ilmiy kotibi: Zokirov B.I.
KIRISH
Magistrlik dissertatsiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi. Bugungi kunda insoniyatning madaniy merosi bo‘lgan xalq amaliy sanʼati, hunarmandchilik anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishda Jahon Hunarmandlar Kengashi (World Craft Council) hamda YuNESKOning Madaniy rang-baranglik bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan xalqaro miqyosdagi tadbirlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hunarmandchilik anʼanalari muayyan hamjamiyatlar va etnik jamoalarning milliy-madaniy o‘ziga xosligi sifatida insoniyat madaniy merosini, uning turli-tumanlik xususiyatlarini saqlanib qolishga xizmat qiladi.
Dunyodagi turli xalqlarga xos hunarmandchilik anʼanalarini madaniy va ijtimoiy antropologiya fanining muhim tadqiqot obʼektlaridan biri sifatida tarixiy, madaniy merosni saqlashga qaratilgan ilmiy loyihalar doirasida tadqiq etilishi dolzarb ilmiy yo‘nalishlardan bir sifatida eʼtirof etilmoqda. Bu borada O‘zbekistonda hunarmandchilikni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati va uning Jahon Hunarmandlar Kengashi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi tashkiloti (WCC-APR) aʼzosi bo‘lganligi ushbu sohani ilmiy jihatdan yanada chuqurroq o‘rganishni taqazo etmoqda.
O‘zbekistonda hunarmandchilik anʼanalarining o‘ziga xos tarixiy, milliy-madaniy va lokal-mintaqaviy xususiyatlarini etnologik aspektda tadqiq etish dunyo ilmiy jamoatchiligini Respublikaning turizm salohiyati va boy madaniy merosidan xabardor etish zaruriyatini yuzaga keltiradi.
Mustaqillik yillarida Qorqalpog‘istonda ham milliy hunarmandchilik sohasini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy shaklda yuksaltirish borasida keng ko‘lamli davlat siyosati yuritilmoqda. Аyniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktabrdagi PF-5841-son “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazib borishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan O‘zbekistonning milliy hunarmandchilik an’analarini davom ettirish, hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, boy madaniy merosini dunyo hamjamiyati o‘rtasida targ‘ib etish va shu orqali jahondagi turli milliy madaniyat va qadriyatlarni yaqinlashtirishga qaratilgan shu kabi muhim vazifalar ushbu tadqiqotning zaruratini belgilab beradi. Dissertatsiyada Qoraqalpog‘iston aholisi ijtimoiy-iqtisodiy hayotida hunarmandchilik anʼanalari va u bilan bog‘liq marosim va urf-odatlarning tiklanishi Qoraqalpog‘iston aholisining hunarmandchilik anʼanalarini tarixiy-etnografik aspektda tadqiq etish bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PF 5242-son “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2018-yil 1-noyabrdagi PQ-3991-son “2019-yil 10-15 sentabr kunlari Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi, 2019-yil 3-oktabrdagi PF 5841-son “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazib borishga oid chora tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon va qarorlari, shuningdek, sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mazkur dissertatsiya muayyan darajada xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |