«Gazeta.uz» mutaxassisning Ta’lim inspeksiyasiga bergan intervyusidan muhim parchalarini e’tiboringizga havola etadi.
Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar haqida nimalar deya olasiz?
— Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ushbu masalada aynan bizning institutga hamkorlik va yordam borasida murojaat qilib, tashabbus bilan chiqqanligi uchun minnatdorchilik bildiramiz. Rossiya xalqaro tadqiqotlarda 1988 yildan (30 yil) buyon, PISA xalqaro tadqiqot dasturlarida esa tadqiqotning ilk davri — 2000 yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. Men 2000−2020 yillarda Rossiyaning PISA xalqaro tadqiqotlari bo‘yicha milliy koordinatori bo‘lganman.
Shuningdek, hamkorligimiz dastlabki kunlardanoq juda yaxshi va samarali tashkil etilganini e’tirof etmoqchiman. Biz READ (Rossiya Moliya vazirligi va Jahon banki o‘rtasidagi Rossiya ta’limini rivojlantirish va ko‘maklashish dasturi) doirasidagi ilk seminarda ishtirok etish uchun Moskvaga kelgan delegatsiyani yaxshi eslaymiz. (2019 yil fevral).
Mazkur loyiha doirasida o‘zbekistonlik hamkasblarimizga birinchi tayyorgarlik uchun Moskvada ilk seminarlar tashkil etilgan edi. Ushbu seminar uchun barcha viloyatlardan mutaxassislar tanlab olingani, ular bilan tayyorgarlik ishlari, suhbatlar olib borilgani va juda katta qiziqishga ega bo‘lgan mutaxassislar tashrif buyurgani bizni qoyil qoldirgan va xursand qilgan. Oldiga aniq maqsad qo‘yilgan mutaxassislar bilan ishlash biz uchun ham yaxshi maktab bo‘lgan edi. Zero, mamlakat xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishni o‘z oldiga aniq maqsad qilib qo‘ygan.
Prezident va hukumat tomonidan ta’lim tizimi oldida aniq vazifalar qo‘yilgani, bu shunchaki ta’lim holatini nazorat qilish emas, balki ta’lim tizimining qanday ahvoldaligi haqida ma’lumot beradigan, ta’lim sifatini yaxshilashga ko‘maklashadigan va uni yanada raqobatbardosh qiladigan yo‘nalish ekanligi hammaga tushuntirilganligiga amin bo‘ldik.
Bizning nazarimizda, birgalikda o‘tkazayotgan seminarlarimiz O‘zbekistonning raqobatbardoshligini global oshirish mexanizmi hisoblangan xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishga tayyorlash uchun juda muhim. Umid qilamizki, ushbu seminar doirasida muhokamadan so‘ng o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimini yaratishga kelishib olamiz. O‘zbekiston ta’lim inspeksiyasi va vazirlik tomonidan o‘zbekistonlik va rossiyalik pedagoglar, metodistlar va ta’lim sohasi mutaxassislari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish uchun platforma yaratildi. Ushbu platforma orqali biz tajriba almashish va turli mamlakatlarning natijalarini o‘rganish, tadqiqotga qanday tayyorgarlik ko‘rishlarini tahlil qilish va mamlakatni xalqaro tadqiqotlarga tayyorlash vositalarini birgalikda ishlab chiqishni rejalashtirmoqdamiz.
Ishonchim komilki, o‘zbekistonlik hamkasblarimning professional darajasi, qiziqishi va motivatsiyasi yaqin orada yaxshi natija beradi. Shuning uchun ham men hamkorligimizni yuqori baholay olaman.