Investitsiya maslahatchisi – qimmatli qogʻozlarni chiqarish, joylashtirish va
ularning muomalasi masalalari, qimmatli qogʻozlar bozori va uning ishtirokchilari
holatini tahlil etish hamda istiqbolini belgilash boʻyicha maslahat xizmatlarini
koʻrsatadi, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarini qayta
tayyorlaydi va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradigan yuridik shaxsdir.
Investitsiya fondi – investorlarning pul mablagʻlarini va qoʻyilmalarini
investitsiya aktivlariga jalb qilish maqsadida aksiyalar chiqaradigan yuridik shaxs
— aksiyadorlik jamiyati investitsiya fondidir.
Investitsiya fondi yuridik shaxsning boshqa tashkiliy-huquqiy shakllariga
oʻzgartirilishga haqli emas. Investitsiya fondini qoʻshib yuborish, qoʻshib olish,
boʻlish, ajratib chiqarish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi
mumkin. Qimmatli qogʻozlar bozoridagi professional faoliyatni amalga oshirish
uchun investitsiya fondiga berilgan litsenziyaning amal qilishini tugatish yoki uni
bekor qilish investitsiya fondining belgilangan tartibda tugatilishiga olib kelishi
mumkin. Investitsiya fondi oʻz huquq va majburiyatlariga ega. Ushbu huquqlar
investitsiya fondi ustavida belgilanadi. Ammo, investitsiya fondi faoliyatida ayirim
huquqlarga ega emasligini koʻrishimiz mumkin. Masalan:
-korporativ va infratuzilma obligatsiyalarini, shuningdek imtiyozli
aksiyalarni chiqarish;
-fond sof aktivlarining 10 foizidan ortigʻini bir emitentning qimmatli
qogʻozlariga yoki masʼuliyati cheklangan jamiyatning ulushiga investitsiyalash;
-toʻlanishi lozim boʻlgan qarzning jami hajmi kredit va (yoki) qarz bitimi
imzolanadigan sanadagi holatga koʻra investitsiya fondi sof aktivlari qiymatining
15 foizidan oshib ketgan taqdirda kredit va (yoki) qarz mablagʻlarini jalb etish.
Kredit va (yoki) qarz muddati uch oydan oshib ketmasligi kerak;
-kafil boʻlish, mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni garovga qoʻyish;
-tashkiliy-huquqiy shakli oʻz ishtirokchilarining qoʻshimcha javobgarligini
nazarda tutadigan yuridik shaxslarning qimmatli qogʻozlariga investitsiyalarni
amalga oshirish;
-investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi, auditorlik tashkilotlari
tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarga investitsiyalarni amalga oshirish;
-boshqa investitsiya fondlarining aksiyalarini olish va ularga ega boʻlish;
-umumiy summasi fond sof aktivlarining 10 foizidan ortiq investitsiyalarni
amalga oshirish.