2. Soxta bankrotlik
Mazkur jinoyatning ijtimoiy xavfliligi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-aprelda qabul qilingan “Bankrotlik to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) qonuni talablarini buzishda, jamoatchilikni yanglishtirishda, shuningdek, kreditorlarga moddiy zarar yetkazishda ifodalanadi. Soxta bankrotlikni e‘lon qilishda kreditorlar qarzdordan qarz mablag‘larini ololmay qoladilar. Binobarin, ko‘rilayotgan jinoyatning bevosita o‘bekti respublika iqtisodiyot asoslarini tashkil etadigan xo‘jalik yurituvchi sub‘yektlarning moddiy manfaatlari hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) qonunining 3-moddasiga muvofiq, bankrotlik (iqtisodiy nochorlik) - xo‘jalik sudi tomonidan e‘tirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘la hajmda qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini to‘la hajmda bajarishga qodir emasligini anglatadi.
Kreditorlarning talablarini bajarish muddati boshlangan kundan e‘tiboran xo‘jalik yuritish sub‘yekti uch oy mobaynida ularni bajara olmayotgani yoki bajarishga qodir emasligining muqarrarligi sababli joriy to‘lovlari to‘xtatib qo‘yilishi xo‘jalik yurituvchi sub‘yekt bankrot bo‘lishining tashqi alomati hisoblanadi.
Xo‘jalik yurituvchi sub‘yekt ixtiyoriy ravishda tugatilayotganida uning o‘zi bankrot bo‘lganligini rasman e‘lon qilganidan keyin u bankrot bo‘lgan hisoblanadi.
Bankrotlikka taalluqli ko‘pgina masalalar 2003-yil 24-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) qonunida tushuntirib berilgan.
Tahlil etilayotgan jinoyatning o‘bektiv tomoni xo‘jalik yurituvchi sub‘yektning o‘z majburiyatlarini iqtisodiy jihatdan bajara olmasligi haqida bila turib haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan e‘lon berishi natijasida kreditorlarga ko‘p miqdorda zarar yetkazilishida namoyon bo‘ladi. Sub‘yektning bila turib, o‘zining nochorligi haqidagi yolg‘on ma‘lumotni e‘lon qilishi soxta bankrotlik hisoblanadi.
Xo‘jalik yurituvchi sub‘yekt haqiqatda kreditorlar oldidagi o‘z majuriyatlarini bajarishga qodir bo‘lgani holda, ularni bajarishdan ataylab bo‘yin tovlab, o‘zini bankrot deb e‘lon berishi, ataylab haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan e‘lon berish hisoblanadi.
Bankrot deb e‘lon qilish deganda xo‘jalik yurituvchi sub‘yektning iqtisodiy nochor hisoblanishi, ya‘ni kreditorlar oldida o‘zining majburiyatlari bo‘yicha to‘liq javob bera olmay qolishi to‘g‘risida ma‘lumotlar tarqatish tushuniladi.
Xo‘jalik yurituvchi sub‘yekt qonunda belgilangan tartibni buzib o‘zining iqtisodiy nochorligini e‘lon qilgan hollarda, aybdorning qilmishi muayyan holatlar mavjud bo‘lganida firibgarlikni vujudga keltiradi.
Agar mansabdor shaxs soxta hujjatlar taqdim etib, bankrotlik to‘g‘risida e‘lon bersa, uning qilmishlari jinoyatlarning jami bo‘yicha Jinoyat kodeksi 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan ham kvalifikatsiya qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |