga sof tashqi tomonlargagina e’tibor berish xarakterli bo’lsa, tilshunoslikdagi naturalizm uchun tilni tabiiy, jonli organizm deb izohlash xarakterli edi.
Demak, tilshunoslikdagi naturalizm tilga o’simlik va hayvonot olamiga xos bo’lgan xususiyatlarni tashuvchi biologik hodisa deb qarashdir.
Naturalistlar tilning mohiyatini tushuntirishda diniy, idealistictik prinsiplarga tabiiylik, moddiylik prinsipini qarama-qarshi qo’ydilar.
Shu jihatdan naturalizm oqimi tilsunoslik tarixi uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Bu oqimning mashhur namoyndasi nemis olimi A.Shleyxerdir.
Avgust Shleyxer (1821-1868) Germaniyaning Tyuringiya viloyatida vrach oilasida tug’ildi.
U slavyan- boltiq tillari sohasidagi tadqiqotlari uchun 1858- yilda Rossiya Fanlar akademiyasining korrespondent a’zoligiga saylandi.
Umrining oxirgi yillarini Shleyxer Ien shahrida fan bilan shug’ullanib o’tkazdi.
Shleyxer tilsunoslikni nemis, slavyan, boltiq tillari bo’yicha yozgan ilmiy asarlari, nazariy tadqiqotlari bilan boyitdi, qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning songgi 40 yil davomida erishgan yutuqlariga yakun yasadi. U tillarni qiyoslaganda tovushlarning qonuniy o’zgarishlariga e’tibor berishni talab qilib, qiyosiy-tarixiy tadqiqotning aniq metodini yaratishga yordam berdi.
Shleyxer Hind-Yevropa tillarining taraqqiyotini “shajara daraxti” sxemasi orqali ko’rgazmali ravishda tushuntirdi. Uning “shajara daraxti” haqidagi va barcha HInd-Yevropa tillarining bitta “bobo til” dan tarqalganligi haqidagi nazariyalari xuddi ana shu Gekkel nazariyalarini eslatadi. Shleyxerning taxminicha, qachonlardir Hind-Yevropa bobo tili mavjud bo’lgan, uning bo’linib ketishidan hozirgi Hind-Yevropa tillari kelib chiqqan.
Keyinchalik “ichki” va “tashqi” lingvistika deb tillarga sinxronik va diaxronik jihatdan yondoshish deb nomlangan g’oyalar ham aslida Shleyxerning ilmiy faoliyati mahsulidir. Uningcha, tilshunoslik tillarning tuzilishini, turli morfologik tiplarning strukturasini, ularni sinxron va tarixiy planlarda qiyoslashlarni, vaqt o’tishi bilan ularning o’zgarishlarini o’rganish lozim. Ammo u “til organizmlari”ning ma’lum maqsadda qo’llanishini lingvistikadan chiqarib, filologiya sohasiga taalluqli deb hisobladi.U filologiya an’anaviy yo’sinda yozma yodgorliklarni tekshirish bilangina emas, tilning ma’lum ijtimoiy sharoitdagi funksiyasiga aloqador bo’lgan barcha xususiyatlarni ham o’rganishi lozim deb biladi. Shunday qilib, “ichki” va “tashqi” lingvistika masalasi o’ziga xos tarzda o’rtaga tashlandi. Shlayxerning nazariyasidan ichki lingvistika fonetika va morfologiya bilan shug’ullanishi lozimligi ko’rinsa ham, ammo tashqi lingvistikaning vazifasi nihoyatda keng va noaniq bo’lib qoldi. So’ngra bu ikki soha o’rtasida turuvchi oraliq hodisa ham borligi e’tirof qilindi. Bunga u “filologiyaga tomon og’uvchi” sintaksisni kiritdi.
Shleyxer asosiy e’tiborini tillarning formasiga yo’naltirgani uchun, formaga qarab tillarni tabiiy fanlardagi kabi aniq sistemalashtirish, sinflarga bo’lish mumkin deb hisobladi. U tillarning ikki xil klassifikatsiyasini belgiladi: 1) tipologik klassifikatsiya. 2) genealogik klassifikatsiya.
Shleyxer so’z tuzilishi va ularning gapdagi o’zaro munosabatini ifodalash vositalari tipi jihatidan, ya’ni morfologik xususiyatlariga ko’ra, tillarni uch guruhga bo’ldi.
Ajratuvchi tillar.
Biriktiruvchi tillar.
Flektiv tillar.
Uning fikricha, ajratuvchi tillarda so’z formalari yo’q, shunga ko’ra gap yo faqat o’zgarmaydigan o’zaklardangina tuziladi yoki o’zaklarning yordamchi so’zlar bilan birikishidan iborat bo’ladi.
Bu tillarni A. Shleyxer tillarning eng arxaik ko’rinishi deb hisobladi.
Naturalizmning tilshunoslikka qo’shgan muhim ijobiy hissasi shu bo’ldiki, u tilga tabiiy-materialistik qarashni olib kirdi, tilni qismlari bir-biri bilan uzviy bog’langan, o’z ichki qurilishiga ega bo’lgan sistema deb tushunishning mustahkamlanishiga yordam berdi.
Naturalizm o’sha davrda tilshunoslikning boshqa bir yo’nalishi tomonidan qattiq tanqid ostiga olindi. Bu yangi oqim qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning psixologik yo’nalishdagi maktabi edi.
Psixologizm tilni xudoning yo odam ruhining ifodasi, ko’rinishidir deb tushuntiradi. Til go’yo sof psixik hodisadir.
Psixologizm tarafdorlari o’z qarashlariga Gerbartning assotsiativ psixologiyasini (ya’ni hodisalarning kishi psixikasida bir-birlarini eslatshi haqidagi ta’limotini ) asos qilib oladilar.
Psixologizm oqimining Yevropadagi eng ko’zga ko’ringan namoyondasi G. Shteyntal, Rossiyada esa A.A.Potebnya edi.
Geyman Shteyntal (1823-1899), bir tomondan , mantiqiy grammatika yaratishga urinishlarni, ikkinchi tomondan esa Shleyxerning biologik naturalizmini tanqid qildi va V.Gumboldtning til falsafasiga suyanmoqchi bo’ldi, ammo ko’p jihatdan u mustaqil ish tutdi.
G.Shteyntalning muhim asarlari shular: “Grammatika, mantiq va psixologiya, ularning prinsiplari va o’zaro munosabatlari” (1856), “Psixologiya va tilshunoslikka kirish”(2-nashri,1881), “Tilning paydo bo’lishi”, “Tillarning klassifikatsiyasi til g’oyasining taraqqiyoti sifatida” (1850), “Til qurilishining eng muhim tiplari xarakteristikasi” (1860) va boshqalar.
Shteyntal konkret tillarning tadqiqotchisi bo’lmay, til nazariyachisi, sistemaga soluvchi sifatida maydonga chiqdi. U barcha asosiy tillarni ikki tipga bo’ladi:
1.Formasiz tillar
2. Formali tillar
Formani u keng ma’noda tushunadi: so’z formasidan tortib gap formasigacha bo’lgan birliklarni u til formasi deb hisoblaydi. Shunga ko’ra so’z formasi o’zgarmaydigan tillar ham formali til qatoriga kiritiladi.
Shteyntal bu guruhlarning har birini yana ikkiga bo’ladi. A.Qo’shuvchi tillar. B. Shakl o’zgartuvchi (yoki so’z formasini o’zgartuvchi ) tillar.
G.Shteyntalning ba’zi fikrlari keyinchalik yosh grammatikachilar tomonidan o’zlashtirib olindi va rivojlantirildi.
XIX asrning to’rtinchi choragida qiyosiy-tarixiy tilshunoslikda bir to’da tilshunoslarning yangi bir oqimi paydo bo’di. Ular keksa avlod hisoblangan tilshunoslarni yoshlarga xos g’ayrat va shijoat bilan tanqid qila boshladilar. Nemis filologi F. Sarnke hazillashib ularni “yosh grammatikachilar” deb atadi. Yangi oqimning peshqadam vakillaridan biri bo’lgan K.Brugman bu nomni yangi lingvistik maktabning bayrog’iga aylantirib yubordi. Bir necha vaqtdan keyin mana shu hazil uchun aytilgan ibora lingvistik termin bo’lib qoldi.
Yosh grammmatikachilarning asosiy prinsipi shundan iborat ediki, ular tilni individual psixo-fizik yoki psixofiziologik faoliyat deb bilar edilar. Tildagi barcha o’zgarishlar, ularning fikricha, ayrim shaxsning “odatdagi nutq faoliyati” da yuzaga keladi. Shuning uchun ular klassik tillar blan shug’ullanishi va bobo tilni qayta tiklashni tanqid qilib, jonli tillarni o’rganishga chaqiradilar. Ammo yosh grammatikacilar o’z ilmiy tadqiqotlarida bu asosiy fikrlarga izchillik bilan amal qilmadilar. Butun bir bobo tilni qayta tiklashga urinmasalar ham, uning ayrim formalarini qayta tiklash bilan shug’ullandilar.
Tilni doimiy o’zgarib turuvchi hodisa deb hisoblaganliklari uchun yosh grammatikachilar tilni o’rganishga tarixiy ravishda yondoshishi kerak der edilar. Ular tilning hamma sohasiga ham tarixiy yondoshishini talab qildilar.
Yosh grammatikachilar Hind-Yevropa tillari sohasida, xususan, fonetika sohasida diqqatga arzirli kashfiyotlar qildilar.
Yosh grammatikachilar maktabiga, asosan, Leyptsig universitetining olimlari kirar edi. Ularning eng mashhurlari A.Leskin, K.Brugman, G. Ostgov, G. Paul, B.Delbryug va boshqalar.
O’z faoliyatining dastlabki davrlarida F.de Sossyur, F.F.Fortunatov, V.Tomsen singari mashhur tilshunoslar ham yosh grammatikachilarga biron darajada yondoshganlar.
Tillarni qiyosiy o’rganishda Moskva, Qozon, Peterburg maktablarining ham alohida o’rni bor.
Moskva tilshunoslik maktabining asoschilaridan biri Filipp Fedorovich Fortunatovdir.
F.F.Fortunotov tilni bir tomondan, ijtimoiy hodisa deb qaraydi va uning taraqqiyotini, undagi o’zgarishlarni jamiyatning taraqqiyotini va undagi o’zgarishlardan ko’radi.
Ikkinchi tomondan esa, tilning ichki taraqqiyotini har bir shaxsning individual faoliyatiga bog’laydi. Shuning uchun u tafakkur bilan nutq orasidagi munosabat muammosini ilgari surib, uni assotsiativ psixologiyadagi sub’ektiv –idealistik nuqtai nazardan hal qilmoqchi bo’ladi.
Umuman olganda, qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning shakllanishi va rivojlanishida yuqorida aytib o’tilgan tilshunoslik maktablarining alohida o’rni bor. Ular o’z til xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ushbu tilshunoslikning taraqqiy qilishiga katta yordam bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |