Topshiriq. Berilgan so‘zlarning imlosiga diqqat qiling va imlo qoidalari bo‘yicha to‘g‘rilab daftaringizga husnixat asosida ko‘chiring.
samarqand davlat universiteti, xalq ta’limi vazirligi, o‘zbekiston respublikasi vazirlar mahkamasi, toshkent traktor zavodi, birlashgan arab amirligi, xalqaro olimpia qo‘mitasi, o‘zbekiston respublikasi oliy sudi
Topshiriq. Quyidagi matnni o‘qing va bosh harflar imlosiga e’tibor bering. Bosh harflar bilan yozilgan so‘zlarni daftaringizga husnixat bilan ko‘chiring va uning yozilish sababini izohlang.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti - mintaqaviy xalqaro tashkilot bo‘lib, uning tarkibiga Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi. 2001-yilda olti mamlakat rahbarlari Shanxay Hamkorlik Tashkilotini tuzish haqida Deklaratsiya imzolashdi. Tashkilotning maqsadi - Markaziy Osiyodagi vaziyatni barqarorlashtirish, davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish deb belgilandi. Ilk uchrashuv natijalariga ko‘ra ShHT a’zolari terrorchilik, separatizm va ekstremizm bilan kurashishga doir Shanxay konvensiyasini imzolashdi.
2005-yil mamlakat rahbarlari kengashib, uchta Osiyo mamlakatiga kuzatuvchi maqomi berilishi to‘g‘risida qaror qabul qildi - Hindiston, Eron va Pokiston. Tashkilot geografik jihatdan kengaydi va bu ShHTning xalqaro mavqeini yana-da yuksaltirdi. Bundan tashqari Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston mamlakatlari ham kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishdi, Turkiya esa muloqot bo‘yicha sherikka aylandi. 2014-yilda Hindiston va Pokiston mamlakatlari Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun rasman murojaat qilishdi. 2015-yilda esa ShHT mamlakatlari yetakchilari bu davlatlarni tashkilot safiga qabul qilish jarayoni boshlanishi to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlashdi. Shu bilan birga Belorusiyaga ShHT kuzatuvchisi maqomini taqdim etish haqidagi qarori ham imzolandi. Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja va Nepalga esa muloqot bo‘yicha sherik maqomi taqdim etiladi. Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga to‘liq huquqli a’zolikka Eron va Afg‘oniston mamlakatlari ham da’vogarlik qilishmoqda.
Shanxay Hamkorlik Tashkilotining yuqori organi - davlat rahbarlari kengashi; sammit yilda bir marta o‘tkaziladi. Tashkilot doirasida Tashqi ishlar vazirlari kengashi, vazirlik va idoralar rahbarlari kengashi, Milliy koordinatorlar kengashi tuzilgan. ShHTning ikkita doimiy organi mavjud - Pekindagi kotibiyat va Toshkentdagi Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi. ShHT harbiy blok hisoblanmaydi, biroq tashkilot a’zolari xavfsizlik va terrorizm bilan kurashga doir masalalarni ko‘rib chiqishadi. 2002-yildan buyon tashkilot a’zolari muntazam ravishda aksilterror mashqlarini o‘tkazishadi. 2011-yilning 15-iyunida ShHTning o‘n yillik sammitida mamlakatlar rahbarlari giyohvandlikka qarshi strategiya va uni amalga oshirish dasturini tasdiqlashdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |