II. BOB. O’ZBEKISTONDA HUQUQIY SAVODXONLIKNI OSHIRISH MAQSADIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISHLAR.
2.1. Konstitutsiya-izchil huquqiy islohotlar asosi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi milliy davlatchiligimizning chuqur ildizlari va rivojlangan mamlakatlar tajribalariga asoslangan holda, xalqimizning yuksak ijtimoiy-siyosiy tafakkurining mahsuli sifatida qabul qilingan bo‘lib, respublikamizda amalga oshirilayotgan barcha izchil islohotlarning huquqiy poydevoriga aylandi.
«Konstitutsiya» so‘zi lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, o‘rnatish, belgilash, tasdiqlash, tuzilish, tuzuk ma’nolarini bildiradi. Dunyoda birinchi Konstitutsiya 1787 yil AQSHda qabul qilingan. Yevropada esa birinchi bo‘lib, 1791 yili Polsha o‘z Konstitutsiyasini qabul qilgan.
Konstitutsiyaga umumiy tarzda «oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan, bir tomondan inson va ikkinchi tomondan davlat o‘rtasidagi munosabatlar asoslarini, shuningdek davlatning o‘zini tashkillashtirish va faoliyat ko‘rsatish asoslarini tartibga soladigan huquqiy normalar tizimi», deya ta’rif berish mumkin.
Har bir davlatning Konstitutsiyasi o‘ziga xos jihatlarga ega bo‘lib, uning milliy hususiyatlari, an’analaridan kelib chiqadi. Xorijiy mamlakatlar tajribasida Konstitutsiyalar bir qator turlarga ajratiladi.
Konstitutsiyalarning tasniflanishi deganda, turli mamlakatlardagi konstitutsiyalarni turli mezonlarga (kriteriyalarga) asosan har xil guruhlarga (turlarga) bo‘lish tushuniladi.
Xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy huquqida konstitusiyalarni mazmunan quyidagicha tasniflash mumkin:
Birinchidan, konstitutsiyalarni ularning mohiyatiga ko‘ra, quyidagi turlarga bo‘lish mumkin:
Yuridik (formal) konstitutsiya – davlatning Asosiy qonuni bo‘lib, alohida tartibda qabul qilinadi va oliy yuridik kuchga ega hisoblanadi. Bunga aksariyat davlatlarning konstitutsiyalari misol bo‘ladi.
Faktik (moddiy) konstitutsiya – amaldagi real ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi konstitutsiya hisoblanadi.
Amaldagi konstitutsiya – hozirda amal qilayotgan, muayyan davlatning konstitutsiyaviy tuzumini belgilab beruvchi, mamlakatdagi eng asosiy ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi qonun hisoblanadi.
Soxta konstitutsiya – mazmunan jamiyat hayotini belgilab beruvchi qoidalar mavjud bo‘lsada, aslida bu qoidalarning aksariyati jamiyat hayotini tartibga solishda qo‘llanilmaydi. Masalan, SSSRning 1936 yil Konstitutsiyasida belgilangan qoidalarning real hayotdagi o‘rniga qiyosan razm solish orqali ko‘rish mumkin.
Ikkinchidan, konstitutsiyalarni shakliga ko‘ra, quyidagi turlarga bo‘lish mumkin:
Yozma konstitutsiya – mamlakatning oliy organi tomonidan yoki referendum yo‘li bilan qabul qilingan, oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan davlatning asosiy qonuni bo‘lib hisoblanadi. Bunga AQSH, Yaponiya, O‘zbekiston, Niderlandiya, Belgiya, Avstriya va boshqa davlatlar konstitutsiyalarini misol qilib keltirish mumkin.
Yozilmagan konstitutsiya – aynan bir yaxlit konstitutsiya tuzilishi holatiga keltirilmasdan, bir qancha davrlar oralig‘ida qabul qilingan qonunlardan iborat bo‘ladi. Bu qonunlarga konstitutsiyaviy qonun maqomi beriladi. Masalan, Isroil, Yangi Zelandiya kabi davlatlar konstitutsiyalari.
Yaxlit konstitutsiya – Konstitutsiya matni yaxlit bo‘lib, bir vaqtda qabul qilinadi. Masalan, Rossiya, O‘zbekiston, Braziliya Konstitutsiyalari yaxlit konstitutsiyalarga misol bo‘la oladi.
Yaxlit bo‘lmagan konstitutsiya – bunday Konstitutsiya matni bir necha davrlar oralig‘ida qabul qilinadi. Masalan, Shvesiya, Finlandiya konstitutsiyalari.
Doimiy konstitutsiya – xorijiy mamlakatlarda qabul qilingan aksariyat konstitutsiyalar doimiy konstitutsiyalar hisoblanadi.
Vaqtinchalik (muvaqqat) konstitutsiya – ma’lum bir muddat davomida amal qiluvchi konstitutsiya. Masalan, 1970 yil Iroqda, 1971 yilda Birlashgan Arab Amirligida harakatda bo‘lgan konstitutsiyalar.
Uchinchidan, jahon konstitutsiyaviy amaliyotida konstitusiyalar o‘zgartirish tartibining murakkabligiga qarab «yumshoq» va «qattiq» konstitutsiyalarga ajratiladi.
«Yumshoq» konstitutsiya deganda nisbatan oson o‘zgartiriladigan, o‘zgartirish kiritish tartibi sodda bo‘lgan konstitutsiya tushuniladi. «Qattiq» konstitutsiya deganda, o‘zgartirish kiritish tartibi murakkab bo‘lgan, birmuncha muddat davom etadigan konstitutsiya tushuniladi.
«Yumshoq» konstitutsiyalar oddiy qonunlar uchun belgilangan tartib asosida o‘zgartiriladi yoki to‘ldiriladi. «Qattiq» konstitutsiyalar alohida o‘rnatilgan tartibga muvofik (qo‘shimchalar taqdim etilgandan so‘ng ma’lum vaqt o‘tgach yoki malakali ovoz berish – deputatlarning 2/3 qismi ovozi bilan, federatsiya sub’ektlarining hammasi ratifikatsiya qilgan taqdirda va hokazo) o‘zgarishi mumkin. Masalan, AQSH Konstitutsiyasiga ikki yuz yildan ortiq amal qilgan vaqt mobaynida atigi 27 ta tuzatish kiritilgan.
To‘rtinchidan, konstitutsiyalarni ularning ijtimoiy mazmuniga qarab ham bir necha turga bo‘lish mumkin. Ular quyidagilar: g‘arb mamlakatlar konstitutsiyalari, rivojlanayotgan mamlakatlar konstitutsiyalari, o‘tish davri mamlakatlari konstitutsiyalari, teokratik davlatlar konstitutsiyalari.
Hozirgi kunda dunyoda 300 dan ortiq konstitutsiya bor (federativ davlatlar sub’ektlarining konstitutsiyalari bilan birga). Bu konstitutsiyalar turli tarixiy davrda qabul qilingan bo‘lib, har xil ijtimoiy mazmunga ega.
Dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlarda hech bir shaxs, hech bir fuqaro o‘z ijtimoiy-shaxsiy hayotini, o‘zining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni Konstitutsiyasiz tasavvur qila olmaydi. Chunki har bir shaxs kundalik hayotida Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklariga bevosita murojaat qiladi hamda ushbu Asosiy qonunga o‘zining huquq va erkinliklarini kafolatlab beruvchi oliy yuridik hujjat sifatida qaraydi. Shuning uchun ham demokratik jamiyatda yashayotgan har bir shaxs Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini chuqur anglab olishi hamda shaxsiy hayotida uchrab turadigan muammolarning yechimini aynan Konstitutsiyadan topa bilishi zarur.
2.2. O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish tamoyillari.
O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish asosiy maqsad qilib olingan ekan, Prezidentimiz Islom Karimov aytganidek: «Demokratiyaning eng muhim tamoyili – odamlarning saylov huquqini, o‘z xohish-irodasini erkin ifodalash, o‘z manfaatlarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilish huquqini ta’minlash uchun haqiqiy shart-sharoit, qonuniy-huquqiy zamin yaratib berish lozim». Aynan mazkur masalalarning yechimi bevosita Konstitutsiyaning qabul qilinishi bilan bog‘liq edi. Shu bois ham Sobiq Ittifoq respublikalari orasida birinchilardan bo‘lib 1990 yilning iyunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining ikkinchi sessiyasida yangi konstitutsiya loyihasini tayyorlash uchun 64 kishidan iborat Konstitutsiyaviy Komissiya tuzildi.
1991 yil 31 avgustda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilindi va «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Unda belgilangan qoidalar amaliyotda bir yarim yil mobaynida sinovdan o‘tdi, so‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining loyihasiga kiritildi.
Konstitutsiya loyihasini tayyorlash borasidagi barcha ishlar prezidentimiz Islom Karimovning bevosita rahbarligida amalga oshirildi. Konstitutsiyaviy komissiyaning ustuvor vazifasi etib respublikamizning o‘ziga xos jihatlari va xususiyatini munosib ravishda aks ettiradigan, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan, jahon tajribasini, demokratiya va eng rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyaviy qonunchiligi erishgan yutuqlarni inobatga oladigan Asosiy qonun loyihasini tayyorlash belgilandi. Loyihani tayyorlash chog‘ida Yevropa, Osiyo, Amerika mamlakatlarining konstitutsiyalari o‘rganib chiqildi. U inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va inson huquqlariga oid boshqa xalqaro hujjatlarni inobatga olgan holda tayyorlandi.
Konstitutsiyaviy komissiyaning a’zosi akademik Sh. O‘razaev shunday so‘zlarni yozgan: «Prezidentimiz shunda ham juda taqchil vaqtidan fursat ajratib, Konstitutsiya loyihasini tayyorlash bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhning a’zolarini qabul qilar, loyihani qayta-qayta o‘qib chiqar, uning matnini chuqur mushohada qilar va unga tuzatishlar kiritardi. Bu kishining g‘oyat ajoyib tahlil qobiliyati, kelajakni oldindan ko‘ra olishi, nozik his etish iste’dodi bizni nihoyatda hayratga solardi. U mehnatga doimo tayyor, hamisha izlanishda, ishning mohiyatini tushunishga va u bo‘yicha eng maqbul qaror chiqarishga intilardi. Konstitutsiyaviy komissiyaning raisi loyihaning har bir tafsilotiga e’tibor berar, unga o‘z qo‘li bilan tuzatishlar va aniqliklar kiritardi, ishga astoydil yondashish, ishbilarmonlik va bilimdonlik namunasini ko‘rsatar edi.
Prezident – o‘ziga nisbatan juda talabchan shaxs. U yarim tungacha ishlar va ishning juda katta qismini o‘z zimmasiga olardi. Kunlar ketidan kunlar, shanba va yakshanba dam olish kunlari ham shu tariqa o‘tardi.
Prezidentimiz Islom Karimov Konstitutsiya loyihasini ayollar va erkaklarning teng huquqliligi, davlatning madaniy yodgorliklar, onalik va bolalikni muhofaza qilish haqidagi moddalar bilan to‘ldirishni taklif qildi, asosiy e’tiborni Konstitutsiyaning inson va fuqarolar erkinliklari va burchlarini qonuniy mustahkamlovchi moddalariga qaratdi. Prezident Konstitutsiya loyihasini birinchi marta e’lon qilguncha to‘rt marta, keyingi e‘lon qilingunicha esa yana ikki marta tahrir qildi. Fuqarolarning aniq takliflari va mulohazalarini o‘rganib chiqib, Oliy Kengash sessiyasidan avval loyihani qo‘lida qalam bilan yana bir bor ko‘rib chiqdi».
Yurtboshimiz Islom Karimovning Konstitutsiyada o‘z aksini topgan g‘oyalari uning 1992 yil yozida chop etilgan «O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li» asarida ifodalab berildi. U shunday deb yozgan edi: «Mustaqil O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasi yangi jamiyatning ishonchli huquqiy kafolatlarini shakllantiradi va mustahkamlaydi. Bu Asosiy Qonun har tomonlama va chuqur o‘ylangan umumxalq muhokamasidan keyin demokratik yo‘l bilan qabul qilinadi. Umumiy g‘oyasiz bizning ko‘p millatli mamlakatimizda mustahkam ma’naviy makonni yaratish mumkin emas. Konstitutsiya bizga inson huquqlari, ozodlik, barkarorlik va taraqqiyot majmuini ifodalaydigan demokratik, huquqiy va adolatli davlatni qanday qilib qurish yo‘llarini ochib beradi». Ushbu asar O‘zbekiston Konstitutsiyasining loyihasini tayyorlashga asos bo‘ldi.
1992 yil 8 sentyabrda Konstitutsiyaviy komissiya bajarilgan ishni ma’qulladi va Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilishga qaror qildi. Ushbu yig‘ilishda loyihani oxiriga yetkazish va tahrir qilish uchun ishchi guruh tuzildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Konstitutsiyamizni ishlab chiqishda bevosita xalqimizning, mamlakatimiz fuqarolarining o‘rni ham beqiyos. Konstitutsiyamiz loyihasi umumxalq muhokamasi uchun 1992 yil 26 sentyabrda hamda 21 noyabrda matbuotda e’lon qilindi. Mazkur muhokamalar fuqarolarning siyosiy faolligi, ijodiy ko‘tarinkiligi ruhida o‘tdi hamda O‘zbekistonda demokratiya rivojining samarali va amaliy maktabi bo‘ldi. Muhokamada mamlakatimiz katta yoshdagi aholisining deyarli hammasi ishtirok etdi. Matbuotda, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlarda qizg‘in bahs-munozaralar bo‘ldi, ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazildi, Konstitutsiya loyihasiga doir masalalar bo‘yicha bahs-munozaralar tashkil qilindi.
Birinchi marta Konstitutsiya loyihasi e’lon qilingach, Konstitutsiyaviy komissiyaga fikr-mulohazalar bildirilgan 600 taga yaqin xat kelib tushdi. Respublika matbuotining o‘zida Konstitutsiya loyihasiga bag‘ishlangan yuzdan ortiq materiallar e’lon qilindi. Kelib tushgan takliflarning soni 5 mingdan oshib ketdi. Konstitutsiya loyihasi kelib tushgan takliflarni inobatga olgan holda qayta ishlandi va ikkinchi bor muhokamani davom ettirish uchun matbuotda e’lon qilindi.
Shunday qilib, huquqiy pretsedent – ikki bosqichli umumxalq muhokamasi yuz berdi. Ushbu holat muhokama ishtirokchilarini faollashtirish uchun qudratli rag‘bat vazifasini bajardi. Buning natijasida umumxalq fikr almashuvi yangicha tus oldi. Mazkur aksiyaning ma’nosi shunda ediki, fuqarolar Konstitutsiyaning qayta ishlangan variantida Konstitutsiya loyihasini muhokama qilishdagi o‘z ishtiroklarining natijasini ko‘ra oldilar. Yangi variantda umumxalq muhokamasining dastlabki bosqichida kelib tushgan ko‘plab fikr-mulohazalar va takliflar o‘z ifodasini topdi. Odamlar Konstitutsiyaviy komissiya ularning ovozini eshitganligiga, takliflarining tegishli ravishda ko‘rib chiqilib, inobatga olinganligiga ishonch hosil qildilar.
Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi O‘zbekiston xalqining xohish-irodasini aniqlash, juda boy material to‘plash imkonini berdi. Ushbu material chuqur va har tomonlama o‘rganib chiqildi, umumlashtirildi va xalqning umumiy irodasi shaklida o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasi muhokamasiga kiritildi.
Yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov sessiyada Konstitutsiyani «xalqchil qomus»deb atab, uning loyihasi ustida taxminan ikki yil davomida ishlangani, ikki yarim oy mobaynida umumxalq muhokamasidan o‘tganligi va shu vaqt mobaynida u xalqning fikr xazinasi durdonalari bilan boyitilganligini, sayqal topganligini ta’kidladi.
Respublika Oliy Kengashining sessiyasida muhokama qilish uchun kiritilgan Konstitutsiya loyihasiga 80 ga yaqin o‘zgartishlar, qo‘shimchalar taklif etildi va aniqliklar kiritildi. Ularning ayrimlari muhim ahamiyatga ega edi. Parlament sessiyasining ishi davomida deputatlar ham Konstitutsiya loyihasiga bir qator o‘zgartishlar kiritdilar.
«Darhaqiqat, – deb yozadi O‘rta Osiyo bo‘yicha taniqli mutaxassis, professor L. Levitin, – O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyasida hozirgi zamon jamiyatlariga ularning siyosiy-huquqiy tashkil etilishi nuqtai nazaridan zarur bo‘lgan deyarli barcha narsa mavjud. Shaxsning mustaqilligi, hokimiyatlarning taqsimlanishi, mulkdorlik shakllarining xilma-xilligi, mafkuraviy rang-baranglik, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy plyuralizm, boshqariladiganlarning roziligiga asoslangan hukumat singari va ko‘plab boshqa demokratik qadriyatlar konstitutsiyaviy tuzumning prinsiplari sifatida tasdiqlanadi. Uzoq yillar davomida totalitar-mustabid tartibotning xomxayol-demokratik niqobi bo‘lib kelgan turli ko‘rinishdagi «sho‘rochiliklar» barham toptirilgan».
Ushbu fikrdan ham ko‘rinib turibdiki, bizning Konstitusiyamiz o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra mutlaqo yangi, o‘ziga xos an’analar, g‘oyalar milliy qadriyatlarimizni aks ettirgan demokratik Konstitutsiyadir.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi Muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob va 128 moddadan iborat. O‘z ichki tuzilishi bilan O‘zbekiston Konstitutsiyasi jahon konstitutsiyaviy amaliyotiga to‘la mos keladi. Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatiga, uning qabul qilinishida, birinchi navbatda, inson huquqi oliy qadriyat ekanligi singdirilgan. Uning asosiy mantiqiy yo‘nalishi quyidagicha: inson – jamiyat – davlat manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida O‘zbekiston xalqini inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqliligi, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyati, o‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tayanilganligi, demokratiya va ijtimoiy adolat sadoqatini namoyon qilib, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlash, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash asosiy maqsad sifatida belgilandi va mazkur qoidalar konstitutsiyamizning qanchalik demokratiyaviyligini, xalqchilligini ko‘rsatadi.
Konstitutsiyamizning asosiy prinsiplar deb nomlangan birinchi bo‘limi I bobidagi 6 ta moddasining deyarli har birida belgilangan qoidalar mamlakatimiz hayotida bosh huquqiy prinsiplar bo‘lib kelmoqda. Ya’ni, «davlat suvereniteti», «xalq hokimiyatchiligi», «Konstitutsiya va qonunning ustunligi», «tashqi siyosat» prinsiplaridan kelib chiqib, mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida, O‘zbekiston o‘z davlat ramzlariga ega bo‘ldi, mustaqil davlat hokimiyati tarmoqlari tizimi shakllandi, kuchli ijtimoiy himoya siyosati belgilandi, fuqarolik jamiyatining muhim elementlari hisoblangan siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari, oila, ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining mustahkam huquqiy asoslari yaratildi.
Konstitutsiyaning ikkinchi bo‘lim – inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinlari va burchlarida ko‘rsatilgan qoidalar mamlakatimiz o‘z oldiga qo‘ygan insonparvar huquqiy demokratik davlat barpo etish maqsadining amaliy ifodasidir. Xususan, Konstitutsiyamizning 18-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.
Mazkur konstitutsiyaviy norma barcha fuqarolarning huquq va erkinliklari tengligini, hech kimning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar kamsitilishi mumkin emasligini kafolatlaydi. Masalan, Konstitutsiyamizning 20-moddasida: «Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart», – deb belgilangan. Bu fuqarolar o‘z huquq va manfaatlaridan foydalanar ekan, o‘zgalarning xuddi shunday huquqqa ega ekanliklarini unutmasliklari lozimligini anglatadi. Zero, Konstitutsiyamizning ikkinchi bo‘limida kafolatlangan huquq va erkinliklar barcha fuqarolarga tegishlidir.
Konstitutsiyamizning 24-moddasida yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir, deyilgan. Bu yashash huquqi inson va fuqarolarning tabiiy huquqi hisoblanib, u o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi va uning o‘limi bilan tugashini ifodalaydi.
Insonning tabiiy huquqi (yashash huquqi) va uni himoya qilish davlat hamda barcha jamoat tuzilmalari faol harakatlarining keng doirasini, har bir mavjud inson turmushining xavfsiz ijtimoiy va tabiiy muhitini, turmush sharoitini o‘z ichiga oladi.
Insonning yashash huquqi, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, qonuniy ta’minlanadi. Mazkur norma 1948 yilda qabul qilingan va 60 yilligi nishonlanayotgan inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasiga ham to‘liq mos tushadi.
«Hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas», – deb belgilangan Konstitutsiyaning 26-modda uchinchi xatboshisida. Bu, agar uning roziligi bo‘lmasa, hech bir insonda uning ustidan ilmiy tajriba qilib ko‘rilishi mumkin emasligini bildiradi.
Konstitutsiyaning VIII – siyosiy huquqlar bobi fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini kafolatlaydi. Xususan, 32-moddada: «O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini-o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish yo‘li bilan amalga oshiriladi», – deb belgilangan. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda saylov va referendumlarda, bevosita hamda oliy va mahalliy vakillik organlariga saylaydigan o‘z vakillari orqali ishtirok etadilar. Erkin saylov huquqining amalga oshirilishi, erkin hamda chinakamiga ifoda etiladigan xalq irodasi hokimiyat va har qanday hukumat qonuniyligining asosi ekanligi va har bir shaxsning o‘z davlatini boshqarishda bevosita yoki o‘z vakillari orqali qatnashish huquqi ko‘pgina xalqaro hujjatlarda, jumladan, YeXHT ning Kopengagenda qabul qilingan hujjatida ham ta’kidlangan. Ushbu hujjat talablariga ko‘ra: «Ishtirok etuvchi davlatlar tegishincha o‘z fuqarolarining bevosita yoki haqiqiy saylov jarayonida o‘zlari erkin saylaydigan vakillar orqali mamlakatni boshqarishda qatnashish huquqlarini hurmat qiladilar». Mamlakatimizda bosqichma-bosqich olib borilayotgan izchil islohotlar ham bevosita fuqarolarimizning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirokini kafolatlashga qaratilgan.
Konstitutsiyamizning 35-moddasida: «Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega», – deyilgan. Bu bilan inson, uning qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda, davlat organlariga, nodavlat tashkilotlariga, jamoat uyushmalari yoki o‘zini-o‘zi boshqaruv idoralariga ariza berish huquqiga ega ekanligi, mazkur organlar esa arizalarni qonunlarda belgilangan tartibda va aniq bir muddatda ko‘rib chiqishlari shartligi qonunan mustahkamlangan.
Konstitutsiyaning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar nomli IX bobida fuqarolarning mehnat qilish, mulkdor bo‘lish, merosxo‘r bo‘lish, bilim olish, ilmiy texnikaviy ijod erkinligi, ijtimoiy ta’minot olish huquqlarini kafolatlangan. Xususan, 36-moddada: «Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli. Bankka qo‘yilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi», – deb belgilangan. Bu o‘z navbatida mustaqil davlatchilik, aytish mumkinki, uning Asosiy qonuni – Konstitutsiyasi fuqarolarga bergan eng katta imkoniyatlaridan biri – qonun yo‘l qo‘ygan asoslarda mulkdor bo‘lishdir.
Mulkdorlik, bir so‘z bilan aytganda, huquqlar va majburiyatlar (mas’uliyat) birligidir. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi mulk huquqiga shaxsning o‘ziga qarashli molmulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iborat, deb ta’rif beradi.
Konstitutsiyamizning 37-moddasida: «Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir», – degan qoida mustahkamlangan.
«Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi».
Barcha fuqarolar mehnat huquqlariga ega bo‘lish va ulardan foydalanishda teng imkoniyatlarga egadirlar. Jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqei, dinga bo‘lgan munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik qobiliyatlariga va ular mehnatining natijalariga aloqador bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida har qanday cheklashlarga yoki imtiyozlar belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi va bular kamsitish deb hisoblanadi.
Mehnat sohasida mehnatning muayyan turiga xos bo‘lgan talablar yoki davlatning yuqoriroq ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslar (ayollar, voyaga yetmaganlar, nogironlar va boshqalar) to‘g‘risidagi alohida g‘amxo‘rligi bilan bog‘liq farqlashlar kamsitish deb hisoblanmaydi.
Konstitutsiyamizning X bobi inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlariga bag‘ishlangan bo‘lib, xususan, Konstitutsiyamizning 43-moddasida: «Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi», – deb belgilangan.
Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquq va erkinliklarini amalga oshirishni davlat tomonidan ta’minlashga yordam beradigan vositalar, usullar va shart-sharoitlar majmui kafolat tushunchasini beradi. Kafolatning asosiy vazifasi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirish jarayonida vujudga keladigan to‘siqlarni bartaraf etish bilan bog‘liq bo‘lgan majburiyatlar bajarilishini ta’minlashdir. Umuman olganda «kafolat» so‘zining lug‘aviy ma’nosi bu – mas’uliyatni, javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan holda ishontirish, ta’minlashdir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XI bobi fuqarolarning burchlariga bag‘ishlangan bo‘lib, barcha fuqarolarning, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida yashovchi har bir insonning eng muhim majburiyatlaridan biri Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish, Asosiy qonunda belgilab qo‘yilgan burchlarni bajarishdir (47 va 48-moddalar).
Konstitutsiya va qonunlarda jamiyat va davlatning ijtimoiy-siyosiy asoslari, mamlakatda o‘rnatilgan huquqiy tartibot, ijtimoiy munosabatlarning butun tizimi ifoda etiladi. Shu sababli ularga har bir fuqaro qat’iy rioya etishi shart. Bu qoidalarni har qanday ko‘rinishda buzish davlat, jamiyat va fuqarolarning manfaatlariga putur yetkazadi. «Fuqarolar, deb ta’kidlanadi Konstitutsiyaning 48-moddasida, Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar».
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi har tomonlama pishgan va inson faoliyatining turli jabhalarini bevosita yoki bilvosita tarzda aks ettirgan Asosiy qonun bo‘lib hisoblanadi.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda Konstitutsiyamiz asosida davlat va jamiyat qurilishi sohasida izchil demokratik islohotlar amalga oshirildi: ikki palatali parlament shakllantirildi, Prezidentning ayrim vakolatlari Senatga o‘tkazildi, saylov tizimida muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi, Prezidentning vakolat muddati uzaytirildi, o‘lim jazosi bekor qilindi, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazildi va boshqalar.
Mazkur izchil islohotlarga so‘zsiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bosh huquqiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu o‘rinda, Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senata qo‘shma majlisidagi «Bizning bosh maqsadimiz – jamiyatni demokratlashtirish va yangilash malakatni modernizatsiya va isloh etishdir» ma’ruzasida mamlakatda ilk bor ikki palatali parlamentga bo‘lib o‘tgan saylovlar, mustaqil demokratik davlat hayotida o‘ziga xos o‘rin tutdi hamda asosiy g‘oya, maqsad bo‘lgan demokratik davlat va fuqorolik jamiyatini qurush sari navbatdagi muhim ahamiyatga molik bo‘lgan qadam bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek: «Ikki palatali parlament barpo etishdan maqsad, avvalo, mamlakatni modernizatsiya qilish borasida uzoqni ko‘zlaydigan kuchli davlatdan kuchli jamiyat sari degan tamoyilni o‘zida ifoda etadi».
O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 11 aprelda qabul qilingan «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy Qonuni hamda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga tuzatishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni mamlakatimizda davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirishga, siyosiy partiyalar rolini oshirishga, eng muhimi, ijro hokimiyati va qonun chiqaruvchi hokimiyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda izchil huquqiy islohotlarni ta’minlashga xizmat qiladi.
2008 yil 25 dekabrda qabul qilingan «Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun mamlakatimizning saylov qonunchiligini izchil erkinlashtirish va demokratlashtirish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur qonunda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasiga, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi, «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekistan Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenta to‘g‘risida»gi, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi, «Xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputatini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini va Senati a’zosini chaqirib olish to‘g‘risida»gi Qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasiga, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi Qonunning 1-moddasiga, «Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy Qonunning 5-moddasiga, O‘zbekiston Respublikasining 2002 yil 12 dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy Qonunning 2-moddasiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida deputatlik o‘rinlari sonini 120 tadan 150 taga ko‘paytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritildi. Bunda 135 deputat hududiy saylov okruglari bo‘yicha ko‘p partiyaviylik asosida saylanadi. O‘n beshta deputat esa O‘zbekiston ekologik harakati tomonidan ko‘rsatiladi.
Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga kiritilgan yana bir o‘zgartish hokimiyat vakillik organlariga fuqarolarning tashabbuskor guruhlaridan nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qoidaning chiqarib tashlanishi hisoblanadi. Ya’ni saylov to‘g‘risidagi avvalgi qonun hujjatlariga muvofiq siyosiy partiyalar bilan bir qatorda bevosita fuqarolar ham tashabbuskor guruhlarlar orqali o‘z nomzodlarini taqdim etishlari mumkin edi. Hozirda saylovchilar tashabbuskor guruhlari tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish saylov qonunchiligidan chiqarib tashlandi. Bu o‘z navbatida siyosiy partiyalarga davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtiroki uchun yanada kengroq imkoniyat berishni ko‘zda tutadi.
Shu bilan birga, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi Qonunning 20-moddasiga kiritilgan o‘zgartishlarga asosan saylovda ishtirok etish niyatida bo‘lgan partiyani O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olishning avval belgilangan muddati qisqartirildi. Xususan, avval ushbu muddat 6 oy qilib belgilangan bo‘lsa, endilikda bu muddat 4 oyni tashkil etadi. Shuningdek, mukaddam siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lish uchun 50 ming nafar saylovchining imzosini to‘plashi lozim bo‘lgan bo‘lsa, endi bu miqdor 40 ming nafarga kamaytirildi.
Shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi Qonunning 28-moddasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillari soni avvalgi 5 nafar o‘rniga 10 nafargacha ko‘paytirildi. Ushbu qoida o‘z navbatida siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarga o‘z saylovoldi kampaniyalarini saylovchilarning yanada kengroq doirasini qamrab olgan holda faol o‘tkazish imkonini beradi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga hamda mahalliy vakillik organlariga o‘tkazilgan so‘nggi saylovlarda fuqarolarimizning faolligi, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi erkin raqobat yaqqol namoyon bo‘ldi. Mamlakatimizda 2009 yil 27 dekabrda o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida fuqarolaramiz faol ishtirok etdilar. Shu bilan birga saylov yakunlariga ko‘ra, siyosiy partiyalar va ular ko‘rsatgan deputatlikka nomzodlar o‘rtasidagi kuchli raqobat natijasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o‘tkazuvchi 135 ta saylov okrugidan 39 tasida nomzodlarning birortasi ham saylanish uchun zarur miqdorda ovoz to‘play olmagandilar. Shu sababli 2009 yil 30 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mazkur saylov okruglarida 2010 yil 10 yanvarda takroriy ovoz berishni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Saylov Qonunchiligiga binoan, takroriy ovoz berish 39 ta saylov okrugining har birida asosiy saylovda saylovchilarning eng ko‘p ovozini olgan ikki nafar deputatlikka nomzod ishtirokida o‘tkazildi. Ushbu okruglarda saylovchilar ro‘yxatiga familiyalari kiritilgan 4 million 969 ming 547 saylovchining 3 million 960 ming nafari yoki 79,7 foizi takroriy ovoz berishda qatnashdi. Takroriy ovoz berishda siyosiy partiyalarning 8260 nafar kuzatuvchisi va vakolatli vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovlar yakuniga ko‘ra 150 deputat saylandi. Shu jumladan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 53 nafar, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan 32 nafar, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan 31 nafar, O‘zbekiston «Adolat» sotsial demokratik partiyasidan 19 nafar deputat saylandi. Qolgan 15 nafar deputat esa O‘zbekiston Ekologik harakatining vakillaridir. Saylangan 150 deputatning 33 nafarini yoki 22 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. E’tiborli tomoni shundaki, saylangan deputatlarning 47 nafari yoki 31,3 foizi ilgari Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan. Bu ularning o‘z saylovchilari ishonchiga sazovor bo‘lganidan dalolat beradi. Shuningdek, parlament quyi palatasi deputatlarining 34 foizi huquqshunoslar, 37 foizi iqtisodchilardir. Qolganlari esa boshqa soha vakillaridan iborat. Ko‘rinib turganidek, deputatlar tarkibini jamiyatning deyarli barcha qatlamlari vakillari tashkil etadi.
Saylov jarayonining ochiq va oshkora ruhda o‘tishida ommaviy axborot vositalari, mahalliy va xorijiy kuzatuvchilarning faoliyati ham muhim ahamiyat kasb etganini alohida ta’kidlash joiz. Mazkur katta siyosiy tadbirni 500 dan ortiq mahalliy va 200 dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositalari yoritib bordi. Dunyoning 36 ta mamlakati va to‘rtta xalqaro tashkilotdan 270 dan ziyod kuzatuvchilar, shuningdek deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalarning 60 mingdan ortiq kuzatuvchilari va vakolatli vakillari saylovni monitoring qilib bordi. Bu esa mamlakatimizda olib borilayotgan izchil demokratik islohotlar natijasida saylov qonunchiligimiz saylov o‘tkazishning xalqaro standartlariga to‘la mos kelishining yaqqol dalilidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yoshidan qat’i nazar, barcha fuqarolarimiz o‘rganishlari lozim. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 4 yanvarda e’lon qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoyishi ham mazkur yo‘nalishdagi muhim qadam bo‘ldi. Darhaqiqat, ko‘p narsa mamlakatda Konstitutsiyani ommaviy ravishda o‘rganish hamda uni hayotga tatbiq etishga bog‘liq. Mana shu maqsadda davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston Konstitutsiyasini bolalar bog‘chasidan boshlab o‘rgatish, maktablarda darslik tariqasida o‘qitish hamda oliy o‘quv yurtlarida maxsus dars sifatida o‘rganish vazifa qilib qo‘yildi. Chunki har bir shaxs kundalik hayotida Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklariga bevosita murojaat qiladi.
Konstitutsiya o‘zining tub mazmun mohiyati bilan inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlab beruvchi oliy yuridik hujjatdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |