12.3-chizma.Tovar sifatini belgilovchi xususiyatlar
Tovarning sifatini bir nechta ko’rsatkichlar bilan ifodalash mumkin:
Tovarning sifati uning universalligi va standartlarga mosligi, foydalanishdagi qulayligi va xavfsizligi, texnik jihatdan yangiligi, uzoq muddat xizmat qilishi kabi ko’rsatkichlardan tashkil topadi.
Tovarning ishlab chiqarish sifati darajasi uning me’yoriy-texnik hujjatlar talablariga mosligi, texnologik jarayonning to’liqligi, texnik sharoitlari, standartlarga javob berishi kabi ko’rsatkichlar bilan tavsiflanadi.
Tovardan foydalanish sifati ishlab chiqarishda bo’lib turadigan nuqsonlar va buzilgan (brak) tovarlar miqdori bilan belgilanadi.
Masalan, rivojlangan mamlakatlar firma va kompaniyalarining brak tovarlar miqdori umumiy mahsulot hajmining 2-3%ini tashkil etadi. Amerika firmalari 1% miqdordagi buzilgan tovarlarni me’yor deb hisoblashsa, YAponiyada 1% lik brak favquloddagi vaziyat bo’lib hisoblanadi.
Iqtisodiy ko’rsatkichlar tovarlarni ishlab chiqarish xarajatlari miqdori, uning narxi, transportirovka xarajatlari, o’rnatish, tuzatish, ishlatish, texnik xizmat ko’rsatish, xodimlarni o’rgatish xarajatlari bilan ifodalanadi. SHu bilan birga bu xarajatlar iste’mol bahosini hosil qiladi. Iste’mol bahosi, odatda, sotish narxidan yuqori, chunki xaridor faqat tovarni sotib olishga emas, balki uning iste’moliga ham mablag’ sarflaydi.
Ijtimoiy-tashkiliy ko’rsatkichlar - bu iste’molchilarning ijtimoiy strukturasi, ishlab chiqarishning tashkil etilishidagi milliy xususiyalar, sotish, reklamaning hisobga olinishidir.
Tovarning iste’mol xususiyatlari, uning iste’mol uchun foydaliligi qator ko’rsatkichlar bilan aniqlanadi. Masalan, funksional xususiyatlar iste’mol predmetining uning maqsadiga mos kelishini belgilab beradi, ijtimoiy xossalari esa tovar xususiyatlarining aholi har xil guruhlarining ehtiyojlarini qondira olishini tavsiflaydi, estetik xususiyatlar tovarning his-tuyg’u orqali qabul qilinadigan shakl belgilari orqali o’zining ijtimoiy qimmatini ifodalash qobiliyatini belgilaydi (ijtimoiy-madaniy mohiyati, foydalilik va boshqalar), va nihoyat, ekologik xususiyatlar - berilgan tovarni iste’mol qilish jarayoni atrof-muhit uchun qanchalik zararligini aniqlaydi.
Tovar raqobatbardoshligining o’sishi quyidagilar bilan bog’liq bo’lishi mumkin:
qo’llanadigan materiallar, texnologiyalar, ishlab chiqarishni va boshqarishni tashkil etishni takomillashtirish;
odamlar ehtiyojlarini qondirish borasida prinsipial jihatdan yangi bo’lgan vositalarni yaratish;
asosiy tovarlar bilan birgalikda ishlatiladigan tovarlarni mukammallashtirish yoki yangilarini yaratish;
sotib olish sharoitlarini va iste’molchi tomonidan tovarning keyingi ishlatilishini yaxshilash.
Raqobatbardoshlikni baholash "sifat-narx" ko’rsatkichlarini raqobatchi tovarlar bilan taqqoslash asosida amalga oshiriladi (me’yorlar, namunalar va hokazolar).
Buning uchun ishlab chiqaruvchi raqobatbardoshlikning ikkita asosiy omillari - narx (narx ko’rsatkichlari) va sifat (narxsiz ko’rsatkichlar)ning ichki tarkibini aniqlashi zarur. Bu omillarning o’lchamlarini hisoblab va muayyan strategiyani tanlab, raqobatbardoshlik ko’rsatkichlarini nisbatan oshirish orqali ularga ta’sir etish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |