Tadqiqotning asosiy masalalari va farazlari: Dissertatsiyada tarix fanidagi samarali ilmiy yondashuv va usullarning qo‘llanilgani, muammoga aloqador ko‘p tarixiy hamda boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar tadqiqotlaridan foydalanilganligi hamda etnografik tadqiqotlarni yoritishning vositasi sifatida dala tadqiqotlari natijasida olingan yangi tarixiy maʼlumotlar va arxiv materiallari kabi birlamchi manbalarga asoslanilgani, tadqiqot natijalari Respublika va xalqaro ilmiy anjumanlarda muhokama qilinganligi, xulosa va takliflarning amaliyotga joriy etilganligi, olingan natijalarning vakolatli tashkilotlar tomonidan tasdiqlanganligi bilan izohlanadi.
Tadqiqot mavzusi bo‘yicha adabiyotlar sharhi(tahlili). Markaziy Osiyo xalqlari hunarmandchilik muammosi bir qator tadqiqotlarda tarixiy-etnologik aspektda o‘rganilgan bo‘lib, dissertatsiya mavzusiga oid tadqiqot ishlarini davriy-xronologik jihatdan uch guruhga:
- Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davri adabiyotlari
- Sovet hokimiyati yillarida olib borilgan tadqiqotlar
- mustaqillik yillarida nashr etilgan ilmiy adabiyotlar
Birinchi guruhga XIX asr oxiri – XX asr boshlarida tarixchi, iqtisodchi va sayohatchilar tomonidan chop etilgan adabiyotlarni kiritish mumkin. Mazkur tadqiqotlarning maqsadi o‘rganilayotgan muammoni yoritishga qaratilmaganligi bois, ularda asosan O‘rta Osiyodagi hunarmandchilik sanoati to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar berilgan.
Biroq, ayni paytda, mazkur davrga oid ayrim tadqiqotlarda Turkiston o‘lkasidagi kulolchilik, bo‘yoqchilik, ko‘nchilik, qog‘ozgarlik, ipakchilik hunarmandchilik tarmoqlari holati yaxshi yoritib berilgan. Shuningdek, Qoraqalpoq xalqi hunarmandchiligining ba’zi sohalari to‘g‘risida ma’lumot beruvchi asarlar ham e’lon qilingan bo‘lib, ulardan to‘qimachilik, temirchilik va zargarlikka oid qimmatli ma’lumotlarni topish mumkin.
Ikkinchi guruh sovet davri tarixshunosligiga oid, milliy hunarmandchilikni o‘rganishga bag‘ishlangan ko‘plab ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar chop etilgan. Asosiy adabiyotlar Т.А. Жданко, С.К. Камалов “Этнография Каракалпаков. XIX-начало XX века (Материалы и Исследования)”1, И.М. Джаббаров “Ремесло узбеков южного Хорезма в конце XIX - начале XX в. (Историко-этнографический очерк)”2, А. Алламуратов “Каракалпакская народная вышивка”3, Т.А. Жданко “Народное орнаментальное искусство каракалпаков, Труды Хорезмской археолого-этнографической экспедиции”4, С.П. Толстова, T.А Жданко, С.М Абрамзона., Н.А. Кислякова “Народы Средней Азии и Казахстанa”5, И.В. Савицкий “Народное прикладное искусство каракалпаков. Резьба по дереву”6. Ularda asosiy e’tibor qoraqalpoq xalqini tom ma’noda etnografik jihatdan o‘rganishga etnogenez masalalari bilan bir qatorda xo‘jalik hayotiga ham qaratilgan. Mazkur davrda qoraqalpoq hunarmandchiligiga bag‘ishlangan ishlar ham e’lon qilingan bo‘lib, ushbu tadqiqotlarda Qoraqalpoq xalqining shahar va qishloq aholisi duradgorlik, temirchilik, tikuvchilik, zargarlik, kashtachilik tarmoqlarining texnik uslubi, badiiy ishlov berish an’analari, mahsulot turlari yoritib berilgan. Bu ilmiy ishlarda soha tarixi, mahsulot tayyorlash texnikasi, dastgohlari, buyum bezaklari va ularni o‘ziga xos lokal xususiyatlari yoritilgan. Ushbu ishlarda hunarmandchilik tarmog‘i taraqqiyotiga ta’sir etgan ijtimoiy-iqtisodiy omillar masalalari to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirilgan.
Uchinchi guruhga O‘zbekiston mustaqilligi yillarida nashr etilgan tarix, etnografiya, arxeologiya, san’atshunoslik yo‘nalishlarida bajarilgan ishlarni keltirib o‘tish mumkin. Ayniqsa, tadqiqotning davriy chegarasini qamrab olgan XX asrning 50–60-yillarida qoraqalpoq hunarmandchiligi va hunarmandlarning ijtimoiy ahvoli haqida yoritilgan ishlar diqqatga sazovordir. Bu davrda yaratilgan tadqiqotlar ilmiy-nazariy jihatdan hunarmandchilik tarixiga xolis yondashilganligi va keng ko‘lamdagi manbalardan foydalanilganligi bilan ajralib turadi. Mustaqillik davri tadqiqodlari, jumladan, Jumladan, B.B.Utemuratovning , A.K.Saribayevning tadqiqotlarida hunarmandchilikning bir nechta sohalarini xususan, to‘qimachilik masalalarini tahlil qildi. Ushbu tadqiqotlar qoraqalpoq xalqining XX asr oxiridagi iqtisodiy holatini ma’lum bir darajada ochib bera oldi va hunarmandchilikni o‘rganishda qiyosiy material sifatida foydalanish mumkin.
Mavzuning tarixshunoslik tahliliga ko‘ra, hunarmandchilik sohasiga oid ilmiy bilimlar turli tarixiy davrlarda o‘ziga xos tarzda bosqichma-bosqich rivojlanib borgan. Mavzuning tarixshunoslik tahlili shuni ko‘rsatadiki, hunarmandchilik mavzusi arxeologlar, san’atshunoslar, tarixchilar tomonidan yaxshi o‘rganilgan bo‘lsa-da, qishloq aholisi hunarmandchiligining hududiy va etnik xususiyatlari yetarli darajada tadqiq etilmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |