Mahmud II islohotlari. Chet el kapitali ekspansiyasining237 kuchayishi. Salim islohotlaridan Mahmud islohotlarigacha o‘tgan o‘ttiz yildan ziyod vaqt mobaynida Usmoniylar imperiyasining iqtisodiy hayotida ba’zi o‘zgarishlar yuz berdi. Imperiyaning iqtisodiyoti umuman feodal xarakterini saqlab qolgan bo‘lsa-da, Bolqonda, Suriyada, Misrda va G‘arbiy Anatoliyada tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi tezlashdi.
Rum va Anatoliyaning g‘arbidagi turk feodallari o‘z dehqonlarini barshchina va yarim feodal korandachilik asosida ekspluatatsiya qilar edi. Bu pomeshchiklar orasida savdo-sudxo‘rlik tabaqasi vakillari tobora ko‘payib, bozor bilan yaqin aloqada edilar va shu sababli o‘zaro feodal urushlarning to‘xtatilishi hamda markaziy hokimiyatning kuchayishi tarafdorlari edi. Aynan shu feodallar Mahmud II islohotlarining asosiy tayanchi bo‘ldi.
Islohotlarini harbiy sohadan boshlagan Mahmud II 1826 yil may oyida chet ellik ofiserlar yordamida yangi qo‘shin tashkil qilish to‘g‘risida farmon imzoladi. Kutilganidek, oradan bir oy o‘tgach, 1826 yil iyunda yanicharlar isyon ko‘tardilar. Mahmud uchun bu kutilmagan hodisa emasdi, aytish mumkinki, uning o‘zi yanicharlarni bir yo‘la tugatish maqsadida ularni bu qo‘zg‘olonga undadi. Yanicharlarni jazolash bir necha kun davom etdi, bu juda dahshatli va qonli bo‘ldi. O‘n minglab yanicharlarning jasadlari Marmar dengizi va Bosforga uloqtirildi.
Islohotlarning keyingi bosqichi asosan quyidagilarni amalga oshirishga qaratildi: harbiy-len tizimini bekor qilish (1834), katta qiyinchilik tug‘dirayotgan ichki bojxonalarga barham berish, viloyatlar hokimlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri sultonga bo‘ysunishini ta’minlaydigan yangi boshqaruv tizimini joriy qilish. Bu turk feodallari sultonni qo‘llaydigan, yetarli majburlash kuchiga ega bo‘lgan viloyatlarga tegishli bo‘lib, chekka o‘lkalar amalda mustaqil bo‘lgan hukmdorlar va noiblar qo‘lida qolaverdi.
Hukumatdagi eski lavozimlar o‘rniga 1836–1838 yillari yevropacha tipdagi ichki ishlar, tashqi ishlar, moliya vazirliklari tashkil qilindi. 1826 yili Istambulda harbiy-tibbiyot bilim yurti ochildi, 1832 yildan turk tilida birinchi gazeta – «Voqealar kundaligi» nashr qilina boshladi.
O‘zgarishlarning eng muhimi harbiy-len tizimini bekor qilish bo‘ldi. Ammo islohot oxirigacha yetkazilmadi. Burjuacha-kapitalistik rivojlanish yo‘lida muhim to‘siqlardan biri, avvalgidek, xususiy mulkning moliyaviy ta’minlanmaganligi bo‘lib, bu asosan burjuaziyaga tegishli edi. Mahmud II mulkni musodara qilish tizimini rasman bekor qildi, amalda esa o‘zboshimchalik va zo‘ravonlik davom etaverdi. Turk va boshqa millat (grek, arman) savdo burjuaziyasi katta sarmoyaga ega bo‘lsada, uni sanoatga joylashtirish imkoniyatiga ega emasdi.
Turkiyada kapitalizmning rivojlanishiga yana bir to‘siq tobora kuchli kirib kelayotgan chet el kapitali edi. Maxmud II bunga nafaqat qarshilik qildi, balki uni rag‘batlantirdi ham.
1830-yillardan kapitalistik davlatlarning Osiyo bozorlariga keng ko‘lamda kirib kelishi boshlandi. Kapitulyatsiya rejimi bilan bog‘langan Turkiya ham bu jarayonga qarshilik qila olmadi. 1838 yili Angliya Portani savdo konvensiyasi imzolashga majbur qildi. Unga ko‘ra Turkiyaga olib kiriladigan barcha ingliz tovarlariga qiymatining 5% i miqdorida boj solig‘i o‘rnatildi. Natijada turklarning kosibchilik sanoati narxi arzon bo‘lgan chet el tovarlari bilan raqobatlashish uchun oxirgi imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |