7. Xufiyona iqtisodiyotga davlat tomonidan ta’sir etish usullari Xufiyona iqtisodiyotga davlat tomonidan ta’sir etish usullari turlicha bo’lib, adabiyotlarda quyidagi usullar ajratib ko’rsatiladi:
- monetar usul. Bunda xufiyona hisob-kitoblarda faqat naqd pul mablag’laridan foydalanish to’g’risidagi gipotezaga asoslaniladi (naqd pul massasining harakati dinamikasi xufiyona iqtisodiyot hajmlari to’g’risida fikr yuritishga imkon beradi);
- daromad va xarajatlar balansi usuli. Bunda deklaratsiya qilinadigan daromadlar xarajatlar summasi hamda tovar va xizmatlar iste’molining real hajmlari bilan taqqoslanadi;
- ish bilan bandlikning tahlili. hisobga olinmagan ishsizlik darajasining uzoq vaqt saqlanib qolishi xufiyona sektorda band bo’lish imkoniyatlarining mavjudligidan dalolat beradi. (ro’yxatga olinmagan ishsizlarning soni xufiyona iqtisodiyot hajmlaridan dalolat beradi);
- texnologik koeffitsientlar usuli. Bu usul xarajatlarning texnologik koeffitsientlari asosida mahsulot ishlab chiqarishning real hajmlari to’g’risida ma’lumotlar olish imkonini beradi;
- uy xo’jaliklari va korxonalar rahbarlari orasida so’rovlar o’tkazish. Bu xufiyona sektor hajmini ekspert baholash imkonini beradi37.
Adabiyotlarda xufiyona faoliyatga davlat tomonidan ta’sir etishning bir nechta yo’nalishlari mavjudligi ta’kidlanadi. Bulardan birinchisi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat strategiyasi bo’lib, u milliy xo’jalik modelining asosiy parametrlarini belgilaydi. Xufiyona iqtisodiyot miqyoslarini kengayib ketishini oldini olish borasidagi strategiyaning muhim elementlari quyidagilardan iborat:
- xufiyona iqtisodiyotni minimumga etkazish – eng asosiy strategik maqsad;
- halol raqobat asosida milliy iqtisodiyotni asosiy makroiqtisodiy parametrlarini shakllantirish;
- monopoliyaga qarshi samarali siyosat olib borish;
- xufiyona iqtisodiyotning yo’l qo’yilishi mumkin bo’lgan miqyoslarini belgilash.
Xufiyona faoliyatga davlat tomonidan ta’sir etishning boshqa yo’nalishlari ham mavjud bo’lib, ularga quyidagilar kiradi.
Mukammal xo’jalik huquqini shakllantirish halol faoliyat olib borish uchun ma’lum rag’batlarni yaratadi.
Mamlakatda aholi turmush darajasini oshirishga va kam ta’minlanganlarni muhofaza qilishga qaratilgan ijtimoiy siyosat olib borish.
Biznes bilan bo’ladigan munosabatlar. Bunda davlat hokimiyatini xususiy biznes bilan o’zaro munosabatlarida asosiy tamoyillarga rioya qilish ko’zda tutiladi.
Davlatning jazolash funksiyalaridan foydalanish. Bunday funksiya davlatning kriminal iqtisodiyotga qarshi kurashi bilan bog’liq.
Davlatning tarbiyaviy funktsiyasini qo’llash. Bu ta’lim tizimi va ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshiriladi. Uning muhim elementlariga quyidagilar kiradi: qonunlarga itoat etish madaniyatini shakllantirish, zo’ravonlik, narkobiznes, fohishabozlik, pornografiyani qoralash, jamiyatning ma’naviy-ahloqiy tamoyillari asosida milliy g’oyani shakllantirish.
Fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish. Bunda oila, diniy tashkilotlar, o’z-o’zini boshqarish organlari, mehnat jamoalari, turli ijtimoiy tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, ijodiy uyushmalar kabi ijtimoiy institutlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash ko’zda tutiladi.
Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish ham xufiyona iqtisodiyotga ta’sir ko’rsatishning bir yo’nalishi hisoblanadi.
Xufiyona faoliyatga davlat tomonidan ta’sir etishning mana shu yo’nalishlarini samarali amalga oshirish mamlakatda bunday iqtisodiyotning miqyoslarini kamaytirishga xizmat qiladi.