Urug’lanish. G’unchalar batomom ochilib, gul urug’lanishga tayyor bo’lganda urug’chi
tumshuqchasiga kelib tushgan changlar, biror to’sqinlik bo’lmasa, o’sa boshlaydi. Bu vaqtda chang
ichidagi borliqni o’rab turgan intina poralar orqali ekzinaga qavarib chiqadi va chang naychasini
hosil qiladi. Chang naychasi asta-sekin tumshuqcha to’qimalari ichida o’sa boshlaydi. Changda ikki
– vegetativ va generativ hujayra bo’lib, chang naychasiga avval vegetativ hujayra yadrosi, uning
ketidan generativ hujayra yadrosi o’tadi. Nay ichida generativ hujayra yadrosi ikkiga bo’linadi va
ikkita spermiyni hosil qiladi. Chang naychasi ustuncha orqali o’sib, tugunchaga yetgandan keyin
murtak xalta tomon o’sib unga kira boshlaydi. Bu jarayon uch xil tipda boradi: a) porogamiya –
chang naychasi urug’kurtakning mikropilesi orqali murtak xaltaga kiradi; b) xalazogamiya – chang
naychasi urug’kurtakning xalaza tomonidan uning to’qimalari orqali o’sib kiradi; v) mezogamiya –
chang naychasi urug’kurtakning yon tomonidan integumentlar orqali murtak xaltaga o’sib kiradi.
Chang naychasi murtak xaltaga yetib kelgach o’z mahsulotini tuxum appartidagi sinergid
hujayralardan biriga quyadi. Natijada, sinergid hujayra shikastlanib reduktsiyalanadi. Endi chang
naychasidan bo’shagan ikki spermidan biri tuxum hujayra bilan, ikkinchisi markaziy hujayra
yadrosi bilan qo’shiladi. Bu jarayonga qo’sh urug’lanish deyiladi. Qo’sh urug’lanishni 1898 yili rus
olimi S.G. Navashin ochgan. Urug’langandan keyin tuxum hujayradan murtak, markaziy
hujayradan endosperm rivojlanadi.
Murtakning shakllanishi. Urug’langan tuxum hujayra bir oz vaqt tinim davrida bo’ladi.
Murakkabguldoshlar va bug’doydoshlarda bu davr juda qisqa bo’ladi (bir necha soat). Birinchi
bo’linishda ko’ndalang to’siq paydo bo’ladi. Murtak xaltaning o’rtasi tomon yo’nalgan hujayra
terminal, boshqasini bazal hujayra deyiladi. Keyingi bo’linish turli o’simliklarda turlicha bo’ladi.
Karamguldoshlarda bazal hujayra ko’ndalang, terminal hujayra uzunasiga bo’linadi va proembrion
hosil bo’ladi. Har bir terminal hujayra po’sti bilan avvalgisiga perpendikulyar bo’linadi –
kvadrantlar stadiyasi kelib chiqadi. So’ngra har bir kvadrant hujayralar ko’ndalangiga bo’linadi va
oktantlar hujayrasini hosil qiladi. Terminal hujayra bilan bir vaqtda bazal hujayralar ko’ndalang
bo’linib, osilma sopini shakllantiradi. Osilma sopining yuqorigi hujayrasi pufaksimon o’simta hosil
qiladi. Pastki oktant hujayralardan keyinchalik novdaning uchki kurtagi va urug’palla barglar hosil
bo’ladi. Yuqorigi hujayralaridan gipokotil hosil bo’ladi. Osilma sopining eng pastki hujayralardan
ildiz paydo bo’ladi.
Endospermning shakllanishi. Endosperm murtakning rivojlanishida katta ahamiyatga ega, ya’ni
murtakni oziqlantirib turadi. Endosperm ikki tipda rivojlanadi. 1-nuklear 2 – sellyulyar. Nuklear
tipida yadroning birinchi bo’linishida ko’ndalang to’siq paydo bo’lmaydi. Sellyular tipida
yadroning birinchi va keyingi bo’linishlarida ham to’siqlar paydo bo’ladi. Natijada murtak xalta bir
necha kameralarga bo’linadi.