Kichik guruhlarda yuzaga keladigan konfliktlar
Jamoada 2-4 kishilik kichik guruhchalarda yuzaga keladigan kelishmovchiliklarni o’qituvchilar sezmasdan qolishi mumkin. Bordi-yu, bunday kelishmovchiliklarning oldi olinmasa, o’z vaqtida janjalni keltirib chiqargan omillar bartaraf etilmasa, 2 yoki 3 talaba orasidagi kelishmovchiliklarga boshqa talabalar ham aralashib, bu konflikt butun auditoriyaga tarqalishi mumkin. Misol: yuqori bosqich talabasi psixolog qabuliga kirib keldi. “Iltimos, menga yordam bersangiz. Guruhimiz men sababli ikkiga ajralib qolgan, bu janjal aslida Gulnora bilan mening oramizda boshlandi. Men Gulnoraga qo’pollik qilganim uchun ikkimiz arazlashib qoldik, lekin Gulnoraning o’rtoqlari men bilan gaplashmasdan, meni ajrata boshladilar. Bu mening o’rtoqlarimga qattiq tegdi va ular meni himoya qildilar. Hozir auditoriyadagi qizlar ikkiga bo’lingan va janjal davom etmoqda”, dedi qiz.
Qiz o’zining xatti-harakatidan iztirob chekmoqda edi. Ehtimol, auditoriyadagi raqobat, asabiy holat hammaning joniga tekkan bo’lsa kerak, Qizlar bilan alohida o’tkazilgan yagona suhbat bu konfliktga chek qo’ydi va konflikt takrorlanmadi. Bunday konfliktlarning yuzaga kelishiga sabab, ba’zi auditoriya rahbarlari va o’qituvchilar auditoriyadagi ichki o’zaro munosabatlarga unchalik e’tibor bermaydilar, natijada auditoriyada o’ta asabiy psixologik muhit yuzaga keladi. Bunday vaziyatning oldini olish yoki bartaraf etish juda oson, chunki bolalar, o’smirlar odatda juda kechiruvchan bo’ladilar. Ayniqsa, tengdoshlari bilan bo’lgan kelishmovchiliklardan o’zlari ruhan aziyat chekadilar, afsuslanadilar.
16.4. Shaxsning ichki (o’zi bilan o’zi) ruhiy konflikti
Amerikalik psixolog Jeffri Yang odamovi, kamgap va yakkalikni yoqtiradigan shaxslarning hissiyoti, hulq-atvori va kognitiv (bilimga intilish)4 holatlarining 12 ta belgilar majmuasini (sindromlarini) farqlaydi.
Yakkalikdan qo’rquvchilar. Bundaylar yakka qolib, o’zini yo’qotib qo’yadi, nima qilishni bilmaydi, zerikadi.
O’ziga o’ta past baho berish natijasida kelib chiqadigan ichki ruhiy konflikt. Bundan yosh yoki katta kishining nazarida “uni hyech kim hurmat qilmaydi”, “u o’ta qobiliyatsiz (omadsiz, zerikarli va hokozolar) shaxs”. Shuning uchun ham u odamlar bilan muloqotdan qochadi. Bunday holat ba’zan qobiliyatli kishilarda ham bo’lishi mumkin, bunday shaxslar atrofdagi kishilar uning fikrini, holatini tushunmasliklarini his etgan holda kulgi bo’lishdan yoki “zerikarli odam” deb nom chiqarishdan qo’rqib, odamlarga ham aralashadilar.
Hadiksirash, o’ziga ishonchsizlik, uyatchanlik, atrofdagilardan yomonlik kutish yoki ularning o’zini mazax qiladilar, deb o’ylaydi. Uning fikricha, atrofdagilarga kulgi bo’lgandan, yaxshisi yakka yurgani yaxshiroq.
Muloqot malaka va ko’nikmasining sustligi (yoki yo’qligi). Murakkab shaxslararo munosabatlarda o’zini to’g’ri tutish tajribasining kamligi (konfliktli vaziyatlarda, tanishuv va boshqa hollarda).
Atrofdagi odamlar uning tasavvurida hammasi ablah, egoist, yaxshilik qilishga arzimaydigan odamlar. Atrofdagilar haqida bunday fikrdagi shaxs odamlardan faqat qochibgina qolmasdan, balki ulardan nafratlanadi (ba’zan qo’rqadi).
Ichki yopiqlik, ruhiy karlik, bunday shaxslarning his-tuyg’usi, fikri shunchalik ichkariga “yashiringanki”, ularning o’zi ham ba’zan o’zining asl qiyofasini tanimasdan qoladi. Ular doimo boshqa birovlarning roli bajarib, boshqalarga o’xshashga harakat qilib yurishadi.
O’ziga sherik topishga qiynaluvchilar, bundaylar “haqiqiy do’st, haqiqiy sevgili, haqiqiy sherik” topa olmaydilar. Ular “u yaxshi kishi-yu, ammo menga yoqmaydi”, u ajoyib inson, ammo qiliqlari yoqimsiz va hakozolar bilan o’zlarini oqlaydilar.
Bunday holatning yuzaga kelishiga asosiy sabab, shaxsning atrofdagilar bilan yaqin, intim munosabat o’rnatishni istamasligi yoki shunday tajribaning yo’qligi. Ammo, shundaylar ham borki, tinmasdan sherik axtarardilar, ammo u topilmaydi. Natijada shaxs o’zini baxtsiz va qobiliyatsiz, deb hisoblaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |