Yangi Xett sulolasi davrida Buyuk Xett davlati. Miloddan avvalgi XIV asr boshlarida Xett saltanatining tiklanish davri boshlanadi. Bu tiklanish Xett hukmdorlari ichida eng ko‘zga ko‘ringan, tajribali diplomat, qobiliyatli sarkarda shoh Suppiluliumma nomi bilan chambarchas bog‘liq.
Old Osiyoda qudratli Misr saltanati, Bobil va Mitanni davlatlarining zaiflashuvi oqibatida vujudga kelgan qulay xalqaro vaziyatdan Suppiluliumma ustalik bilan foydalanib, Xett saltanatining qudratini yanada oshirishga muvaffaq bo‘ladi.
Xettlar harbiy qo‘shinida ot qo‘shilgan yengil va tezyurar aravalar joriy qilindi. Aravalarda uch jangchi: haydovchi, yoyandoz, qalqon ko‘targan askar joylashib, ular dushmanga qaqshatqich zarba berish imkoniga ega bo‘lgan.
Suppiluliumma poytaxt Xattusu va boshqa shaharlar atrofini qal’alar bilan o‘rab mustahkamladi. U, avvalo, qo‘shinini Arsav shohligiga qarshi qaratdi. Suppiluliumma diplomatiya yo‘li bilan o‘sha davrning qudratli davlati - Kisvadna ustidan nazorat o‘rnatdi. O‘z qizini shoh Xayyasiga turmushga berib, Pontiya tog‘larining janubiy etaklarida mavqeini mustahkamladi. Bu yerlar metall, jumladan, temirga boy edi.
Bu vaqtda Misrning zaiflashuvidan foydalanib, Suppiluliumma O‘rta yer dengizining sharqidagi shohliklarning o‘zaro kurashiga faol aralasha boshladi. Xettlar O‘rta yer dengizi sohillari, Iordan daryosining dengizga quyilish qismiga qadar kirib bordilar. Suppiluliumma xettlarning eng xavfli dushmani – Mitanni davlatini bo‘ysundirdi. Bundan avval u Suriyaning Xalpa, Nuxashshe, Niyu va Karxemish shaharlarini bosib oldi. Karxemish Xett davlatining eng mustahkam va asosiy qal’asiga aylantirildi. Suppiluliumma yordami bilan Mitanni davlati shohi Tushrattining o‘g‘li Tushratti Mattivaza taxtni egallaydi. Xullas, Suppiluliummaning faoliyati tufayli Xett saltanati qudratli harbiy davlatga aylanadi.
Mursili II hukmdorligi davrida (miloddan avvalgi 1340 yilga yaqin) Xett davlati yanada kuchaydi. Ushbu hukmdor asosiy dushmani – Arsavi podsholigi bilan keskin kurash olib bordi. Ular o‘rtasidagi hal qiluvchi jang Janubiy Frigiyadagi Valma shahrida yuz berdi. Jangda Arsavi qo‘shinlari mag‘lub bo‘lib, shoh Arsavi va uning vorisi qo‘shni Axxiyava davlatiga qochib ketishadi. Xett qo‘shini Apasu shahrini qo‘lga olib, Egey dengiziga qadar chiqadi. Arsavi davlati Xett shohiga tobe bo‘lib qoldi. Shunday qilib, Kichik Osiyoning yirik qismi xettlar qo‘l ostiga o‘tadi. Bu – Xett davlati harbiy qudratining eng yuksalgan davri sifatida tarixda qoldi.
Ammo Mursili II hukmronligi yakunida Old Osiyodagi siyosiy vaziyat birmuncha murakkablashdi. Ramzes II davrida Misr o‘z harbiy-siyosiy qudratini ancha mustahkamlab, O‘rta yer dengizining sharqidagi viloyatlarni qaytarib olish uchun urushlar olib bordi. Old Osiyoda hukmronlik uchun o‘sha davrning ikki qudratli davlati - Misr imperiyasi hamda Buyuk Xett saltanati o‘rtasida daxshatli janglar boshlandi.
Misr shohi Ramzes II bilan Xett davlati hukmdori Muvatal o‘rtasidagi hal qiluvchi jang Oront daryosi sohilidagi Kadesh shahri yaqinida yuz berdi. Bu jangda Ramzes II mag‘lubiyatga uchradi.
Ramzes II mag‘lubiyatdan tegishli xulosa chiqarib, kuchli qo‘shin tuzadi, shu bilan birga, diplomatiya usullarini ishga soladi va xettlarni O‘rta yer dengizining sharqiy qismidan siqib chiqaradi. Ana shu davrda Falastin va Suriyada Misr tomoniga o‘tish maqsadida harakat boshlandi. Bu vaqtga kelib, Xett saltanatida ham ichki ahvol ancha murakkablashdi. Muvataldan so‘ng taxtni uning ukasi Xattusili III egallaydi, ammo u Misrga qarshi kurasha olmaydi. Buning ustiga, Xett podsholigining janubiy-sharq tarafida Ossuriya yana kuchaya boshlagan edi.
Misr va Xett saltanati o‘rtasida miloddan avvalgi 1296 yilda tuzilgan sulh shartnomasiga binoan, Suriyaning katta qismi va Shimoliy Finikiya xettlar ixtiyoriga, Falastin va Janubiy Finikiya esa, Misr ixtiyoriga o‘tdi. Ikki davlat o‘rtasida savdo aloqalari o‘rnatildi. Xett hukmdorining qizi Ramzes II nikohiga o‘tdi. Xattusili III bilan Ossuriya o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi.
Miloddan avvalgi XIII asrning oxirlariga kelib “dengiz xalqlari” (Egey dengizi orollari aholisi) nomini olgan qudratli koalisiya vujudga keldi. Ular Old Osiyoga to‘fon kabi yopirildilar. Misr ular hujumini bir amallab qaytargan bo‘lsa, Xett davlati ular xurujiga dosh berolmadi. Poytaxt – Xattusa dushman hujumi natijasida taslim bo‘ldi. Miloddan avvalgi 1190 yilga yaqin Buyuk Xett davlati inqirozga yuz tutdi. Miloddan avvalgi XII - VIII asrlarda omon qolgan kichik-kichik xett davlatlari Ossuriya tomonidan bosib olindi. Natijada, vaqt o‘tishi bilan Xett tili va yozuvi yo‘qolib, ularning nomi butunlay unut bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |