5-MAVZU. MARKETING MIKROMUHITI 5.1. Marketing muhitining mohiyati va uning komponentlari
5.2. Marketing mikromuhiti omillari
5.3. Marketing muhitidagi muloqotlar
5.1. Marketing muhitining mohiyati va uning komponentlari Marketing tizimi - bu qo’yilgan maqsadlarga erishish va maqsadli bozor talabini qondirish uchun marketing qismlarining aniq birikuvidir. Marketing tizimi ijtimoiy-iqtisodiy elementlar, sub’ektlar yig’indisidan iboratdir. Marketing tizimi o’z tarkibiga turli elementlarni qamrab oladi:
ta’minotchilar;
raqobatchilar;
vositachilar;
iste’molchilar (bozor);
firma (kompaniya).
Marketing tizimini shakllantirish va amal qilishi aniq o’rab turgan muhit ta’sirida olib boriladi.
Marketing dasturlari va rejalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda firmalar nafaqat o’z ichki salohiyatlariga suyanishlari, balki firma faoliyatiga bevosita bog’liq bo’lmagan kuchlarning ta’sirini inobatga olishlari lozim. Odatda firmalarning marketing dasturlaridagi kamchiliklari uni tuzishdagi xatolar deb e’tirof etiladi. Aslida esa marketing tadbirlarini amalga oshirishdagi ayrim qiyinchiliklar ko’pgina hollarda tashqi kuchlar, omillar ta’sirida vujudga keladi.
Masalan, inflyasiya sur’atlarining ortishi oqibatida xaridorlarning xarid qilish quvvati pasayadi, ko’pgina iste’mol mollarini yalpi iste’mol qilish susayadi. Bunday sharoitda bozorga ko’plab tovarlar va xizmatlarni chiqargan korxona narx siyosatini inflyasiyaning o’zgarishiga qarab muvofiqlashtirishi, nazorat etishi murakkablashadi. CHunki tovarlarni ishlab chiqarish vaqtidagi sarf-xarajatlarni sotish vaqtida qoplash uchun vaziyat, yoki boshqacha qilib aytganda, imkoniyat yomonlashadi. Joriy harakatlarni kelgusida qoplab borish va sarflangan kapitalning samarali qaytishini ta’minlash mushkullashadi.
Boshqa tomondan, tegishli korxona mahsuloti yoki xizmatini iste’mol qilishni hohlagan xaridor uni bir oz kechiktirishga yoki arzon turiga almashtirishga harakat qiladi. Vaholanki, ushbu korxona o’z mahsulot va xizmatlar ko’lamini baholagan va ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish uchun yetarli tadbirlarni rejalashtirgan bo’lishi mumkin. Bu holatdan tashqi muhitdagi o’zgarishlarni inobatga olish, favqulodda holatlar vujudga kelish sharoitiga moslashish tadbirlarini ham nazarda tutishi kerak.
Marketing tadqiqotlarida tashkilot yoki korxona faoliyat yuritayotgan tashqi muhit omillarini o’rganish, ularni nazarda tutish zarur bo’ladi. Marketing muhitini o’rganishda uni yalpi muhit omillariga nisbatan farqini anglamoq lozim. Masalan, menejment va biznesini tashkil etishga oid masalalarni hal etishda tashqi muhit omillari turlicha tartibda va yo’nalishda o’rganiladi. Tashkilot marketing muhitini o’rganish esa eng avvalo, marketing faoliyatini tashkil etish va marketing maqsadlarini amalga oshirish vazifasini sstivor qilib qo’yadi.
Marketing muhiti – tashkilotdan tashqari holda faol ta’sir o’tkazadigan sub’ektlar va kuchlar yig’indisi bo’lib, bozor ishtirokchilari va xaridorlar bilan bo’ladigan barcha munosabatlarga va ularning shakllanishiga ta’sir o’tkazadi.