1. Davlat byudjetining mohiyati va funktsiyalari.
Davlat o’z iqtisodiy funktsiyalarini bajarishda moliyaviy manba sifatida
davlat byudjetiga tayanadi.
Davlat byudeti mamlakat moliya tizimining markaziy unsuri bo’lib
makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o’ynaydi.
Davlat byudjeti moliyaviy balans sifatida ikki qismdan iborat bo’lib, bu
qismlarni sodda qilib daromadlar va xarajatlar deb atash mumkin.
Davlat byudjeti daromadlari soliq va soliq bo’lmagan tushumlar hisobiga
shakllansada, makroiqtisodiy tahlilda u soliqlar hisobigagina shakllanadi deb
qaraladi.
Davlat byudjeti xarajatlari tarkibida iqtisodiyotga xarajatlar, markazlashgang
investitsiyalarni moliyalashtirish, ijtimoiy himoya, ijtimoiy soha, davlat boshqaruv
va sud idoralarini moliyalashtirish moddalari mavjud.
Davlat byudjet xarajatlarini (davlat xarajatlari va transfert to’lovlari)
ko’paytirish yoki qisqartirish orqali mamlakat iqtisodiyotiga aralashadi. Davlat
tomonidan tartibga solishning bevosita usullari yoki byudjet siyosati tovar va
xizmatlarning davlat xaridi, YaIMni taqsimlash va qayta taqsimlash, ijtimoiy
dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, davlat byudjetining daromadlar va
xarajatlar qismidagi mutanosiblikni ta’minlash, ishlab chiqaruvchilarga moliyaviy
yordam shakllarini ko’rsatish, baholar ustidan nazorat o’rnatish, eksport va import
qilinadigan tovarlarga kvotalar o’rnatish va shuningdek, mamlakat aholisini
himoya qilish maqsadida olib borilayotgan chora-tadbirlar majmuasidan iborat.
Davlat tomonidan ko’rsatiladigan moliyaviy yordamlar dotatsiya,
subventsiya va subsidiya shakllarida olib boriladi.
Subsidiyalar – bu, pul yoki natura ko’rinishidagi yordam turi bo’lib, byudjet
va byudjetdan tashqari fondlardan ko’rsatiladi. Subsidiyalar bevosita va bilvosita
bo’lishi mumkin. Bevosita subsidiyalarga kapital qo’yilmalar, ilmiy tadqiqotlar,
kadrlarni qayta tayyorlashga ajratilgan mablag’lar kirsa, bilvosita subsidiyalarga
soliq imtiyozlari, imtiyozli shartlarda kreditlar berish, pasaytirilgan bojxona bojlari
va boshqalar kiradi.
Bundan tashqari davlat aholini davlat transfertlari ko’rinishida himoya qiladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida ko’p qirrali soliqlar tizimidan foydalaniladi.
Aholi davlat byudjetiga har oyda olgan daromadlariga qarab daromad solig’i
to’laydi, korxonalar esa olgan foydasiga qarab foydadan soliq to’laydilar. Shu kabi
juda ko’p mavjud soliq turlaridan oqilona va ilmiy asosda foydalanish orqali davlat
soliq siyosatini, soliq stavkalari miqdorlarini va imtiyozlari turlarini aniqlaydi va
shu bilan butun makroiqtisodiy vaziyatga ta’sir ko’rsatadi. Soliqlarni o’zgartirish
orqali investitsiyalar va jamg’armalar rag’batlantiriladi.
Davlat byudjeti mablag’lari hukumatning daromadlarni va resurslarni qayta
taqsimlash funnktsiyasin bajarishi uchun imkoniyat yaratadi.