BIRINCHI QISM
QADIMGI DUNYO, FEODAL JAMIYATI VA ILK KAPITALIZMNING
IQTISODIY TA’LIMOTLARI
Englar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar
Qur’oni Karimdan
1-BOB. QADIMGI DUNYO IQTISODIY TA'LIMOTLARI
1.1. Qadimgi Osiyodagi iqtisodiy g'oyalar.
Iqtisodiy fan manbalarini avvalo jahon tsivilizatsiyasining beshigi bo'lgan
qadimgi Sharqdan izlamoq mantiqan to'g'ridir.
Iqtisodiy g'oyalarning shakllanishi insoniyatning paydo bo'lishi bilan
boshlangan. Ammo hozirgi paytda qo'lyozmalarda aks ettirilgan g'oyalargina tahlil
qilingan. Shu sababli iqtisodiy ta'limotlar tarixi quldorlik jamiyati, aniqrog'i,
xususiy mulk paydo bo'lishi bilan boshlanadi, deyish o'rinlidir.
Dastlab quldorlik jamiyati Sharqda sinfiy ajralish boshlangan joylarda,
Mesopotamiya (Tigr va Efrat daryolari oralig'ida) va Misrda eramizdan avvalgi IV
ming yillikda yuzaga keladi. Bunga asosiy sabab shuki, bu erda texnologik inqilob
ro'y berdi, metall qurollar ishlatila boshlandi, qishloq xo'jaligida intensiv, ko'p
hollarda sug'orma dehqonchilikka o'tildi, shu asosda nisbatan turg'un qo'shimcha
mahsulot olish imkoni tug'ilgan. Oqibatda jamiyatda mehnat taqsimotini
rivojlantirishga, ko'pgina hunarmandchilik sohalarining ajralib chiqishiga, sinfiy
tabaqalanishga turtki bo'ldi.
Bu davrda qo'shimcha mahsulot olishning asosiy usuli jamoaga birlashgan
dehqonlarni ekspluatatsiya qilish yo'li bilan renta - soliq olish (Osiyoda) bo'lsa,
qullarni (davlat yoki xususiy) beayov ishlatish bilan ham (Evropada) katta boylik
orttirilgan. Sharqda davlatning iqtisodiyotga aralashuv darajasiga qarab, ayrim
«erkin» aholining ahvoli qullarnikidan deyarli farq qilmagan (umuman, Sharq
mamlakatlarida qulchilik masalasi hali uzil-kesil hal etilgan emas. Akademik
V.V.Struve uni tan oladi. Lekin ko'pgina olimlarning fikricha, Sharqda quldorlik
klassik shaklda rivoj topmagan, patriarxal, ya'ni uy xo'jaligida ustun bo'lgan
(Qarang: Istoriya Drevnego Vostoka.M.,MGU,1991).
Sharq, jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi xo'jalik faoliyatida
nisbatan erkin odamlar ishtirok etgan. Masalan, dehqonchilik, hunarmandchilik,
qurilish sohasida qullar mehnatidan foydalanilmagan. Antik dunyo (Farbiy
Evropa)dagi ayrim regionlarda xalqaro savdoni olib borish bilan bog'liq ravishda
tovar-pul munosabatlari ham anchagina rivojlangan (masalan, Gretsiyaning ayrim
shaharlari). Shu asosda qulchilikka asoslangan xususiy mulkchilik rivoj topdi. O'z
mahsulotini
sotishga
mo'ljallab
ishlab
chiqargan
qulchilik
xo'jaliklari
ekspluatatsiyani kuchaytirishni talab etgan. Oqibatda klassik yoki antik qulchilik
yuzaga keldi (Gretsiya va Italiya).
Bizgacha etib kelgan eng qadimgi qo'lyozmada (Qadimgi Misr, eramizdan
avvalgi XXII asr) noib va aholi o'rtasidagi munosabatlar to'g'risida fikr yuritiladi.
Bu davrda sinfiy ajralish to'la shakllanmagan bo'lib, boshqaruv ishiga
ishbilarmonlarni taklif etish (yuqori tabaqali yoki oddiy aholidan bo'lishidan qat'i
nazar) kerak deyilgan.
Qadimgi Misrdan farqli ravishda Mesopotamiyada xususiy mulkchilik va
tovar-pul munosabatlarining nisbatan tez rivojlanishi xarakterlidir. Inson shaxsi
ozodligining kafolati yo'q bo'lgan o'sha sharoitda qarzdor qulchilik xo'jalik rivojiga
olib kelar edi. Bunday jarayonlar soliq to'lovchilar va harbiylardan ajralib qolishi
mumkin bo'lgan davlatning kuchsizlanishiga olib kelgan. Saklanib qolgan
yodgorliklarda, yozma qonunlarda iqtisodiy g'oyalar ham mavjud, unda mustaqil
ishlab chiqaruvchilarning huquqlarini himoya qilish, tartibga solish bo'yicha
muhim fikrlar berilgan. Eramizdan avvalgi XVIII asrda Bobil (Vavilon) da
(m.a.1792-1750 yy.) podsholik qilgan Xammurapi (ba'zi manbalarda Xammurabi)
qonun to'plamlari (jami 282 ta) diqqatga sazovor (m.a.1760 y.). Bu to'plam 1901-
1902 yy. Suza shahri qoldiqlarini arxeologik qazish paytida topilgan (Frantsiya
poytaxti Parijdagi mashhur muzey - Luvrda saqlanyapti). Nushasini BMT
binosidagi muzeyda ham ko'rish mumkin. Toshga uyib yozilgan muhim va
qadimiy, tarixiy hujjatni tahlil qilish shuni ko'rsatadiki, mavjud davlat sinfiy va
sotsial jihatdan ancha mukammal ajralgan. Biz uchun ayniqsa mulkchilik va unga
egalik shakllari muhimdir. Qonunda «kuchlilar zaifroqlarni cheklamasligi kerak»
degan qoida bor. Masalan, qarzdorligi uchun podsho jangchilari va boshqa
aholining erlarini sotish yoki tortib olish man' etilgan. Sudxo'rlik faoliyati
cheklangan, uning miqdori pulda 20, mahsulotda 33 foizdan ortiq bo'lmasligi
kerak.
Asosiy maqsad ishlab chiqarishni, birinchi navbatda qishloq xo'jaligini
rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash bo'lgan, ya'ni mehnatsiz daromad topishga
qarshi kurashilgan. Qarzni qarz hisobiga uch yildan ortiq ushlab turish mumkin
bo'lmagan. Umuman, xususiy mulkchilik, shu jumladan erga ham tan olingan.
Birovning xususiy mulkiga ko'z olaytirgan, unga zarar etkazganlar iqtisodiy
jihatdan jazolangan. Bu qonunlar to'plami davlatning mamlakatni iqtisodiy
boshqarish sohasidagi dastlabki tajribasini ko'rsatadi. Oqibatda shu davrda
mamlakat ham siyosiy jipslashdi, ham iqtisodiy ravnaq topdi.
Qadimgi Hindistonning «Manu qonunlari»da (m.a. IV-III asrlar) ijtimoiy
mehnat taqsimotining, hukmronlik va bo'ysunish institutlarining mavjudligi
aytiladi.
Hindistondagi iqtisodiy g'oyalarni aks ettiruvchi qadimgi yodgorlik
«Artxashastra» (m.a. IV-III asrlar oralig'ida)dir (tom ma'nosi bo'yicha ifoda,
amaliy hayot to'g'risidagi fan, bu asar m.a. III-II asrlarda to'ldirilgan). Bu qadimiy
va muhim tarixiy yodgorlikdir (u Chandragupta I podsholigi davrida podsho
maslahatchisi Kautile Bishnugupta tomonidan yozilgan degan fikr bor). Unda
qulchilikni mustahkamlash asosiy vazifa qilib qo'yilgan. Qulchilik eng past
tabaqalarga xos narsa deb sanaladi. Bu asarda «buyumning qiymati» muammosi
ko'tarilgan, qiymat miqdori «ish kunlari» bilan belgilangan, rag'batlantirish esa
mehnat natijalariga mos ravishda belgilanishi kerak, deyilgan.
Bu asarda davlatni boshqarish bo'yicha takliflar berilgan bo'lib, bir qancha
iqtisodiy g'oyalar ham ilgari surilgan. Masalan, unda mahsulotning bozor bahosi
bilan uning tabiiy qiymati o'rtasidagi farq aytilgan. Tovarga bo'lgan ehtiyoj
ortganda, uning bahosi qiymatdan oshib ketishi mumkin, deyilgan. Savdo bilan
shug'ullanuvchilarga alohida urg'u berilgan bo'lib, foyda masalasi ko'tarilgan,
foydaning miqdori tovar bahosiga (boshqa harajatlar qatorida) qo'shilib, mahalliy
mahsulot uchun 5, chetdan kelgan tovarlar uchun 10 foiz (import o'sha davrda ham
afzal) qilib belgilangan.
Davlatning iqtisodiy ishlarga aralashuvi qo'llab-quvvatlangan. Qishloq
xo'jaligiga alohida e'tibor berilgan, bo'sh erlar xalqqa bo'lib berilishi va soliq
to'lash zarurligi, sug'orish inshootlari qurishga e'tibor haqida so'z yuritiladi.
Umuman, davlat mamlakatning ishlab chiqaruvchi kuchlarini rivojlantirishi kerak,
degan g'oya markaziy o'rinni egallaydi. (Hozirgi davrdagi J.M.Keyns va
institutsionalizm tarafdorlari fikri bilan solishtiring.)
Moliya sohasida daromad solig'iga katta e'tibor berilgan. Davlat ba'zi
ishlarni rivojlantirishi uchun moddiy va ma'naviy yordam berishi kerak, deyilgan.
Mahsulotga baho belgilash, davlatning boyishini ta'minlash (foydani oshirib, sarf-
harajatni kamaytirish), hisob-kitobni tartibga solish, har xil o'g'irliklarga qarshi
kurashish kerakligi belgilangan. Shu tamoyillarni amalga oshirish tufayli
jamiyatdagi norozilik, tengsizlik yo'qoladi, deyilgan.
Qadimgi Hindistonda yaratilgan «Veda»larda ham bir
qancha muhim iqtisodiy g'oyalar keltirilgan. Respublikamiz
olimlarining tadqiqotlariga ko'ra, zardushtiylik (zoroastrizm)
dinining (islomgacha) muqaddas kitobi bo'lgan «Avesto»
ya'ni «hayot yo'riqnomasi» (asli «Ovasta») da ham muhim
iqtisodiy fikrlar bayon etilgan.
Jumladan, sun'iy sug'orish asosida dehqonchilik
yuritish, ona tabiatni e'zozlash, hayvonlarni asrash, noo'rin
so'ymaslik, unga zug'um qilmaslik, tuproq sharoitini
yaxshilash masalalari yoritilgan. Bu kitob eramizdan avvalni
II ming yillik oxiri - I
Do'stlaringiz bilan baham: |