Mashg’ulot jihozlari: Antonio van Levenguk, Robert Guk, Yan Purkine, Matias Shleyden, Teodor Shvann portretlari, Robert Guk yaratgan birinchi mikroskop tasviri.
Sitologiya - hujayralarning taraqqiyoti, tuzilishi va faoliyatini o'rganadi. Bu fanning predmeti tirik organizmlardagi hujayralardir.
Hujayra -barcha tirik organizmlarning takomillashishi, rivojlanishi, tuzilishi va yashash jarayonining asosi bo'lib hisoblanadi.
Tirik organizmning hayotiy jarayonlari: moddalar almashinuvi va organizmni tashqi muhit bilan bog’lab turish hujayraning asosiy xususiyatidir.
Sitologiya fanining asosiy vazifasi - hujayraning tuzilishi, vazifasi, moddalar almashinuvi jarayonini, rivojlanishi, ko'payishi va kelib chiqishini tashqi muhit munosabatiga bog’langan holda o'rganish.
Bo'lajak biologlar tirik organizmlarning xususiyatlarini ochib beruvchi juda ko'p fanlarni o'rganadi. Har bir tirik organizmning asosiy tuzilish birligi hujayra ekan, biz o'rganadigan sitologiya ana shu hujayralar to'g’risida bo'lib, biologiya sohasiga tegishli boshqa fanlar bilan bevosita bog’liqdir. Ayniqsa gistologiya, embriologiya, anatomiya, fiziologiya, biokimyo, biofizika, genetika va molekulyar biologiya fanlari bilan uzviy bog’liqdir.
Sitologiyani o'rganish va sitologik o'rganish usullarning natijalari tibbiyot, qishloq xo'jaligi, biotexnologiya, gen injeneriyasi va veterinariya sohalarida keng ko'lamda qo'llaniladi.
Odam organizmi ham hujayralardan tuzilgan ekan, barcha fiziologik, patologik jarayonlarni o'rganish sitologik asosda olib boriladi. Masalan, kasalliklarni aniqlashda, har bir hujayraning faoliyatini hisobga olish zarur. Qishloq xo'jalik ekinlari va hayvonlarini o'rganishda yoki ulardan samarali foydalanishda, yangi nav va zotlarini yaratishda bevosita hujayralardagi jarayonlar asos bo'lib hisoblanadi. Albatta, bu borada genetika va seleksiya asoslari fanidan foydalaniladi. Umuman olganda sitologiya fanini xalq xo'jaligi tarmoqlarini rivojlantirishdaga ahamiyati kattadir. Shu sababli ham bu fan asosida molekulyar biologiya, biotexnologiya, gen injeneriyasi, genomika kabi yangi fanlar taraqqiy etmoqda.
Sitologiya fani o'z oldiga quyidagi asosiy vazifalarni qo'yadi:
1-hujayralarning ultrastrukturasi, vazifasi va rivojlanish qonuniyatlarini o'rganish;
2-o'simlik, hayvon va odam organizmining sitologik tuzilishidagi ekologik sharoitga va yoshga bog’liq o'zgarishlarni o'rganadi;
3- hujayralardagi morfogenez jarayonlarni boshqarishda nerv, endokrin va immun tizimlarining ahamiyatini aniqlashtiradi;
4-turli xil biologik, fizik, kimyoviy va boshqa omillar ta'sirida tirik organizm hujayralarinin moslanishuvini, o’zgarishlarni taxlil qiladi;
5- hujayralarning differentsiyalanish va regeneratsiyasi qo’nuniyatlarini o'rganadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |