2.4 O’zbekistonning antimonopol siyosatinig natijalari.
So‘nggi 10 yil mobaynida monopolist korxonalar soni 3,5 barobar kamaydi
Prezidentimiz Islom Karimovning 2007 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2008 yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida iqtisodiyot rivojining bugungi bosqichida monopolizm ko‘rinishlariga qarshi kurash va raqobat muhitini shakllantirish masalalari g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida qayd etildi.
Mamlakatimizda monopoliyaga qarshi siyosat olib borilishi natijasida so‘nggi 10 yil mobaynida monopolist korxonalar soni 3,5 barobar, monopol mahsulotlar turi esa 26 barobar qisqardi. 2004-2007 yillar davomida yalpi ichki mahsulotning umumiy hajmida monopol mahsulotlar ulushi 26 foizdan 21 foizga tushdi.
O’zbekiston Respublikasida monopol subyektlar va mahsulotlar soni
Manba: O’zbekiston Respublikasi monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasining reysteri
To‘laqonli bozor infratuzilmasini shakllantirish, uning eng muhim talablaridan biri bo‘lgan sog‘lom raqobat muhitini vujudga keltirish natijasida tadbirkorlik va kichik biznes subyektlari soni hamda ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi yil sayin ortib bormoqda.
Yurtimizda monopolist va tabiiy monopol bo‘lgan korxonalar faoliyatini tartibga solish hamda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlashga doir qonunchilik asoslari yaratilgan. Jumladan, 1996 yilda qabul qilingan “Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to‘g‘risida”gi, 1999 yilda qabul qilingan “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunlar monopolistik mavqega ega bo‘lgan korxonalar faoliyatini tartibga solishning qonuniy asoslarini ta’minlashda mustahkam huquqiy zamindir.
Ammo, ba’zi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yish holatlari kuzatilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi bunday holatlarga barham berish yuzasidan izchil chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Tovar va xizmatlar bozoridagi o‘zaro tenglik, tabiiy monopol korxonalar tomonidan narxlarning asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida qo‘mita tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tabiiy monopoliyalar sohasiga kiritilgan 24 xil mahsulot va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning narxlarini moliya organlarida deklaratsiyadan o‘tkazmasdan iste’molchilarga yetkazib berayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar aniqlandi. Ko‘rilgan chora tufayli ularning narxlari moliya organlarida belgilangan tartibda deklaratsiyadan o‘tkazilishiga erishildi.
2007 yilda qo‘mita va uning hududiy organlari tomonidan tabiiy monopoliya subyektlarida monopoliyaga qarshi qonunchilik talablariga rioya etish yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishlarning 87,5 foizida turli xildagi qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi. Ularga nisbatan o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlar ko‘rildi, aybdorlarga nisbatan 2,3 milliard so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.Bunday tadbirlarning amalga oshirilishi sog‘lom raqobat muhitini barqarorlashtirishda, mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi turmush darajasini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotir.
Raqobat muhitini, jumladan, kichik biznes sohasida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etishni rag‘batlantirish orqali rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar xo‘jalik subyektlari umumiy sonida monopolist korxonalar ulushini 2010 yilning birinchi yarmidagi 0,43 foizdan 0,37 foizgacha kamaytirish imkonini berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |