2. Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish iste‘molchilar huquqlarining buzilishi, shu sohada o‘rnatilgan tartibga rioya qilmaslik, budjet va budjetdan tashqari mablag‘larning yashirilishiga sharoit yaratishi bilan xavfli hisoblanadi. Shu sababli mazkur jinoyatning bevosita o‘bekti savdo xizmat ko‘rsatishning o‘rnatilgan tartibini ta‘minlovchi ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi. Tahlil etilayotgan jinoyatning o‘bektiv tomoni savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini ancha miqdordagi qiymatda buzishda ifodalanadi. Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish deganda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga soladigan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining buzilishi tushuniladi39. Mazkur jinoyat tarkibi blanket dispozitsiya tuzilish xususiyatiga egaligi bois, jinoyatni kvalifikatsiya qilishda aybdor tomonidan savdo yoki xizmat ko‘rsatishning qaysi qoidasi, shuningdek, shu qoidaning qaysi bandi buzilganligini aniqlash zarur. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 -yil 17 noyabrdagi 306-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida savdoni amalga oshirishda va tovarlarni sotishda, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatishda aholi bilan pulli hisob-kitoblar barcha xo‘jalik yurituvchi sub‘yektlar tomonidan fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarini majburiy tartibda qo‘llagan holda amalga oshiriladi. Mazkur talabning buzilishi o‘z o‘rnida savdo qoidalarini buzish deb topiladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Davlat soliq qo‘mitasining 2009-yil 20-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “To‘lov terminallari bilan jihozlash va aholi bilan pul hisob- kitoblarini amalga oshirishda ularni qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 11-bandiga ko‘ra, savdo va xizmat ko‘rsatish o‘bektlari sotuvchi xodimlarining to‘lov terminallaridan foydalanishni bilmasliklari sababi bank plastik kartochkalari orqali to‘lovlarni qabul qilmaslik holatlari savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarining buzilishi deb hisoblanadi40. Savdo va xizmat ko ‘rsatish o‘bektlari deganda mulkchilik shakllaridan, sotuv hajmidan, inshootning o‘lchamidan va hokazodan qat‘iy nazar, tovarlar sotish va xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan (moslashtirilgan) joy yoki inshoot tushuniladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarini hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari”ning 19-bo‘limida savdo qoidalarining buzilish turlari belgilangan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat: narxlarni asossiz ravishda oshirish; tovarlar, mahsulotlarni noto‘g‘ri o‘lchash, noto‘g‘ri tortish yoki xizmatlar ko‘rsatmaslik; tovarlar, mahsulotlarni (xizmatlarni) chek (kvitansiya, schot) bermasdan sotish; xaridorga tovarning sifati, butligi, o‘lchami, og‘irligini tekshirish imkoniyatini yaratishdan bosh tortish; xaridorga uzoq muddat foydalaniladigan sifati yomon tovarni ta‘mirlash yoki almashtirish davrida yaxshi sifatli ana shunday tovarni berishdan bosh tortish; plastik kartochkalardan foydalanilgan to‘lovni qabul qilishdan bosh tortish; nosoz yoki tamg‘alanmagan tortish va o‘lchash priborlaridan foydalanish; tovarlarning majburiy ro‘yxatiga rioya qilmaslik; to‘lov terminallari bilan jihozlash va pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda ularni qo‘llash tartibiga; nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibiga; audiovizual asarlarni sotish; yonilg‘i-moylash materiallarini sotish tartibiga; alkogolli ichimliklarni, jumladan kuchsiz alkogolli ichimliklarni va tamaki mahsulotlarini sotish qoidalariga rioya qilmaslik. Quyidagilarni: audiovizual asarlar, fonogrammalar va EHM uchun yaratilgan dasturlarning kontrafakt nusxalarini; sifatsiz, but bo‘lmagan tovarlarni, kulinariya buyumlarini va atayin nostandart mahsulotlarni sotish, shuningdek, xaridorga sotilgan sifatsiz, but bo‘lmagan tovarni almashtirib berishdan yoki pullarni qaytarib berishdan bosh tortish; tovarlarni ularning sifatini va ishlab chiqarish markasini tasdiqlovchi yoki sertifikatsiyalangan mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz sotish; ishlab chiqarish markasida yoki tovar belgisida tayyorlovchining nomi va joylashgan o‘rni to‘g‘risidagi ma‘lumotlar ko‘rsatilmagan tovarlarni sotish; yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni sotish; kimyoviy moddalar qoldiqlari yuqori miqdorda mavjud bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini sotish.
3. Faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish
Shaxsning litsenziya olinishi shart bo‘lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnoma olmasdan shug‘ullanishi xo‘jalik faoliyatining ayrim sohalarida tartibsizlik, nazoratsizlikni keltirib chiqarishi bilan xavfli hisoblanadi. Shu sababli mazkur jinoyatning bevosita o‘bekti ruxsatnoma olinishi shart bo‘lgan faoliyatning belgilangan tartibi hisoblanadi. Tahlil etilayotgan jinoyatning o‘bektiv tomoni litsenziya olinishi shart bo‘lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnoma olmasdan shug‘ullanishda ifodalanadi. Faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish jinoyati blanket dispozitsiya tuzilishi xususiyatiga ega bo‘lib, mazkur jinoyatning mazmuni O‘zbekiston Respublikasi boshqa qonun hujjatlariga havola qilish orqali ochib beriladi (masalan, O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 25-maydagi “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa). Litsenziya olinishi talab qilinadigan faoliyat turlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 12-maydagi “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati to‘g‘risida”41gi 222-II-sonli qarorida keltirilgan. Mazkur qarorda keltirilgan har bir faoliyat turlari litsenziyalanishi shart. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28 iyundagi “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”i, “O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”42gi 236-sonli qaroriga muvofiq, faoliyatning mazkur ro‘yxatga kiritilmagan boshqa turlari litsenziyalanmaydi.