3. Sug’urta faoliyatini tartibga solishda Fuqarolik kodeksi 52 bob. 52-bob. Sug‘urta [OKOZ: 1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.22.00 Sug‘urta / 03.11.22.02 Majburiy sug‘urta;
2.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.22.00 Sug‘urta / 03.11.22.03 Ixtiyoriy sug‘urta]
914-modda. Ixtiyoriy va majburiy sug‘urta Sug‘urta fuqaro yoki yuridik shaxs (sug‘urta qildiruvchi) sug‘urta tashkiloti (sug‘urtalovchi) bilan tuzadigan mulkiy yoki shaxsiy sug‘urta shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
Shaxsiy sug‘urta shartnomasi ommaviy shartnoma hisoblanadi.
Qonunda ko‘rsatilgan shaxslarga sug‘urta qiluvchilar sifatida boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkini yoxud o‘zining boshqa shaxslar oldidagi fuqarolik javobgarligini o‘z hisobidan yoxud manfaatdor shaxslar hisobidan sug‘urta qilish (majburiy sug‘urta) majburiyati qonun bilan yuklangan hollarda sug‘urta ushbu bobning qoidalariga muvofiq shartnomalar tuzish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Majburiy sug‘urtada sug‘urta qildiruvchi sug‘urtalovchi bilan sug‘urtaning ushbu turini tartibga soladigan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan shartlarda shartnoma tuzishi shart.
Qonunda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan majburiy sug‘urta qilish hollari (davlat majburiy sug‘urtasi) nazarda tutilishi mumkin.
915-modda. Mulkiy sug‘urta shartnomasi Mulkiy sug‘urta shartnomasiga muvofiq bir taraf (sug‘urtalovchi) shartnomada shartlashilgan haq (sug‘urta mukofoti) evaziga shartnomada nazarda tutilgan voqea (sug‘urta hodisasi) sodir bo‘lganda boshqa tarafga (sug‘urta qildiruvchiga) yoki shartnoma qaysi shaxsning foydasiga tuzilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsga (naf oluvchiga) bu hodisa oqibatida sug‘urtalangan mulkka yetkazilgan zararni yoxud sug‘urtalanuvchining boshqa mulkiy manfaatlari bilan bog‘liq zararni shartnomada belgilangan summa (sug‘urta puli) doirasida to‘lash (sug‘urta tovoni to‘lash) majburiyatini oladi.
Mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha quyidagilar sug‘urtalanishi mumkin:
muayyan mol-mulkning yo‘qotilishi (nobud bo‘lishi), kam chiqishi yoki shikastlanishi xavfi;
fuqarolik javobgarligi xavfi — boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, shuningdek shartnomalar bo‘yicha javobgarlik xavfi;
tadbirkorlik xavfi — tadbirkorning kontragentlari o‘z majburiyatlarini buzishi yoki tadbirkorga bog‘liq bo‘lmagan vaziyatlarga ko‘ra bu faoliyat shart-sharoitlarining o‘zgarishi tufayli tadbirkorlik faoliyatidan kutilgan daromadlarni ololmaslik xavfi.
Qarang: sud amaliyoti.