16.4. Shaxsning ichki (o’zi bilan o’zi) ruhiy konflikti
Amerikalik psixolog Jeffri Yang odamovi, kamgap va yakkalikni yoqtiradigan shaxslarning hissiyoti, hulq-atvori va kognitiv (bilimga intilish)4 holatlarining 12 ta belgilar majmuasini (sindromlarini) farqlaydi.
Yakkalikdan qo’rquvchilar. Bundaylar yakka qolib, o’zini yo’qotib qo’yadi, nima qilishni bilmaydi, zerikadi.
O’ziga o’ta past baho berish natijasida kelib chiqadigan ichki ruhiy konflikt. Bundan yosh yoki katta kishining nazarida “uni hyech kim hurmat qilmaydi”, “u o’ta qobiliyatsiz (omadsiz, zerikarli va hokozolar) shaxs”. Shuning uchun ham u odamlar bilan muloqotdan qochadi. Bunday holat ba’zan qobiliyatli kishilarda ham bo’lishi mumkin, bunday shaxslar atrofdagi kishilar uning fikrini, holatini tushunmasliklarini his etgan holda kulgi bo’lishdan yoki “zerikarli odam” deb nom chiqarishdan qo’rqib, odamlarga ham aralashadilar.
Hadiksirash, o’ziga ishonchsizlik, uyatchanlik, atrofdagilardan yomonlik kutish yoki ularning o’zini mazax qiladilar, deb o’ylaydi. Uning fikricha, atrofdagilarga kulgi bo’lgandan, yaxshisi yakka yurgani yaxshiroq.
Muloqot malaka va ko’nikmasining sustligi (yoki yo’qligi). Murakkab shaxslararo munosabatlarda o’zini to’g’ri tutish tajribasining kamligi (konfliktli vaziyatlarda, tanishuv va boshqa hollarda).
Atrofdagi odamlar uning tasavvurida hammasi ablah, egoist, yaxshilik qilishga arzimaydigan odamlar. Atrofdagilar haqida bunday fikrdagi shaxs odamlardan faqat qochibgina qolmasdan, balki ulardan nafratlanadi (ba’zan qo’rqadi).
Ichki yopiqlik, ruhiy karlik, bunday shaxslarning his-tuyg’usi, fikri shunchalik ichkariga “yashiringanki”, ularning o’zi ham ba’zan o’zining asl qiyofasini tanimasdan qoladi. Ular doimo boshqa birovlarning roli bajarib, boshqalarga o’xshashga harakat qilib yurishadi.
O’ziga sherik topishga qiynaluvchilar, bundaylar “haqiqiy do’st, haqiqiy sevgili, haqiqiy sherik” topa olmaydilar. Ular “u yaxshi kishi-yu, ammo menga yoqmaydi”, u ajoyib inson, ammo qiliqlari yoqimsiz va hakozolar bilan o’zlarini oqlaydilar.
Bunday holatning yuzaga kelishiga asosiy sabab, shaxsning atrofdagilar bilan yaqin, intim munosabat o’rnatishni istamasligi yoki shunday tajribaning yo’qligi. Ammo, shundaylar ham borki, tinmasdan sherik axtarardilar, ammo u topilmaydi. Natijada shaxs o’zini baxtsiz va qobiliyatsiz, deb hisoblaydi.
O’quv faoliyatida, shaxsiy hayotdagi muvaffaqiyatsizlik natijasida paydo bo’lgan salbiy tajribaning o’smir va yoshlarning keyingi faoliyatiga ta’siri. Ko’p yillik kuzatishlarimiz natijasida fikrimizcha, bunday o’z kuchiga ishonchsizlikni keltirib chiqaradigan bir nechta omillar bor:
a) Talabada o’zining bilim va tajribasiga ichki tuyg’u (intilish, qiziqish va irodaning sustligi) natijasida kelib chiqadigan o’ziga past baho berish va ishonchsizlik.
b) Ko’pchilik talabalarga xos (ayniqsa, o’g’il bolalarga) erinchoqlik, ishyoqmaslik natijasida shakllangan iroda sustligidan kelib chiqadigan o’ziga past baho berish va ishonchsizlik.
v) Oilada ota-ona va boshqa kattalarning “sening qo’lingdan hyech narsa kelmaydi”, “sen hyech narsaga yaramaysan” va shunga o’xshash shaxsda o’ziga ishonchsizlik tug’diradigan gaplarning doimo takrorlanib turishi natijasida shakllanadigan o’ziga past baho berish va ishonchsizlik.
g) Maktabda o’qituvchilar va tengdoshlari tomonidan doimo salbiy fikr bildirilib turishi natijasida (masalan, “ikkidan” boshing chiqmaydi, “sen o’qib kim bo’larding?” va hokazolar) bolada paydo bo’ladigan o’zining kuchi, imkoniyatlari haqidagi turg’un salbiy fikr.
Yuqorida keltirilgan omillarning o’smir va yoshlar uchun yana bir xavfli tomoni mavjudki, u ham bo’lsa bolalikda va yoshlikda o’zi haqida doimo salbiy fikr eshitish bilan uning ong ostida bu olingan axborot doimiy ravishda shasxning faoliyatiga, hulqiga, xatti-harakatlariga doimo ta’sir etuvchi mustahkam markaz paydo bo’lishiga sabab bo’lishi mumkin. Bu esa o’smir va yoshlar faoliyatining hamma sohasiga, hatto kelajakdagi hayotiga ham o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |