Salim III islohotlari. Salim III aqlli, vaziyatni to‘g‘ri baholay oladigan kuchli diplomat va islohotchi edi. Uning davrida imperiyaning tashqi siyosati sifat jihatidan o‘zgarib, yangi bosqichga ko‘tarildi. U Prussiya bilan ittifoqchilik shartnomasini imzoladi. Bu hol urushning yakuniga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Bundan tashqari, Angliya va Fransiyaning Yaqin Sharqda Rossiya nazorati o‘rnatilishiga qarshi ekanligidan ham xalqaro munosabatlarda ustalik bilan foydalanildi. Natijada 1791 yili Avstriya bilan Sistova separat sulhi imzolandi va Rossiya ham urushni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bu Usmoniylar imperiyasini to‘la taslim bo‘lishdan saqlab qoldi. Shu yili Rossiya bilan Yassi tinchlik shartnomasi imzolanib, ikki davlat o‘rtasidagi chegara Dnestr bo‘ylab o‘tkazilishi belgilandi. Turklar o‘zlarining Gruziyaga bo‘lgan da’volaridan voz kechishdi, Rossiyaning Moldaviya va Valaxiya ustidan hukmronligini tan olishdi.
Urushdan so‘ng Salim III imperiyani isloh qilishga kirishdi.
Shu maqsadda 1792 yildan 1796 yilgacha bir necha farmonlar chiqardi. Bu farmonlarga ko‘ra harbiy majburiyatni o‘tashdan bosh tortgan mulkdorlarning mol-mulklari musodara qilindi, armiya qayta tuzilib, yangicha intizom joriy qilindi, harbiy muhandislik va dengiz floti bilim yurtlari tashkil etildi. Yevropaning ilg‘or usullari asosida to‘p quyish o‘zlashtirildi, xorijdan mutaxassislar taklif etilib, flot uchun 23 ta yirik harbiy kema qurildi va flot qayta tashkil qilindi.
Salim III islohotlari «Yangi tuzum» (Nizom-i-jadid) deb nom oldi. Islohotlardan maqsad, markaziy hokimiyatni kuchaytirish orqali imperiya yaxlitligini asrab qolish edi. Islohotchilar armiyani davlatning tayanchi deb qarashar va shu sababli asosiy e’tibor uni kuchaytirishga qaratilgan edi.
Islohotlar so‘zsiz progressiv ahamiyatga ega va agar to‘liq amalga oshirilganda Usmoniylar imperiyasini taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqishi mumkin edi. Ammo mamlakatdagi mulkdor qatlamlarning katta qismi hamda har qanday islohotlarni davlat va dinning asoslariga zarar yetkazadi, deb hisoblagan musulmon ruhoniylari islohotlarga qarshi edi. Nizom-i-jadidga, ayniqsa yanicharlar qattiq qarshilik ko‘rsatishdi, chunki yevropacha ta’lim olgan va intizomli armiyaning shakllanishi yanicharlar korpusining barham topishiga olib kelishini ular yaxshi tushunishar edi. Bundan tashqari islohotlarni o‘tkazish katta xarajatlar talab qilib, aholiga yangi soliqlar solinishiga olib keldi va keng xalq ommasining noroziligini keltirib chiqardi. Bularning hammasi qo‘shilib, oqibatda o‘tkazilayotgan islohotlarning to‘liq muvaffaqiyatsizligiga olib keldi.
Bolqon va Kichik Osiyodagi yarim mustaqil davlatlarning boshliqlari, Vidin Poshosi Usmon Pazvand o‘g‘li, Yanin Poshosi Alimar ham joriy qilinayotgan yangiliklarga ochiqchasiga qarshi chiqishdi. Hukumat esa ularni oxirigacha bo‘ysundira olmadi. Shunday qilib, islohotlar zabt etilgan xalqlar orasida milliy-ozodlik harakatlarining paydo bo‘lishiga to‘siq bo‘la olmadi. Sulton hukumati 1793 –1796 yillari Belgrad Posholigiga avtonomiya huquqini berishga majbur bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |