Tayanch tushunchalar: Mustaqillik, milliy model, ma’naviyat, pedagogik
fikrlar
Mustaqil O’zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar.
Bugungi kunda, umumiy e’tirofga ko’ra, XXI asr globallashuv va chegaralarning
barham topish davri, axborot-kommunikasiya texnologiyalari va internet asri,
jahon maydonida va dunyo bozorida tobora kuchayib borayotgan raqobat asriga
aylanib borayotganini isbotlab berishga hojat yo’q, albatta.
Bunday sharoitda inson kapitaliga yo’naltirilayotgan investitsiya va
qo’yilmalarning o’sishini, hozirgi zamonda demokratik taraqqiyot, modernizatsiya
va yangilanish borasida belgilangan maqsadlarga erishishda eng muhim qadriyat
va hal qiluvchi kuch bo’lgan bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash
vazifasini doimo o’zining asosiy ustuvor yo’nalishlari qatoriga qo’yadigan
davlatgina o’zini namoyon eta olishi mumkin.
Avvalo shuni ta’kidlash zarurki, bundan 21 yil oldin qabul qilingan, Kadrlar
tayyorlash milliy dasturi deb nom olgan Ta’lim sohasini isloh qilish dasturi
mamlakatimizda yangi jamiyat qurishning bosqichma-bosqich va tadrijiy
rivojlanish prinsipiga asoslangan iqtisodiy va siyosiy islohotlarning biz tanlagan
«o’zbek modeli» - o’z taraqqiyot yo’limizning ajralmas tarkibiy qismidir.
Ushbu dastur jiddiy izlanish va tadqiqotlarning, jahondagi taraqqiy topgan
ilg’or mamlakatlar tajribasini umumlashtirishning natijasi sifatida o’tmishda
majburan singdirilgan kommunistik mafkuraning qolip va andozalaridan butunlay
voz kechish, odamlarning, birinchi navbatda, unib-o’sib kelayotgan avlodning
ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan bo’lib, qisqacha
aytganda, bu dastur o’z fikriga, o’zining qarashlari va qat’iy grajdanlik
pozisiyasiga ega bo’lgan, har tomonlama yetuk va mustaqil fikrlaydigan shaxsni
shakllantirishni maqsad qilib qo’ygan.
Uzoq yillar davomida vujudga kelgan eski ta’lim tizimini tubdan qayta
qurmasdan va isloh etmasdan turib bu maqsadga erishish aslo mumkin emas edi.
Agarki O’zbekistonda aholining qariyb 35 foizini 16 yoshgacha bo’lgan
bolalar, 60 foizdan ziyodini esa 30 yoshgacha bo’lgan yoshlar tashkil etishini
hisobga oladigan bo’lsak, bu islohotlarning roli va ahamiyati o’z-o’zidan
tushunarli va ravshan bo’ladi.
Qabul qilingan dasturga muvofiq, mamlakatimizda 9+3 sxemasi bo’yicha 12
yillik umumiy majburiy bepul ta’lim tizimi joriy etildi. Yurtimizda amalga
oshirilayotgan modelning prinsipial xususiyati avvalo shundaki, umumta’lim
maktabidagi 9 yillik o’qishdan so’ng o’quvchilar keyingi 3 yil davomida
ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda tahsil olib,
ularning har biri umumta’lim fanlari bilan birga mehnat bozorida talab qilinadigan
2-3 ta mutaxassislik bo’yicha kasb-hunarlarni ham egallaydi.
Ta’kidlash joizki, O’zbekistonda 12 yillik ta’lim barcha uchun majburiy va
bepul ekani qonunlarimizda belgilab qo’yilgan. Bu o’sib kelayotgan yangi
avlodimiz 12 yillik majburiy ta’lim olish bilan birga aniq mutaxassislik va kasb-
hunarga ega bo’lishini taqozo etadi. Bu, ayniqsa, qizlarimiz uchun muhimdir. Biz
bunda har qaysi yangi tashkil bo’layotgan yosh oilada avvalo qizlarning o’zi
tanlagan muayyan mutaxassislikka, kasb-hunarga, hayotda o’zining mustaqil fikri
va qat’iy pozisiyasiga ega bo’lishi g’oyat muhim ahamiyat kasb etishini nazarda
tutamiz. Shuning uchun ham barcha zarur fanlar bo’yicha umumiy ta’lim
beradigan maktablardagi 9 yillik tahsildan keyin yoshlarimiz, ayniqsa qizlarimiz
majburiy tarzda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda o’qishni davom
ettirishi, ikki-uchta zamonaviy mutaxassislik bo’yicha kasb-hunarlarga ega bo’lishi
o’ta muhimdir.
Mustaqillik yillarida ta’lim jarayonini yangicha talablar asosida tashkil qilish,
takomillashtirish bo’yicha olib borilgan jiddiy izlanishlar natijasida avvallari faqat
aholining umumiy savodxonligini ta’minlash bilan cheklangan ta’lim mazmuni
tubdan yangilandi.
MDH davlatlari ichida birinchi bo’lib Davlat ta’lim standartlari
ishlab chiqildi va joriy etildi. Amaliyot jarayonida ta’lim turlariaro
uzviylikni, uzluksizlikni ta’minlash maqsadida o’quv fanlari bo’yicha
DTS hamda o’quv dasturlari takomillashtirilmoqda, muvofiqlashtirilmoqda.
O’zbekistonning birinchi prezidentining «Darsliklarda millat fikrining, millat
tafakkuri va millat mafkurasining eng ilg’or namunalari aks etishi kerak» degan
g’oyasidan kelib chiqib darsliklarning yangi avlodi yaratildi. Samarali tashkil
etilgan tizim asosida ularni muntazam ravishda, ya’ni 2-3-sinflar uchun har 2 yilda,
5-9-sinlar uchun har 4 yilda takomillashtirish, zarur nusxada yangitdan chop etib
borish yo’lga qo’yildi.
Ta’lim muassasalarida 9875ta fizika, 9487ta kimyo laboratoriya xonalari,
9390ta biologiya xonalari tashkil etilib, zamonaviy o’quv-laboratoriya jihozlari
bilan to’ldirildi. Shuningdek, barcha ta’lim muassasalaridagi «Ma’naviyat va
ma’rifat», kasbga yo’naltirish, chizmachilik, tasviriy san’at va rassomlik, chet tili
xonalari hamda faollar zali, tibbiyot xonasi, ma’muriy-metodik xona va barcha
turar joylar zamonaviy mebel va maxsus jihozlar bilan bekamu ko’st ta’minlandi.
O’n ikki yillik majburiy ta’limdan so’ng yurtimizdagi yoshlarning har biri,
o’z xohishiga ko’ra, bakalavr va magistr darajasini olish uchun oliy ta’lim
muassasalarida o’qishni davom ettirishi mumkin.
O’tgan yillar mobaynida ta’lim tizimini tubdan yangilash va isloh etish
bo’yicha miqyosi va ko’lamiga ko’ra ulkan ishlar amalga oshirildi. Qariyb 9,5
ming yoki mamlakatimizda faoliyat ko’rsatayotgan maktablarning deyarli barchasi
yangitdan qurildi, kapital rekonstruksiya qilindi va zamonaviy o’quv-laboratoriya
asbob-uskunalari bilan ta’minlandi. O’quv jarayonini sifat va metodik jihatdan
butunlay yangilash bo’yicha ulkan chora-tadbirlar amalga oshirildi.
O’zbekistonda maktab ta’limi 7 ta tilda: o’zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq,
qirg’iz, turkman va tojik tillarida olib borilmoqda.
Mamlakatimizda 1500 dan ortiq yangi kasb-hunar kolleji va akademik litsey
barpo etildi. Siz, konferensiya qatnashchilarining ko’pchiligi ushbu bilim
maskanlari bilan tanishar ekansiz, ular o’z me’moriy qiyofasi va texnik ta’minotiga
ko’ra eng yaxshi oliy ta’lim muassasalaridan aslo qolishmasligiga ishonch hosil
qilishingiz mumkin. Kasb-hunar kollejlaridagi zamonaviy o’quv-laboratoriya,
kompyuter va ishlab chiqarish asbob-uskunalari o’quvchilar uchun umumiy fanlar
bo’yicha nafaqat to’liq bilimlar hajmini egallash, ayni vaqtda ushbu o’quv
yurtlaridagi zamonaviy texnika va texnologiyalarni o’zlashtirish imkonini ham
beradi.
Ta’lim jarayonini isloh etish va mehnat bozorida talab qilinadigan yuqori
malakali kadrlar tayyorlashda oliy ta’lim muassasalari muhim o’rin egallamoqda.
O’tgan davr mobaynida ularning soni ikki barobar ortdi va bugungi kunda
mamlakatimizdagi 59 ta universitet va oliy o’quv yurtida 230 mingdan ziyod talaba
ta’lim olmoqda.
O’zbekistonda Vestminster universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish
instituti, Turin politexnika universiteti, Rossiya neft va gaz universiteti, Moskva
davlat universiteti, Rossiya iqtisodiyot universiteti kabi yuksak xalqaro obro’-
e’tibor va chuqur tarixiy ildizlarga ega bo’lgan YYevropa va Osiyoning yetakchi
oliy ta’lim muassasalarining filiallari tashkil etildi va muvaffaqiyatli faoliyat
ko’rsatmoqda. Ushbu oliy ta’lim muassasalarida mashinasozlik, neft-gaz ishi,
axborot texnologiyalari, iqtisodiyot va biznes boshqaruvi, moliyaviy menejment,
tijorat huquqi kabi mehnat bozorida talab yuqori bo’lgan mutaxassisliklar bo’yicha
bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda va biz uchun g’oyat muhim jihati shundaki,
ularning bitiruvchilari butun dunyoda tan olinadigan diplomlarga ega bo’lmoqda.
Biz rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan zamonaviy davlat qurish
yo’liga qadam qo’yib, kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari izchillik bilan
o’tishni ta’minlar ekanmiz, faqat milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg’unligi
zaruratini teran anglaydigan, zamonaviy bilimlarni, intellektual salohiyat va ilg’or
texnologiyalarni egallagan insonlargina o’z oldimizga qo’ygan strategik taraqqiyot
maqsadlariga erishishi mumkin ekanini hamisha o’zimizga yaxshi tasavvur etib
kelmoqdamiz.
Ta’lim tizimini tubdan isloh etish odamlarimizning ongu tafakkuri va
dunyoqarashini o’zgartirish, ularning siyosiy va grajdanlik faolligini, o’z
kelajagiga bo’lgan ishonchini oshirishning eng muhim omili va mustahkam
asosiga aylandi, desak, hech qanday mubolag’a bo’lmaydi. Eng muhimi shundaki,
bizning yangi avlodimiz, bilimli, o’tmishning har qanday illatlaridan ozod bo’lgan
yoshlarimiz bugungi kunda mamlakatimizni demokratlashtirish va liberallashtirish,
uni yangilash va ishonchli tarzda ravnaq toptirishning hal qiluvchi
harakatlantiruvchi kuchiga aylanib bormoqda.
Shu borada o’tgan davr mobaynida kasb-hunar kollejlari va akademik
litseylarni 2 million 300 mingdan ziyod o’g’il-qizlarimiz bitirib chiqqani, joriy
yilda esa 500 mingdan ortiq o’quvchi o’rta toifadagi mutaxassis diplomini olib,
o’qishni tamomlashini aytib o’tish kifoya. Bu yoshlar nafaqat iqtisodiyotni
modernizatsiya va diversifikasiya qilishning, ayni vaqtda mamlakatimiz kadrlar
tarkibini sifat jihatidan yangilashning qudratli omili hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |