Kirish
Bugungi kunda mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy raqobat – fan, texnika
va texnologiya sohasidagi raqobatga aylandi. Ta’limning globallashuvi sharoitida
ta’lim sohasi bilan jamiyatning rivojlanib borayotgan ijtimoiy ehtiyojlari o‘rtasida
farq yuzaga kelganligi kuzatilmoqda. Shuning uchun ham butun dunyoda malakali
mutaxassis kadrlar tayyorlashga, buning uchun esa o‘quv jarayonini samarali
tashkil etishga diqqat – e’tibor qaratilmokda.
«O‘quv – uslubiy adabiyotlar yangi avlodini yaratish, yangi pedagogik
texnologiyalarni qo‘llash va amaliyotga joriy etish, bir tomondan, davlat va jamoat
muassasalari, ta’lim idoralari hodimlaridan; ikkinchi tomondan pedagog olimlar,
ilg‘or o‘qituvchilar, amaliyotchilar tomonidan, katta ishlarni bajarishni, ta’lim –
tarbiya, pedagogik texnologiyalar sohasida fundamental tadqiqotlar o‘tkazish,
yangi pedagogik texnologiyalar loyihalarini ishlab chikish va ilmiy tajribada
sinovdan o‘tkazish, ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishni taqozo etadi.
(Malla Ochilov. Yangi pedagogik texnologiyalar. Qarshi. «Nasaf» nashriyoti,
2000 yil, 4 bet).
Shuni ta’kidlash lozimki, kadrlar tayyorlashni yangilash vazifalarini mavjud
o‘qitish usullarini pedagogik texnologiya asosida qayta tashkil etish, darsda,
darsdan tashqarida o‘quv tarbiyaviy ishlarni bajarishga kirishgandayoq pedagogik
jarayonning natijasini kafolatlaydigan qilib loyihalash va amalga oshirish yo‘li
bilangina bajarish mumkin.
Mazkur vazifalar pedagogik texnologiya nazariyasini yaratish va ta’lim
jarayonini loyihalashga erishish zaruriyatidan kelib chiqadi.
«Bu yerda, nima uchun bugungi kunda pedagogik texnologiyalarning milliy
nazariy asosini yaratish va amaliyotga tadbiq etish ehtiyoji tug‘ildi, degan savol
paydo bo‘lishi lozim. Jamiyatimizda qanchadan – qancha bilimli kadrlarni va
yukori malakali olimlarni yetishtirib kelgan pedagogika usullari mavjudki, ularning
eskirib, talabga javob bermay qolgan joylarini o‘zgartirib, milliy tus berib,
foydalanaversa bo‘lmaydimi? degan mulohazalar ham yo‘q emas. O‘zbekistonning
shu kundagi pedagogik jamoatchiligining aksariyati, aynan mana shu yo‘ldan
bormokda. Bu yo‘l ilojsizlikdan izlab topilgan bo‘lib, qiska muddat xizmat qilishi
mumkin. Mustaqillikni qo‘lga kiritgan va buyuk kelajak sari intilayotgan jamiyatga
bu yo‘l uzoq xizmat qila olmaydi. (B.Ziyomuxammadov, Sh.Abdullayeva. Ilg‘or
pedagogik texnologiya. Toshkent. 2001 yil, 8 – bet). Chunki:
birinchidan, ma’lum sabablarga ko‘ra jahon hamjamiyati taraqqiyotidan ortda
qolib ketgan jamiyatimiz, taraqqiy etgan mamlakatlar qatoridan o‘rin olishi uchun,
aholi ta’limini jadallashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida eng ilg‘or
pedagogik texnologiyadan foydalanish zarurligi;
ikkinchidan, an’anaviy o‘qitish tizimi yozma va og‘zaki so‘zlarga tayanib ish
ko‘rishi tufayli «Axborotli o‘qitish» sifatida tavsiflanib, o‘qituvchi faoliyati birgina
o‘quv jarayonining tashkilotchisi sifatida emas, balki nufuzli bilimlar manbaiga
aylanib qolganligi;
uchinchidan, fan – texnika taraqqiyotining o‘ta rivojlanganligi natijasida
axborotlarning keskin ko‘payib borayotganligi va ularni yoshlarga yetkazish uchun
vaqtning chegaralanganligi;
to‘rtinchidan, kishilik jamiyati o‘z taraqqiyotining shu kundagi bosqichida
nazariy va empirik bilimlarga asoslangan tafakkurdan tobora foydali natijaga ega
bo‘lgan, aniq yakunga asoslangan texnik tafakkurga o‘tib borayotganligi;
beshinchidan, yoshlarni hayotga mukammal tayyorlash talabi ularga eng ilg‘or
bilim berish usuli hisoblangan obyektiv tamoyilidan foydalanishni talab
qilishidadir.
Pedagogik texnologiya yuqorida sanab o‘tilgan beshta sababiy shartlarning
barcha talablariga javob beradigan ta’limiy tadbirdir.
Shu kundagi ijtimoiy taraqqiyot ishlab chiqarishning ko‘p sonli tarmoqlari bilan
bir qatorda, ma’rifat va madaniyat sohalariga, shu jumladan ijtimoiy – gumanitar
bilimlar doirasiga ham yangi texnologiyani joriy etishni taqozo etmokda.
Ijtimoiy zarurat mahsuli bo‘lgan texnologiya sohasi va uning takomillashib
borishi qiska vaqt ichida, kam jismoniy kuch sarflagan holda yuksak sifatli kadrlar
tayyorlash imkonini berdi. Fan – texnika taraqqiyoti yaratilgan texnika va
texnologiyalarni tushunadigan, ularni ishlata oladigan kadrlar tayyorlashni
obyektiv zarurat qilib qo‘ydi. Mutaxassis kadrlarning qay darajada bilim olishi,
ko‘nikma mahoratga ega bo‘lishi ta’lim muassasalarida ta’lim – tarbiya jarayonini
ko‘p jihatdan qanday tashkil etilishiga bog‘liq.
Jamiyatimiz jadallik bilan taraqqiy etib, iqtisodiy va siyosiy mavqei kundan –
kunga ortib bormokda. Ammo ijtimoiy sohada va ayniqsa, ta’lim – tarbiyada
umumiy taraqqiyotdan orqada qolish sezilmokda. Bunday kamchiliklardan chiqib
ketish yo‘llaridan biri ta’lim – tarbiya jarayonini qabul kilingan davlat standartlari
asosida texnologiyalashtirishdir.
Rivojlangan mamlakatlarda qo‘llanilib kelayotgan pedagogik texnologiyalarni
o‘rganib, xalkimizning milliy pedagogikaning shu kundagi holatidan kelib chiqqan
holda respublikamizning milliy pedagogik texnologiyasini yaratish maqsadga
muvofiqdir.
Texnologiya deganda o‘qituvchi (pedagog) ning o‘qitish vositalari yordamida
o‘quvchi (talaba) larga yaratilgan sharoitlarga ko‘rsatgan tizimli ta’siri natijasida
ularda jamiyat uchun zarur bo‘lgan va oldindan belgilangan ijtimoiy sifatlarni
samarali tarzda shakllantiruvchi ijtimoiy hodisa, deb ta’riflash mumkin. Yoki
bunday hodisani pedagogik texnologiya desa bo‘ladi.
Pedagogik texnologiya ijtimoiy zaruriyat bo‘lganligidan dastavval AQShda 70
– yillarda falsafaning bixiviorizm oqimi zaminida yuzaga kelib, boshqa rivojlangan
mamlakatlarga tez tarqalib ketdi. (B.Ziyomuxamadov. Sh.Abdullayeva. Ilg‘or
pedagogik texnologiya: Nazariya va amaliyot. Toshkent. 2001 yil, 10 – bet).
Istiqloldan keyin O‘zbekistonlik olimlar xorijiy mamlakatlar bilan har
tomonlama aloqa o‘rnata boshladilar. Natijada bizning ta’lim tizimimizga ham
ilg‘or va samarali texnologiyalar kirib kela boshladi. Oxirgi yillarda pedagogik
texnologiyani o‘rganish va ta’lim jarayoniga qo‘llash yo‘lida ancha ishlar qilindi.
Pedagogik texnologiyani o‘quv jarayoniga olib kirish zarurligini MDXga
kiruvchi mamlakatlar ichida birinchilar qatorida har tomonlama ilmiy asoslab
bergan rossiyalik olim V.P.Bespalkoning fikricha, «PT – bu o‘qituvchi mahoratiga
bog‘liq bo‘lmagan holda pedagogik muvaffaqqiyatni kafolatlay oladigan o‘quvchi
shaxsini shakllantirish jarayoni loyihasidir». (Bespalko.V.P. Slagayemiye
pedagogicheskiy texnologii. M. Pedagogika. 1989. St – 192).
Rossiya olimlaridan V.M.Monaxov: «PT – avvaldan rejalashtirilgan natijalarga
olib boruvchi va bajarilishi shart bo‘lgan tartibli amallar tizimidir», degan qiskacha
ta’rifni bera turib, uning asosiy xususiyatlariga e’tiborni qaratadi.
«PT – o‘quv jarayonini texnologiyalashtirib, uning qayta tiklanuvchanligini
hamda pedagogik jarayon ijrochisining subyektiv xususiyatlaridan uni ozod
qiladi», - deydi. (Monaxov.V.M. Aksiomaticheskiy podxod k proyektirovan. ped.
texnologii. – Pedagogika. 1997, №6. – St.26.).
M.V.Klarin fikricha, PT – o‘quv jarayoniga texnologik yondoshgan holda
oldindan belgilab olingan maqsad ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, o‘quv jarayonini
loyihalashdir». (Klarin.M.V. Pedagogicheskaya texnologiya v uchebnom
protsesse,M. Znaniye. 1989. St – 75).
I.Y.Larnerning fikriga ko‘ra, PT – o‘quvchilar harakatlarida aks etgan o‘qitish
natijalari orqali ishonchli anglab olinadigan aniqlanadigan maqsadni ifodalaydi.
(Larner.I.Y. Vnimaniye o texnologiya obucheniya// Sov. Pedagogika. 1990. № 3.
St – 139).
V.P.Bespalkoning o‘zbekistonlik shogirdlaridan Nurali Saydaxmedov va
Abduraxmon Ochilovlarning fikricha, PT – bu o‘qituvchi (tarbiyachi) ning
o‘qitish (tarbiya) vositalari yordamida o‘quvchi (talaba) larga muayyan sharoitda
ta’sir ko‘rsatishi va bu faoliyat mahsuli sifatida ularda oldindan belgilangan shaxs
sifatlarini intensiv shakllantirish jarayonidir. (Saydaxmedov.N, Ochilov.A. Yangi
pedagogik texnologiya mohiyati va zamonaviy loyihasi. T. 1999, 7 – 8 betlar).
O‘zbekistonlik pedagog olim B.L.Farberman pedagogik texnologiyalarga
quyidagicha ta’rif beradi: PT ta’lim jarayoniga yangicha yondashuv bo‘lib,
pedagogikada ijtimoiy – muxandislik ong ifodasidir. U pedagogik jarayonni
texnika imkoniyatlari va insonning texnikaviy tafakkuri asosida standart holga
solib, uning optimal loyihasini tuzib chiqish bilan bog‘liq ijtimoiy
hodisadir.(Farberman B.L. Ilgor pedagogik texnologiyalar. T. 1999. 4 – bet).
Bu ta’riflarni uzoq xorijda berilgan ta’riflar bilan solishtirib ko‘rish uchun
yapon pedagog olimi T.Sakomoto bergan ta’rifni keltiramiz. «PT – deydi
Sakomoto, - bu majmuli fikr yuritish usulini pedagogikaga singdirish, boshqacha
qilib aytganda, pedagogik jarayonni muayyan bir majmuga keltirishdir»
(Yuzyavichene P.A. Teoriya i praktika modulnogo obucheniya. Kaunas. 1989. St –
126).
Birlashgan millatlar tashkilotining nufuzli idoralaridan YUNESKOning ta’rifi
bo‘yicha, «PT – bu bilim berish va uni egallashda texnika va inson resurslarini
o‘zaro uzviy bog‘liq holda ko‘rib, butun ta’lim jarayonini loyihalashda va amalda
qo‘llashda majmuli yondashuv usulidan foydalanishdir». (Farberman B.M. Ilgor
pedagogik texnologiyalar. 8 – 9 aprel, ilmiy – nazariy seminar. T. 1999. 3 – bet).
Pedagogik texnologiya, umuman olganda, reproduktiv dars berishga asoslangan
bo‘lib, undagi o‘quv jarayoni o‘quvchi (talaba) larga aniq holatlardagi harakatlarni
egallashga yo‘naltirilgan.
Pedagogik texnologiyadagi reproduktiv bilim berish jarayonida dars aniq
bo‘laklarga bo‘linib, har bir bo‘lagida o‘quvchi (talaba) lar bilishi shart bo‘lgan
natijalar ko‘rsatiladi. O‘quv materiallar dars maqsadidan kelib chiqib, modullarga
bo‘lingan bo‘ladi. Har qaysi modulga test savollari tuziladi. O‘quv jarayoni anik
savollarga aniq javoblar topishga yunaltirilgan bo‘ladi, savollar va javoblar o‘zaro
uzviy bog‘liqlikda bo‘lishi natijasida bir butunlikni tashkil qiladi.
Pedagogik texnologiyada reproduktiv usul qatorida izlanuvchi – tadqiqot va
boshqa usullar ham ishlatiladi.
Mustaqil O‘zbekistonning erkin fuqarolarini shakllantirishda xalk xo‘jaligi
uchun zarur bo‘lgan ma’lum bilim hajmiga ega mutaxassis hamda turli
muammolarga duch kelganda, mustaqil izlanib, ularni hal kilib ketadigan tadbirkor
kishilarni tarbiyalashda tipik harakatlarga, reproduktiv va nostandart vaziyatlardan
yo‘l topib, chiqib ketishga o‘rgatuvchi tadqiqot usullari mos tushadi. Bizga zarur
bo‘lgan uslub ushbu ikki an’anaviy usullar qotishmasidan hosil bo‘lib,
texnologiyalashtirilgan
integrativ
uslubdir.
Uni
pedagogik
texnologiya
deyilmokda.
O‘quv jarayoni texnologiyasi alohida olingan bitta darsga, bitta mavzuga yoki
o‘quv predmetining bir qismiga va butun o‘quv predmetiga tuzib chiqilishi
mumkin.
Pedagogik texnologiyani yaratish tamoyillarining birinchisi – muayyan dars,
mavzu, qism, o‘quv predmetidan kutilgan asosiy maqsadni shakllantirib olish;
ikkinchisi – umumiy maqsaddan kelib chiqib, darsni yoki o‘quv predmetini
modullarga ajratib, har bir moduldan kutilgan maqsadni va modullar ichida hal
kilinishi lozim bo‘lgan masalalar tizimini aniqlab olish; uchinchisi – modul ichida
yechiladigan masalalarning har biri bo‘yicha test savollarini tuzib chikish;
to‘rtinchisi – maqsadlar aniq bo‘lib, test savollari tuzilgandan keyin, maqsadlarga
yetish usullari tanlanib, ularni ishlatadigan aniq joylarni belgilab olish.
Ta’lim jarayoniga texnologik yondashuv paytida, avval aytib o‘tganimizdek,
tizimli yondashuv tamoyiliga binoan dars qismlari orasidagi zaruriy bogliqliklarga
va fanlararo aloqalarga alohida e’tibor qaratiladi. Bu pedagogik texnologiyaning
beshinchi tamoyili hisoblanadi. Shu nuktai nazardan har qanday pedagogik faoliyat
davomida pedagogik texnologiya tamoyillari markaziy o‘rinda turishi kerak.
Shundagina pedagogik faoliyat zamonga mos bo‘lib, jamiyat ijtimoiy buyurtmasini
sharaf bilan bajarishi mumkin.
Yuqorida keltirilgan ta’riflar pedagogik texnologiya usulining mazmunini
anglash va aniqlash jarayoni hali poyoniga yetmaganligidan dalolat beradi.
(M.Ochilov. Yangi pedagogik texnologiyalar. Karshi, «Nasaf» nashriyoti, 2000 yil,
11 – bet). Bu masalaga oydinlik kiritish uchun, avvalo, pedagogik texnologiya
usulining muhim belgilarini aniqlash talab etiladi. Pedagogik adabiyotlarni
o‘rganish va tahlil etish pedagogik texnologiyaning muhim xususiyatlari, belgilari
qatorida quyidagilarni ko‘rsatishga imkon berdi:
Ta’lim jarayonini oldindan loyihalash va sinfda o‘quvchilar bilan qayta ishlab
chiqish;
Tizimli yondashuv asosida talabaning o‘qish – bilish faoliyatini tasvirlaydigan
ta’lim jarayoni loyihasini tuzish;
Ta’lim maqsadi real, aniq diagnostik bo‘lishi va o‘quvchining bilim o‘zlashtirish
sifatini adolatli baholash;
Ta’lim jarayonining tuzilishi va mazmuni yaxlitligi, o‘zaro bog‘liq va o‘zaro
ta’sirda bo‘lishi;
Ta’lim shakllarini optimallashtirish (qulaylashtirish);
Ta’lim jarayonida texnik vositalar va inson salohiyatining o‘zaro ta’sirini hisobga
olish;
Ta’lim maqsadlarini ko‘zlagan etalon asosida o‘quvchilarning kuzatiladigan,
o‘lchanadigan harakatlari shaklida juda oydinlashtirish;
Talabaning faolligiga tayanib o‘qitish;
Bilim o‘zlashtirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolarni aniqlab, tuzatib borish;
Shakllantiruvchi va jamlovchi baholar;
Belgilangan mezonlarga binoan test vazifalarini bajarish;
Ta’limning rejalashtirilgan natijasiga erishishning kafolatlanganligi;
Ta’lim samaradorligining yuqoriligi.
Pedagogik texnologiya tushunchasiga doir mavjud ta’riflar hamda pedagogik
texnologiya usulining muhim belgilari, xususiyatlarini umumlashtirilgan holda
keltirdik.
Pedagogik texnologiya – tizimli, texnologik yondoshuvlar asosida ta’lim
shakllarini qulaylashtirish, natijasini kafolatlash va obyektiv baholash uchun inson
salohiyati hamda texnik vositalarning o‘zaro ta’sirini inobatga olib, ta’lim
maqsadlarini oydinlashtirib, o‘qitish va bilim o‘zlashtirish jarayonlarida
qo‘llaniladigan usul va metodlar majmuidir. Bunday usul va metodlarni ishlab
chiqish pedagogik texnologiya nazariyasi va metodikasining vazifasidir.
Xullas, pedagogik texnologiya – ta’lim usuli, ma’lum ma’noda ta’lim – tarbiya
jarayonlari, vositalari, shakl va metodlari majmui. O‘quv materiallarini tanlash,
qayta ishlab o‘quvchilarning kuchiga, o‘zlashtirish xususiyatlariga moslab shakli,
xajmini o‘zlashtirish ham ta’lim texnologiyasiga daxldordir. Pedagogik
texnologiya ta’lim – tarbiyaning obyektiv qonuniyatlari, diagnostik maqsadlar
asosida o‘quv jarayonlari, ta’lim – tarbiyaning mazmuni, metod va vositalarini
ishlab chiqish va takomillashtirish tizimidir.
Pedagogik texnologiya uchun pedagogik amaliyot jarayonlarini belgilash va
tasvirlash; o‘quvchi yoki talaba kelgusi faoliyatida duch keladigan vazifalarni
oldindan aniqlash; o‘qitishning har bir boskichida ta’limning mazmuni (o‘quv
rejasi, o‘quv elementlari, ularning mantiqiy tuzilmasi, o‘quv dasturlari, darsliklari)
ni belgilash; o‘quv yuklamasi bolaning kuchiga moslik darajasini va talabaning
o‘zlashtirish tezligini aniqlash; ta’lim – tarbiyaning shakllari va vositalari (o‘quv
qo‘llanmalari, ta’limning texnik vositalari) ni tayyorlash; o‘quv jarayonining motiv
komponentini ro‘yobga chiqarish maqsadida predmetning mazmuniga kiritish
uchun qo‘shimcha ravishda vaziyatli matnlar, testlar tayyorlash; shaxsda
shakllantirish nazarda tutilgan kasbiy sifatlar va ma’naviy fazilatlarni
o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan mashqlar tizimini ishlab chiqish; ta’limning natijasi
va o‘zlashtirish darajasi, sifatini baholash mezonlariga mos ravishda talabaning
bilim va malakalarini egallash sifatini obyektiv baholash uchun test (nazorat)
vazifalarini tayyorlash; darsda va darsdan tashqari o‘quvchiga beriladigan
vazifalarni rejalashtirish, mustaqil mashg‘ulotlarning tuzilmasi va mazmunini
ishlab chiqish kabilar ham pedagogik texnologiyaning vazifalari hisoblanadi.
Pedagogik texnologiyaning fan sifatidagi vazifasi ta’lim – tarbiya amaliyotida
eng samarali va tejamli o‘quv jarayonlarini shaxsni kasb egasi sifatida
shakllantiruvchi pedagogik, psixologik qonuniyatlarni aniqlash, shuningdek
falsafa, sotsiologiya, fiziologiya, matematika, kibernetika, informatika va boshqa
fanlarning qonuniyatlaridan foydalanish yo‘llarini aniqlashdan iborat.
Pedagogik texnologiya nazariyasi va amaliyoti quyidagi qonuniyat va
prinsiplarga asoslanadi:
ta’lim – tarbiya jarayoni tuzilishi va mazmuni jihatidan yaxlitligi, birligi;
ta’lim jarayonini optimallashtirish: qulay sharoit yaratib, oz vaqt, kam kuch
sarflab, yuqori natijaga erishish;
zamonaviylik: pedagogik amaliyotga ilmiy asoslangan didaktik yangiliklarni,
yangi tartib – qoidalarni joriy etish, ta’lim mazmunini uzluksiz yangilab,
zamonaviylashtirib borish;
ilmiylik: ta’lim – tarbiyada yangi shakl va vositalar, faol metodlar, didaktik
materiallarni qo‘llash, uzluksiz izlanish, tadqiqot;
talaba va o‘qituvchi faoliyatini oqilona uyushtirish: o‘qituvchi ta’lim maqsadini,
mazmunini puxta bilishi, ta’lim usullari va texnik vositalarni yaxshi egallagan
bo‘lishi; o‘quvchining manfaatdorligi, qiziqishi va intiluvchanligi;
pedagogik jarayonni jadallashtirish: axborot texnologiyasi va texnik vositalardan
foydalanish samaradorligini oshiruvchi didaktik materiallarni ishlab chiqish va
keng qo‘llash;
o‘quv jarayoni uchun zarur moddiy – texnik bazasi yaratish;
pedagogik jarayon natijalarini holisona va obyektiv baholash: test usuli, reyting
tizimi, talabaning bilim va ko‘nikmalarini egallash jarayonini nazorat qilish,
baholashni avtomatlashtirish;
ta’lim – tarbiyaning tabiatga mosligi;
ta’lim – tarbiyaning jamiyatga moslashuvi va boshqalar.
Pedagogik tizim – pedagogik texnologiyaning asosi, zamini hisoblanadi.
Pedagogik tizim – bir butun, harakatlanuvchi yaxlit ijtimoiy – pedagogik hodisa
bo‘lib: o‘quvchi (1), ta’lim – tarbiyaning maqsadi (2), mazmuni (3), o‘quv jarayoni
(4), o‘qituvchi yoki texnik vositalar (5) va ta’lim – tarbiyaning tashkiliy
shakllaridan (6) tuzildi (Bespalko V.P. Slagayemiye pedagogicheskoy texnologii»,
M. 1989, 6 – 7 betlar).
Ta’lim – tarbiyaning maqsadi obyektiv xarakterga ega. U har bir jamiyatning
moddiy – ma’naviy ehtiyojlaridan hosil bo‘ladi, ijtimoiy buyurtma sifatida davlat
xujjatlarida umumiy tarzda ifodalanadi. Ta’lim – tarbiyaning maqsadi tizim hosil
qiluvchilik xususiyatiga ega. Pedagogik tizimning barcha qismlari ta’limning
maqsadiga bog‘liq va uni ruyobga chiqarishga xizmat qiladi. Shaxsni, mutaxassisni
shakllantirish maqsadi ta’limning mazmuni (o‘quv rejasi, o‘quv dasturi,
darsliklar)ni belgilaydi.
Pedagogik tizim didaktik vazifa va ta’lim texnologiyasini o‘z ichiga oladi.
Ta’lim – tarbiyaning maqsadi va mazmuni – didaktik vazifa; didaktik jarayon,
o‘qituvchi va texnik vositalar, ta’lim – tarbiya shakllari, usullari – ta’lim
texnologiyasiga kiradi. Pedagogik amaliyotda didaktiv vazifani ta’lim
texnologiyasi yordamida o‘quvchi, talaba o‘zlashtirib oladi.
Pedagogik texnologiyaning mohiyati shundan iboratki, u birinchidan, ta’lim –
tarbiya jarayonini oldindan loyihalash va so‘ngra sinfda, auditoriyada o‘quvchilar
bilan birga loyihani qayta ishlab chiqishni nazarda tutadi. Bu masalani «didaktiv
vazifa», «ta’lim texnologiyasi» tushunchalarini qo‘llash bilan hal etish mumkin.
Ikkinchidan, an’anaviy pedagogikada metodik ishlanmalar o‘qituvchi dars
o‘tishi uchun tuzilsa, pedagogik texnologiya – o‘quvchini o‘quv – bilish
faoliyatining shakllari va mazmunini tasvirlaydigan ta’lim jarayoni loyihasini
ishlab chiqishni taklif etadi.
Uchinchidan, pedagogik texnologiyaning muhim belgisi – maqsad hosil qilish
jarayonidir. An’anaviy pedagogikada «pedagogik maqsad» masalasiga
nazariyachilar ham, amaliyotchilar ham kam e’tibor beradi, maqsad – metodik
adabiyotlarda ham noanik ifodalanib, unga erishish darajasi ham subyektiv
baholanadi.
Pedagogik texnologiyada – pedagogik maqsadni aniqlash asosiy muammo
bo‘lib, maqsadni diagnostik ifodalash, bilim o‘zlashtirish sifatini obyektiv
baholash nazarda tutiladi.
Nixoyat, to‘rtinchidan, ta’lim – tarbiya jarayonlari tuzilishi va mazmuni
jihatidan yaxlitligi – pedagogik texnologiyani ishlab chiqish va amalga
oshirishning muhim prinsipi hisoblanadi. Yaxlitlik prinsipi, shuningdek, ta’limning
har bir turi bo‘yicha bo‘lajak pedagogik tizimning loyihasini ishlab chiqayotganda
pedagogik tizimning barcha elementlari (chorak, semestr, o‘quv yili davomida
ham, shuningdek butun ta’lim davrida ham) o‘zaro ta’sirda bo‘lishiga erishish
zarur.
Pedagogik tizimning bir elementi, masalan maqsadi o‘zgarsa uning boshqa
qismlari (mazmuni, shakllari, jarayonlar) ham o‘zgaradi.
O‘quv mashg‘ulotini loyihalashtirish. Pedagogik texnologiya usulining o‘ziga
xos xususiyati shundaki, unda ta’limning rejalashtirilgan maqsadiga erishishni
kafolatlaydigan o‘quv – bilish (o‘zlashtirish) jarayoni loyihalashtiriladi.
Maqsadni ko‘zlash, joriy natijalarni tekshirib borish, o‘quv materialini ayrim
bo‘laklarga ajratish – o‘quv jarayonini tashkil etishning bu belgilari – qayta ishlab
chiqiladigan (takrorlanadigan) ta’lim sikliga xos xususiyatlardir.
Boshqacha aytganda, takrorlanadigan ta’lim siklining asosiy qismlari
quyidagilar:
ta’lim maqsadlarini umumiy belgilash;
umumiy maqsadni oydinlashtirib, o‘quv maqsadlariga aylantirish;
o‘quv amallari majmui;
ta’lim natijasini baholash.
O‘quv jarayoni bunday takrorlanadigan shaklga ega bo‘lgani uchun modul
xarakterini kasb etadi, alohida blok (qism)larga ajratiladi, ular turli mazmunga,
lekin umumiy tuzilishga ega bo‘ladi.
O‘QUV JARAYONINING TUZILISHI
Do'stlaringiz bilan baham: |