Kurs ishidan ko‘zlangan maqsad: Y.G’.G’ulomovning ilmiy merosi mavzusi haqida bilimlar berish. Mazkur mavzu bo‘yicha hech qanday bo‘shliq bo‘lmasligini ta’minlash, Y.G’.G’ulomovning ilmiy merosi haqida bilimlarga ega bo’lish va bilimlarimizni rivojlantirish;
Kurs ishining vazifalari: Mavzuni yoritishda qo’yilgan vazifalar quyidagilar:
-mavzuga oid manbalarni to’plash;
-mavzuga doir adabiyotlarni o’rganish va tahlil qilish
-mavzuni yoritib berish
Kurs ishining ob’yekti va predmeti. Y.G’.G’ulomovning ilmiy merosi mavzusi bilan bog'liq tarixiy jarayonlar tadqiqotning predmetini tashkil qilsa, mavzuni o'rganishga xizmat qiluvchi yozma manbalar, asarlar obyektini tashkil qiladi.
Mavzuning nazariy asosi. Mavzuni o'rganish jarayonida unga haqqoniy, ilmiy tahlilga asoslangan qarash, xolislik, tarixiylik tamoyili, bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda yondashishga harakat qilindi. Masalani yoritishda manbashunos, tarixchi olimlarning tarixiy-ilmiy yutuqlari,qarashlari,ilgari surilgan g'oyalar va fikrlari nazariy- uslubiy asos bo'lib xizmat qildi.
Ishning tarkibiy tuzilishi. Ushbu kurs ishi kirish, ikki bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhatidan iborat.
II. Asosiy qism
I-Bob. Y.G’.G’ulomovning hayoti va ilmiy faoliyati
1.1. Y.G’.G’ulomovning hayoti
Yahyo G’ulomov 1908-yilning 1-may kuni Toshkentning Shayhontohur dahasidagi Oqmachit mahallasida tug’ilgandi. Bo’lajak arxeologning otasi G’ulomxon qadim Shoshdagi dovruq taratgan Xo’ja Ahror madrasasida mudarrislik qilgan, onasi Soraxon mahalladagi maktabda qizlarga saboq berardi. Ana shunday ilmga ixlos qo’ygan oilada voyaga yetgan Yahyo bolaligidan zehnli bo’lib o’sdi2. Biroq oila katta bo’lib, G’ulomxonning Eshonxon, Odilqori, Yahyo, Said Ahmad, Akrom va Roqiya ismli oltita farzandlari bilan birga opasidan yetim qolgan to’rtta yoshgina jiyanlariyam ular qaramog’ida edi. Shu bois, qolaversa, G’ulomxon mudom madrasadagi ishlar bilan band bo’lganligi sababli, xonadonga qarashli bog’ning xo’jalik yumushlari farzandlari zimmasida bo’lgan. Yahyo ana shunday yumushlar bilangina band bo’lib qolmay, ilmga ixlos qo’ydi. Dastlab ota-onasidan saboq olgan bo’lsa, keyin «Namuna» nomli maktab-internatda Lutfillaqori, Xatibzoda, Ismoil muallim, Haydar Nosiriy, Akbar domla, Yusuf va Eson afandi kabi shu davrdagi eng mo»tabar o’qituvchilardan ta’lim oldi. Bu maskanda u Oybek, Buyuk Karimov, Fotih Orifov, Abdulla Boboxonov, Iso Razzoqov, Yoqub Aliev, Abdulla Rahimov, Saidazim Usmonov kabi kelajakdagi o’zbek xalqining yetuk ziyolilari bo’lib yetishgan ilmu fan namoyondalari bilan bir guruhda ta’lim tarbiya oldi.Ayni paytda Yahyo ijodga bo’lgan ishtiyoqi sabab «Bulutlar», «Turfa folbin», «Gilam jallobi» singari hajviyalarini maktabning devoriy gazetasida chop etdirdi.
O’smirlikning zavqli onlarini shunday xushnudlik bilan o’tkazgan Yahyo G’ulomov, 1927-30 yillarda Samarqanddagi o’zbek davlat pedagogika akademiyasi ijtimoiy va iqtisodiy bo’limida tahsil oladi.Bu dargohda u Po’lat Soliev , Abdurauf Fitrat, Vasiliy Vyatkindek o’z davrining ilg’or ziyolilaridan saboq oldi, Muso Saidjonov bilan hamkorlik qilib, ularga ixlos qo’ydi.
Yuqoridagi olimlar , xususan Po’lat Soliev (1882-1937-yillar) Astraxanda tug’ilgan, ammo taqdir yo’llari tufayli Turkistonga bir umr mehr qo’ygan, shu o’lkada yashab o’tgan ilk o’zbek tarixchi professori edi. Qozon, Ufadagi madrasalarini bitirgan Po’lat Majidovich 1909-yildan Toshkent, Qo’qon , Mirzacho’l, Jalolobod , Bekobod maktablarida o’quvchilariga saboq bergan, 1917-yildagi Turkiston muxtoriyati tashkil topishida jonbozlik ko’rsatgan arbob ham edi. U muxtoriyatning “El bayrog’i” gazetasining bosh muharriri sifatida faoliyat ko’rsatadi. Muxtoriyat tugatilgach, Farg’onada o’qituvchilikni davom qildiradi. 1919-yildan Toshkentga kelib maorif kurslarini tashkil etish, “Inqilob”, “Tong” jurnallarini nashr etishga bosh bo’ladi. Bir muddat Moskvada yashab ilmiy faoliyat bilan shug’ullanadi, 1927-yilda esa Samarqandga qaytib oliy pedagogika institutida talabalarga saboq bera boshlaydi.
“Mang’itlar saltanati davrida Buxoro o’lkasi”, “Buxoro tarixi”, “O’zbekiston ham Tojikiston”, “O’zbekiston tarixi” asarlarini yaratdi. Yahyo G’ulomov keyinchalik xotirlab yozganidek, “Po’lat Soliev Turkiston tarixi bo’yicha o’qigan ma’ruzalari xotimasida kishini avvalo o’z mamlakati, shahri va tug’ilib o’sgan qishlog’ining tarixini yaxshi bilishga da’vat etadigan, arab, fors, rus va turkiy tillarni, sharq tarixi, falsafasi, axloqi, tarixini mukammal biladigan shaxs edi”. Muso Saidjonov (1898-1937-yillar) Buxoroda-savdogar oilasida tug’ilgan bo’lib, dastlab Mir Arab madrasasida, keyin Kogondagi rus-tuzem maktabida tahsil olgan, o’z davrining ilg’or ziyolisi sifatida 1915-yildan Buxoroda “Maorif” nomli kitob jamiyatini tashkil qilgandi.”Yosh buxoroliklar” safida ham faoliyat ko’rsatgan M.Saidjonov 1920-yilda amirlik tugatilib BXR tashkil qilingach, savdo-sanoat, xalq maorifi noziri, iqtisodiy kengash raisi kabi vazifalarda ishlaydi3. 1924-1927-
yillarda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish tashkiloti boshlig’i sifatida ishlab, Buxorodagi ko’plab me’moriy obidalarni ta’mirlash, tadqiq qilishga bosh bo’ldi. 1928-1937-yillarda respublika tarixiy va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish qo’mitasiga raislik qilib, O’zbekistonning madaniy merosini avaylab asrash, ilmiy tadqiq qilish ishlariga rahbarlik qildi. Buxoro, Shahrisabzdagi me’moriy obidalar haqida kitoblar yaratdi. 1935-yilda Leningradda o’tkazilgan
sharqshunoslarning 3 xalqaro kongressida qatnashib ma’ruza o’qidi. Yahyo G’ulomov M.Saidjonov bilan hamkorlik qilarkan, undan qadim shaharlardagi obidalarning barpo etilishi, ularga ishlatilgan bo’yoq, minoralarning qay tariqa osmonga bo’y cho’zib barpo etilganiga oid ma’lumotlarni bilib oldi.
Abdurauf Fitratdek o’z davrining qomusiy olimi, shoir, dramaturgning bo’lajak akademikka o’tkazgan ta’siri, maslahatu-nasihatlari, o’z boshidan kechirganlari to’g’risidagi dardli hikoyalari esa, Yahyo akada sharq ziyolisidek ibratli SHAXSni ko’z o’ngida mujassamlashtirgandi. Yahyo G’ulomov bilan keyingi davrda, xususan Xorazmda o’tkazgan ekspeditsiyasida hamkorligi boshlanib, to umrlarining oxirigacha uchrashib, xat yozishib maslakdoshlik qilgan inson Abdulla Boltaev (1890-1966-yillar) edi.
Xiva xonligi davrlaridan otasi Muhammad Murod Said Pano bilan Ichan-Qa’ladagi obidalarda barpo bo’lishida, keyinchalik ularning ta’mirlanishida, Toshkentdagi A.Navoiy nomli opera va balet teatrining milliy uslubda jihozlanishi, sayqal topishida katta xizmat qilgan naqqosh, usta, o’z davrining mashhur Davlat mukofoti bilan taqdirlangan bu inson, tarix bilimdoni ham edi. Yahyo G’ulomov Xorazmga kelgan 1936-yilidayoq Xivaga kelib Abdulla Boltaev bilan tanishgan.Uning maslahatlari, Xorazm tarixi, obidalari, ularning barpo etilishi, ularga ishlatilgan bo’yoq, ularning sirlari, to’plagan qo’lyozma asarlari asosida Yahyo G’ulomov ko’plab ma’lumotlarga ega bo’ladi. Ana shular asosida, ularni boshqa manbalarga taqqoslab, arxeologik tajribalarini umumlashtirgan holda o’zining “Xiva va undagi me’moriy obidalar”, “Xorazmning sug’orilish tarixi” monografiyalarini yaratadi.Abdulla Boltaev naqqosh usta bo’lish bilan birga, o’zidan 88 ta daftarga arab alifbosida bitilgan Xorazm tarixiga oid o’zining yozgan, qariyib 10 jildga jo bo’lgulik asarlarni meros qoldirgan muarrix hamdir. Yahyo G’ulomov Xivada bo’lganida ana shularni mutoala qilgan holda “Xorazmda o’z biografiyasini to’liq saqlagan, materiallarini to’plab yosh olim va kelajak avlodlarga qoldira bilgan Abdulla akadir”, deya yozgandi.
O’z navbatida Abdulla Boltaev ham “Yahyo G’ulomov odamlardagi jamiki yaxshi fazilatlarni o’zida mujassamlashtirgan mehnatsevar, shu bilan birga chinakam katta olim”, deb baho bergan. Bugungi kunda Abdulla Boltaevning avlodlari xonadonida bobolaridan qolgan 88 ta noyob daftarlar bilan birga har ikkala maslakdosh fidoyi insonlarning yozgan xatlariyam avaylab saqlanmoqda. Vasiliy Vyatkin…Turkiston tarixi, fanida alohida muhim o’rin tutgan ushbu shaxsning faoliyati bo’lsa Yahyo G’ulomovdek yosh talabaga istiqbol eshiklarini ochib yubordi. V.V.Vyatkin (1869-1932-yillar) Samarqand obidalarining haqiqiy jonkuyari, hamkasbi Abu Said Maxzum bilan ko’plab obidalar tarixini tadqiq qilgan, ko’plab qo’lyozma asarlar to’plab ularni o’rgangan, hattoki 1908-yilda Samarqand shahrida Ulug’bekka haykal qo’yish tashabbusi bilan chiqishgandi.A.A.Semyonov, I.Sikora, N.G.Malitskiy singari olim va arboblar ham Vyatkinni qo’llab quvvatlab, bu borada 1914-yilda tuzilgan Ulug’bek merosini o’rganish, rasadxonasini ta’mirlash, haykalini barpo etish komitetini tuzishgandi.
Ana shunday tarix, milliy qadriyatlar jonkuyari bo’lgan olimlardan saboq olishi Yahyo G’ulomov uchun bir umrlik hayot dorulfununi bo’lib xizmat qildi. Bu paytga kelib o’rta asrlarda vayronaga aylanib qaerdaligi noma’lum bo’lgan Ulug’bek rasadxonasini topganidan, Afrosiyobda arxeologik tadqiqotlar olib borganidan Vyatkinning nomi fan olamidagina emas, Samarqandning oddiy aholisi orasidayam ancha mashhur edi. O’zbek, tojik, fors tillarini yaxshi bilgan Vyatkin Yahyodagi ilmga intilishni sezib unga ustozlik qildi. Yahyo G’ulomovning xotirlashicha, “Ma’ruzani u auditoriyaning u boshidan bu bu boshiga yurib o’qirdi..U na ma’ruza matniga, na talabalarga qarardi. Faqat baland bir nuqtaga tikilganicha voqealar, nomlar, sanalar va hatto voqealarga aloqador forscha she’rlarni yoddan aytardi. Birinchi ma’ruzasidayoq u mening ilgarigi qarashlarimni ostin-ustin qilib yubordi, chunki uning bilganlari oldida mening o’zimga bo’lgan e’tiqodim puchdek ko’rina boshladi4. U o’zining asosiy tarixiy manbalarini, X asr mualliflari Tabariy, Narshaxiy va keyingi asrlarda yashagan Ibn Asir, Juvayniy va boshqalarni shunday tavsiflab berdiki, ular qarshisida mening o’qib yurgan tarix kitoblarim hech bo’lib qoldi. Ma’ruza paytida uning so’zini bo’lib savol berardik va u berilgan savollarga albatta javob berardi. Chunki u kishi ma’ruzaning oxirida savolga vaqt qoldirmas, qo’ng’iroq chalinishi bilan chiqib ketardi. V.Vyatkin savol va javoblardan men uning ma’ruzasini juda e’tibor bilan eshitayotganimni payqagan shekilli, bir daf’a u auditoriyadan chiqishimni kutib turgan ekan, men yaqinlashishim bilan o’zbekchalab boyagi savolga javobini tavsiflab gapira ketdi. Menga asl manbalarni sinchiklab o’qishni birinchi bo’lib maslahat bergan ham shu V.Vyatkin bo’ldi. U bir ma’ruzadan keyin meni Samarqand eski shahriga olib ketib, Registon ko’chasidagi kutubxonaga olib kirdi. Unda ishlab turgan barcha yoshu qari o’rinlaridan turib Vyatkinni qarshi oldilar va “domla” deb u bilan o’zbek va tojik tillarida quyuq so’rasha ketdilar. Bu kishining mahalliy ziyolilar ichida bunchalik mo»tabar va ular bilan apoq-chapoq ekanini shunda payqadim”5.
Xullas, ana shu tariqa boshlangan ustoz-shogirdlik bois Vyatkin hamda I.R.Cheylitko Yahyo G’ulomovni arxeologiyadek sehrli kasbga oshno tutinishiga sabab bo’lishdi. Dastlabki arxeologik tadqiqotlari ham Yahyoning aynan Afrosiyobda, 1928, 1929-yillarda bo’lib o’tdi. 1931-yilda u Toshkentga qaytib xalq komissarlari kengashi huzuridagi tarixiy yodgorliklarni saqlash va ilmiy o’rganish qo’mitasida ish boshlaydi. Bu dargohda u M.Masson, A.Yakubovskiylar rahbarligida 1933-yildan Termiz va Zarafshondagi qadim obidalarda izlanishlar olib bordi.
Do'stlaringiz bilan baham: |