11.5. Pul massasi va iqtisodiy sikllar
M. Fridmen Anna Shvarts bilan birga yozgan «Qo‗shma Shtatlarning
monetar tarixi (1867–1960 yil)» asarida katta hajmdagi materiallar
yordamida pul massasining kuchayishi bilan iqtisodiy sikl fazalari o‗rtasida
bog‗liqlik borligini ko‗rsatib berdi. U pul massasi o‗sishining tezlashuvi
yoki sekinlashuvini kuzatib, deyarli 100 yil mobaynida AQSh ning barcha
xo‗jalik dinamikasi pul massasi harakati bilan aniqlanib kelingan, degan
xulosaga kelgan. Pul massasining o‗sish sur‘atining o‗zgarishi ijtimoiy
mahsulot o‗sishida o‗zgarish keltirib chiqaradi. Pul massasining yuqori
o‗sish cho‗qqisi ishlab chiqarishning o‗sishini, pul massasining quyi nuqtasi
ishlab chiqarishning pasayishini keltirib chiqaradi. Shunday qilib, pul
massasi (muomaladagi pul miqdori) iqtisodiy hayotga iste‘molchilar va
firmalar sarf-xarajatlari orqali bevosita ta‘sir ko‗rsatadi.
Pul taklifining ko‗payishi bilan bog‗liq bo‗lgan o‗zgarishlar faqat
miqdor ko‗rsatkichlarida o‗z ifodasini topmaydi. Pulning aylanishi va
mahsulotlar miqdori doimiy bo‗lganda pul taklifining o‗zgarishi bahoga
to‗g‗ri ta‘sir ko‗rsatadi: pul taklifi kuchayganda uning xarid qobiliyati
pasayadi, ya‘ni baho oshadi. Agar pul taklifining ko‗payishi YaIM
ko‗payishi bilan birga olib borilsa, baholar oshmaydi.
Baholarning o‗zini o‗zi tartiblab turishi va pullarning sotib olish
qobiliyatining tenglashuvi natijasida pul sektori bilan tovar sektori
o‗rtasida zaruriy aloqa o‗rnatiladi.
Pul massasini tartiblash (ko‗paytirish) banklar tizimi orqali
resurslarning tarmoqlar o‗rtasida taqsimlanishiga ta‘sir ko‗rsatadi,
texnika taraqqiyotiga «yordam beradi», iqtisodiy faollikni qo‗llab-
quvvatlashga imkon beradi. Pul dastaklaridan nihoyatda ehtiyotkorlik
bilan foydalanish kerak. Pul massasi bilan iqtisodiy o‗sish o‗rtasida
muvozanat bo‗lishi zarur. Shu bois M. Fridmen monetar qoidalarni
qonun yo‗li bilan belgilash taklifi bilan chiqdi, unga ko‗ra real yalpi
ichki mahsulotning o‗sishi bir yilda 3 foizni tashkil etganda (AQSh
uchun) pul massasining o‗rtacha o‗sish sur‘ati 3-5 foiz miqdorida
belgilanishi lozim. Bu iqtisodiyotda faollikni keltirib chiqaradi. Agar pul
taklifining ko‗payishi yiliga 3-5 foizdan oshib ketsa, inflyatsiyaning
kuchayishiga olib keladi, agar pulning ko‗payishi 3–5 foizdan past
bo‗lsa, YaIM o‗sishi pasayadi.
249
M. Fridmen fikri bo‗yicha Buyuk turg‗unlik davri qiyinchiliklari eng
avvalo, federal rezerv tizimining (FRT) iqtisodiyotda pul miqdorining
kamayib ketishini bartaraf etishga qurbi yetmaganligi bilan bog‗liq (fond
bozorining sinishi va banklarning xonavayron bo‗lishi sababli). Pul
massasining yetishmasligi esa talabga salbiy ta‘sir ko‗rsatdi, real ishlab
chiqarish hajmi esa pasayib bordi. Bu yerda shu narsani aytish kerakki,
monetaristlarning tanqidi behuda bo‗lgani yo‗q, u keyinchalik o‗z
foydasini ko‗rsatadi. 1987-yil 19-oktabrda jahon miqyosida fond bozori
sinishi kuzatildi. Ammo FRT va boshqa markaziy banklarning qat‘iy
xatti-harakati tezda o‗z samarasini berdi. Rag‗batlantiruvchi pul siyosati
amalga oshirildi. Foiz stavkasi pasaydi, bu bank ishidagi sarosimani
to‗xtatdi.
Monetarizm konsepsiyasining keynschilikdan farqi. Yuqorida qayd
qilib o‗tilganidek, pul siyosati pul talabi va uning taklifi o‗rtasida nisbat
o‗rnatishga yo‗naltirilgan bo‗lishi kerak. Pul taklifining o‗sishi (pulning
o‗sish foizi) baholar barqarorlikni ta‘minlaydigan darajada bo‗lishi
lozim. M. Fridmen fikriga ko‗ra bunday darajani aniqlash juda
murakkab. Markaziy bank prognozlarida xatolar tez-tez uchrab turadi.
Iqtisodiy rivojlanishga aynan qaysi omillar ta‘sir ko‗rsatayotganligini
aniqlash qiyin va hatto mumkin emas. Qabul qilinayotgan qarorlar
kechikkan bo‗lishi va ba‘zida qarama-qarshi natijalarni keltirib
chiqarishi ham mumkin: masalan, ba‘zan ishlab chiqarishning o‗sishini
rag‗batlantirish ko‗zda tutilganda, pasayish kelib chiqadi, ya‘ni qabul
qilingan qaror o‗sishga to‗sqinlik qiladi.
Markaziy bank qisqa muddatli tartiblashning konyunkturali
siyosatidan voz kechishi va iqtisodiyotga uzoq muddatli ta‘sir ko‗rsatish,
pul massasini asta-sekin ko‗paytirib borish siyosatiga o‗tishi kerak. Pul
massasi nominal YaIM ga ta‘sir ko‗rsatadi.
Monetar konsepsiya va monetar tavsiyalar keynschilikdan farq qiladi,
ba‘zan esa unga qarama-qarshidir. Shu bilan birga iqtisodiyotni tartiblash
muammosidagi bu ikki yondashuv o‗rtasiga katta chegara qo‗yish ham
noto‗g‗ri. Har ikkala nazariya eng avvalo, bozor iqtisodiyoti sharoitida
qo‗llanishga qurilgan. Ma‘lum ma‘noda har ikkala nazariya bir-birini o‗zaro
to‗ldirib turadi (umumiy daromadni aniqlash nazariyasini tashkil etadi).
J.M.Keyns daromadlarining xarajatlarga miqdoriy bog‗liqligini asoslab berdi,
M.Fridmen esa daromadlarning pulga bog‗liqligini ko‗rsatib berdi. Shu bilan
birga, J.M.Keyns va M.Fridmen yondashuvlari o‗rtasida ayrim farqlar
mavjud. Ularning ba‘zilarini umumiy sxemali ko‗rinishda aks ettirish
mumkin (11.1-jadval).
250
Do'stlaringiz bilan baham: |