Savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishini tekshirish
Soliq to‘lovchida savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishini tekshirish quyidagilarni aniqlash maqsadida o‘tkaziladi:
alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish hamda markirovka qilish qoidalariga rioya etilganligi;
alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish joylarida ularni 20 yoshga to‘lmagan shaxslarga sotishga yo‘l qo‘yilmasligi, shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlarining inson sog‘lig‘iga salbiy ta’siri to‘g‘risidagi ogohlantiruvchi yozuv joylashtirilganligi;
savdo shoxobchasida sotuvchi — yuridik shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ya’ni korxonaning nomi, uning joylashgan joyi (pochta manzili va ish rejimi), agar sotuvchi yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lsa, uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik va ro‘yxatdan o‘tkazgan organning nomi to‘g‘risidagi ma’lumotlar xaridorlar tanishishi uchun qulay tarzda joylashtirilganligi;
agar sotuvchi amalga oshiradigan faoliyat litsenziyalanishi kerak bo‘lsa, u litsenziyaning tartib raqami va amal qilish muddati to‘g‘risidagi, shuningdek, uni bergan organ haqidagi ma’lumotlar xaridorlar tanishishi uchun qulay tarzda joylashtirilganligi;
sotuvchi tovarning nomi, uning sorti, markasi, modeli, tipi, tovarning og‘irligi, o‘lchami yoki birligiga narxi ko‘rsatilgan holda sotiladigan tovarlarning yagona namunadagi va aniq rasmiylashtirilgan narxnomalari bo‘lishini ta’minlaganligi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlar bilan savdo amalga oshiradigan sotuvchi tomonidan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni sotish qoidalariga rioya etilishi, zargarlik buyumlarining asillik darajasi belgilanganligi va tamg‘alanganligi, shuningdek, kirim qilinmagan kontrafakt mahsulotlarning sotilishi holatlari mavjud emasligi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari parchalarini, ulardan tayyorlangan buyumlarni, shuningdek, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni sotib olish punktlarida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanish huquqi uchun berilgan ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi mavjudligi, tovarlarni hisobga olish va pul operatsiyalarini yuritish bo‘yicha qonun hujjatlariga rioya qilinishi;
maishiy elektr priborlarining texnik hujjatlarida, markirovkasida va etiketkalarida energiya samaradorligining tegishli klassi to‘g‘risidagi axborotlarning mavjudligi;
sotiladigan tovarlarning narxi ko‘rsatilgan narxnomalarga egaligi;
umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarni) ishlab chiqarish va sotish qoidalariga rioya etilishi;
chakana savdo va (yoki) umumiy ovqatlanish shoxobchasida alkogol mahsulotlari savdosi uchun ruxsat guvohnomalari mavjudligi va shoxobchaning ruxsat berish shartlariga muvofiqligi.
Savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishini tekshirish natijalari sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasida qayd etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |