I BOB
1.1.Huquqiy ong tushunchasi, belgilari va uning tarkibiy qismlari.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridan va jahon hamjamiyatida umume’tirof etilgan huquqiy normalarga hamda boy milliy tarixiy an’analarga asoslangan yangi demokratik davlatni qurish sohasidagi birinchi qadamlardan boshlaboq, o’zbek halqi "inqilobiy sakrashlar" va "shok terapiyasi"ni yemiruvchi va halokatli usullar sifatida rad etib, evalyutsion, bosqichma-bosqich rivojlanish yo’lini tanlab oldi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan ta’riflab berilgan tarraqqiyot yo’lidan qadamma-qadam, bosqichma-bosqich, izchil ilgarilab borish prinsiplari umuminsoniy madaniyat tarixini tahlil qilishga va ilmiy tafakkur yutuqlariga asoslangandir. Bir vaqtlar Gegel ta’kidlab o’tganidek, olg’a qarab harakatlanishda birorta bosqichni tashlab o’tib bo’lmaydi. Chunki vaqtdan o’zib ketish mumkin emas.
O’z taraqqiyot yo’limizning prinsiplariga qat’iy amal qilar ekanmiz, davlat va jamiyat hayotini tubdan qayta qurishdan iborat global vazifalarini hal qilish oldimizga qo’yilgan maqsadlarga erishish yo’lida katta ko’lamdagi chora tadbirlarni g’ayrat bilan va izchil suratda amalga oshirishni talab qiladi.
Biz tanlab olgan yangi jamiyat kurish yo’lida fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksak darajada shakllantirish hamda ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini kafolatli ta’minlash muammolari alohida ahamiyat kasb etmoqda.
"Huquqiy madaniyatning yuqori darajada bo’lishi huquqiy davlatning o’ziga xos xususiyatidir. Bozor iqtisodiyotini shakllantirishda huquqiy madaniyatni oshirish muhim ish hisoblanadi. Shu bilan birga huquqiy madaniyat saviyasi qabul qilingan qonunlar darajasida ijro etilishi bilan belgilanadi. Ushbu muhim ishda odamlarni qonunlarga va normativ huquqiy hujjatlarga nisbatan chuqur hurmat hissini tarbiyalash alohida ahamiyatga egadir. Zero huquqiy normalar odamlar ongiga singgan va ular orqali amal qilgan taqdirdagina yashaydi va ro’yobga chiqadi." 1
Huquqiy madaniyat keng tushunchadir. Huquqiy ong huquqiy madaniyatning g’oyat muhim tarkibiy qismlaridan biri bo’lib, u eng avvalo odamlarning munosabatlarini ifodalovchi qarashlar va e’tiqodlardan ularning huquq haqidagi tasavvurlaridan, intilishlari va tuyg’ularidan iboratdir. Huquqiy ong darajasi fuqarolarning yangi qonunlar qabul qilishi, davlat organlarining qonunni qo’llash fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish faoliyati bilan bog’liq fikrlari, kayfiyatlarini, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik hamda iqtisodiy o’zgarishlarga munosabatini belgilaydi.
Shaxsning huquqiy madaniyati-huquqiy ongni aniq maqsadni ko’zlab tarbiyalash natijasi, uning eng yuqori bosqichidir. Demokratik huquqiy davlatni va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish sharoitida "Biz odamlarni eskicha psihologiyasini o’zgartirib, ularda yangi huquqiy ongni shakllantirishimiz lozim. Shunday bo’lsinki, har bir kishi inson erkinliklari - ayni vaqtda muayyan burch, majburiyat va ma’suliyat ekanligini chuqur his etib tursin"
O’zbekiston Respublikasining Prezidenti I.A.Karimov 1997 yil 20-mayda huquqni muhofaza qiluvchi muassalar rahbarlari, huquqshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvida so’zlagan nutqida hamma fuqarolar ham yetarli darajada huquqiy ongga ega emasliklari , axborot olishda ijtimoiy faollik ko’rsatmayotganliklari, respublikada jamiyatning har bir a’zosi huquqiy bilimlarni hech bo’lmaganda asosiylarini o’zlashtirib olish uchun, hamda aholi turli ijtimoiy guruhlarning xususiyatlarini hisobga olgan holda tabaqalashtirilgan huquqiy maorif amaliy mexanizmi yaratilmaganligi, mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari kamsitilishi hollari ko’pincha huquqiy bilimlarning yetarli emasligi, huquqiy madaniyat darajasi pastligi tufayli yuz berayotganligini ta’kidlab o’tdi.
Huquqiy madaniyat halqimizning qadimiy an’analariga, udumlariga, tiliga, diniga, ruhiyatiga asoslangan holda insof va iymon, adolat va qonuniylik insonga yuksak hurmat va e’tibor, sabr toqat kabi ma’rifat va haqiqat tuyg’ularini ongimizga singdirishga xizmat qiladi. Shuning uchun ham kishilarning fikrini, dunyoqarashini mustaqilligimiz yo’lida fidokorona mehnat qilishga yo’naltirilgan huquqiy madaniyatni yuksaltirish hayotiy zaruratdir.
Huquqiy madaniyat nazariyasiga oid barcha muammolar atroflicha o’rganilishi zarur. Shu bilan birga har bir muayyan holatlarda madaniyatning turlicha ko’rinishlarini tushunishga qat’iy belgilanadigan u yoki bu jihati ustun bo’ladi. Chunonchi, huquqiy hayotda ma’rifatparvarlikni shakllanishini ta’minlashda inson omilini oshirish nuqtai nazaridan yondashilganda avvalambor e’tiborni huquqiy madaniyatning mazmuniga qaratish zarurligi namoyon bo’ladi.
Jamiyatning huquqiy madaniyati huquqiy ong qonunchilikning qonunlarni takomillashtirish va huquqiy tajribaning muayyan darajasini aks ettiradigan hamda insoniyat huquq sohasida yaratilgan butun boyliklarni qamrab oladigan ijtimoiy madaniyatning bir turi sifatida ko’riladi. "Jamiyat davlat taraqqiyotining hozirgi holati huquqiy munosabatlar barcha ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini, huquqiy savodxonligini har tomonlama oshirishni talab qilmoqda. Huquqiy madaniyat, huquqiy bilim, huquqiy e’tiqod va izchil amaliy faoliyat majmui sifatida jamiyat va davlat oldida turgan vazifalarni muvaffaqqiyatli hal etishni ta’minlaydi."
Shunday qilib shaxsning va jamiyatning huquqiy madaniyati umuminsoniy qadriyatlar tushunchalarining va insoniyat umumdemokratik yutuqlarining muhim natijasidir. Huquqiy madaniyat-huquqiy davlatning ajralmas qismidir.
Huquqiy ong shaxs ongida, jamiyat g’oyalarida namoyon bolgan huquqdir. Huquqiy ong - huquq va qonuniylikka munosabatdagi tassavvurlar, baholar, his tuyg’ular va ma’naviyatning tarkibiy qismlari tizimidir.
Huquqiy ong bu ijtimoiy ongning bir shakli bo’lib o’zida yuridik amaliyotga nisbatan kishilarning qarashlari, g’oyalari, konsepsiyalari, 2 baholash, his-hayajon, xohishning yig’indisini namoyon qiladigan munosabatdir.
U shuningdek huquq normalarini bilish, ularni ijtimoiy hayot talablariga munosib yoki nomunosib ekanligiga baho bera olish, amaldagi huquqiy normalarga o’zgartirish kiritish yoki ularni yanada takomillashtirish zarurligini anglash kabi talablardan ham iboratdir. Huquqiy ong amaldagi huquqiy normalarning tashkil topishi, rivojlanishi va ularni amalda tatbiq qilishi uchun imkoniyat tug’dirib beradi.
Ijtimoiy ongning bir turi sifatida huquqiy ong voqelikni tushunishga davlat, huquq, qonunchilik, siyosat, ahloq kabi usqurtma elementlarning ijtimoiy munosabatlari sohasida tutgan o’rni to’g’risida tasavvurga ega bo’lishga yordam beradi. Shu bilan birga huquqiy ong shakllanishiga davlat, huquq, siyosat, madaniy taraqqiyot darajasi, siyosiy partiyalar, an’analar, milliy xususiyatlar va shu kabilar ta’sir ko’rsatadi.
Lekin huquqiy ong faqat huquqqa asoslangan bo’lishi, huquqni tushunish uni tassavvur qilish, izohlash, tatbiq etish, bekamu ko’st bajarish tushunchasini bermaydi. U ancha keng ma’noga ega. U davlat tuzumi, huquq tizimiga nisbatan fikr yuritish kabi tushunchani ham o’z ichiga oladi.
Huquqiy ong va huquqiy madaniyat huquqiy ta’sir ko’rsatish mexanizmida mustaqil o’rin tutadi. Ularsiz qonun yaratish ham, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish ham mumkin bo’lmaydi. Huquqiy ta’sir ko’rsatish mexanizmida huquqiy ong birinchi o’rinda turadi. Buning sababi huquqning mavjudligi inson bilan chambarchas bog’langanligidir. Ijtimoiy turmush talablari toki davlat organlarining huquq yaratish faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etgan odamlarning irodasi va ongi orqali o’tmaguncha yuridik normalar sifatida ifodalanishi mumkin emas. Ayni vaqtda huquqning ijtimoiy munosabatlarga ta’siri odamlarning irodasi va ongi orqali ham amalga oshiriladi. Bularning barchasi huquqiy tasavvurlar va his- tuyg’ular majmuini keltirib chiqaradi.
Huquq normalarining u yoki bu davrdagi mazmuni, ularning ijtimoiy turmushga ta’sir ko’rsatish xarakteri huquq normalarining g’oyaviy manbayi bo’lmish huquqiy ongga bog’liq bo’ladi.
Huquqiy ong ma’lum darajada umumlashgach, huquq normalarining g’oyaviy manbayi bo’lishi bilan uning amaliy funksiyasi tugamaydi.
Ijtimoiy g’oyalar uni keltirib chiqargan ijtimoiy turmushga aks ta’sir ko’rsatishi mumkin: fuqarolarning ongidan o’rin olgan g’oyalar moddiy kuchga aylanadi. Ijtimoiy ong turli shakllarda yuzaga chiqib, odamlar xulq-atvoriga mafkuraviy va psixologik ta’sir ko’rsatish vositasida ijtimoiy turmushga ta’sir ko’rsatadi.
Binobarin, huquqiy ongning aks ta’siri uning huquqiy normalar g’oyaviy manbai bo’lishi bilan tugamaydi: huquqiy ong, muayyan huquqiy tasavvurlarning o’ziyoq odamlarni ma’lum tarzda o’zlarini idora qilishga undashi mumkin.
Aynan huquqiy ong individga muayyan huquqiy normalarning mavjudligi noma’lum bo’lgan, biroq shunga qaramay, yuksak ongliligi, qonunlarning ruhini bilishi tufayli uning xulq-atvorida amaldagi huquq tartibotga mos bo’lgan hollarda odamlar xulq-atvorining boshqaruvchisi sifatida namoyon bo’ladi.
Ma’lumki huquqiy ong ikki tarkibiy qismdan, ya’ni huquqiy mafkura va huquqiy ruhiyatdan (psixologiya) iborat.
Huquqiy mafkura-bu huquqiy borliq to’g’risidagi, qarashlar, tushunchalar, e’tiqod, konsepsiyalar, nazariyalardir
Huquqiy mafkura konkret huquqiy hodisalar to’g’risidagi va ilmiy darajadagi tizimlashtirilgan bilimlar yig’indisi.3
Huquqiy ruhiyat-ong doirasida huquqiy hodisalar bilan bog’liq holda, ongda yuzaga keladigan va unga singib ketadigan, kechinmalar sohasini ifodalaydi. Huquqiy ruhiyat- huquqiy hodisalarni hissiyot bilan tiklash sohasidir. Odam hissiz, o’z o’zidan o’ylamasdan fikr qilmaydigan mashina emas, u nafaqat fikr qiladigan, balki sezadigan tirik zotdir. Shuning uchun, u ijtimoiy hodisalarni, jumladan huquqiy hodisalarni ham, nafaqat aql bilan, balki sezgi bilan ham tushunib yetadi.
Huquqiy hodisalarni tushunib yetish jarayoni odamning ishtirokisiz rivojlana olmaydi, shu sababli unda tabiiy tarzda g’oyaviy va hissiy jarayonlar qo’shilib, chatishib ketadi. Odam o’zining ruhiy holatiga ko’ra huquqni oyoq osti qilish, noqonuniylik, zulm va inson erkini kamsitish bilan bog’liq salbiy huquqiy voqeliklarga befarq, loqayd qola olmaydi. Uning huquqiy kechinmalari va kayfiyati g’azab qahr va norozilik sezgilarida namoyon bo’lib, ijtimoiy-huquqiy hayotning manfiy hodisalarga tanqidiy qarash uchun hissiy asos yarata borib, insonparvarlik g’oyalari negizida, odamda qayta tuzishga intilish tug’diradi.
Huquqiy ongning tuzilishi tahlili, bir tomondan, xuquqiy mafkura va huquqiy ruhiyat kabi uning tabiiy-tarkibiy qismlarining o’zaro ta’siri tabiatini va o’zaro nisbatini ochadi, boshqa tomondan, ijtimoiy hayotda butun hodisa sifatida uning vazifasini ochib berishga yordamlashadi.
Huquqiy ong faqatgina huquqiy normalarni va qoidalarni vujudga keltirish sababchisi bo’lib qolmasdan, balki uning bajarilishini ta’minlashning ma’naviy negizini yaratish vazifasini bajaradi. U qonunchilik tashabbusining, huquq ijodkorligining, huquqni takomillashtirishning, xuquqni tatbiq qilishning va qonunchilikni mustahkamlashning muhim omilidir. Qonun yaratish jarayonida jamoat tashkilotlari va mehnatkash omma ishtirokining kengayishi huquqiy ongning bu ishga aktiv tasiri ostida amalga oshadi. Huquqiy ongga amaldagi qonunlar tizimi va qonunchilikni mustahkamlash faoliyati va amaliyoti ta’sir etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |