Topshiriq. Quyidagi matndan foydalanib sifatlarni aniqlang va daftaringizga yozing.
Hindiston Tojmahali
Temuriylar avlodlari tomonidan Hindiston zaminida bunyod etilgan ushbu me’moriy yodgorlik 1631-1652 yillarga mansubdir. U Agra shahri yaqinidagi Jamna daryosi bo‘yida Shoh Jahonning Arjumandbonuga bo‘lgan muhabbati ramzi o‘laroq qad ko‘targan. Shoh Jahonning o‘zi ham keyinchalik shu yerda dafn etilgan. Inshoot murabba tarxli bo‘lib, 3 qavat va 5 gumbazdan iborat. Bino marmar supa ustiga qurilgan, to‘rt tomonida balandligi 45 metr bo‘lgan minoralar barpo etilgan. Oq marmardan ishlangan devorlarga aqiq, marvarid, sadaf, qahrabo, zumrad, yoqut, fil suyagi kabi qimmatbaho toshlardan qadama naqshlar ishlangan.
Topshiriq. Quyidagi tez aytishni to‘g‘ri talaffuz qiling va bir nafasda sakkiztagacha aytib ko‘ring.
Ko‘k koptokni kaftda tutib,
Ko‘kka otdim kerilib.
Qora qarg‘a qorga qo‘ndi,
Qorni cho‘qib, “qar” deb qo‘ydi.
Chuvalchang chuvalashib chirmoviqqa chirmashdi.
Qora qog‘ozning qattiq qirrasi qo‘limni qirqdi.
29-MAVZU: “SAYOHAT – TANGA ROHAT”. SON SO‘Z TURKUMI. SONLARNING NUTQDAGI O‘RNI
TURIZMNI RIVOJLANTIRISH — DAVR TALABI
O‘zbekistonimizda hozirgi kunda yangiliklarning cheki yo‘q. Hammasi insonlarni hayotga havas ko‘zi bilan boqishga undaydi. Har bir chiqarilayotgan qaror va yangiliklar barchamizni ruhlantirib yubormoqda. Kim bo‘lishimizdan qat’i nazar, u fermermi, uy bekasimi, tadbirkormi, o‘qituvchi yoki tarbiyachimi hech kim chetda qolayotgani yo‘q. Yurtboshimiz hammaga bir ko‘z bilan qarayaptimi, demak, hech kim, hech kimni kamsitishga haqqi yo‘q. Bugungi kunda ichki turizmni rivojlantirishga katta yo‘l ochib berdilar. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar barcha qarorlardan foydalanishga, hech qanday to‘siqlarsiz dunyoning xohlagan yeriga borishga haqqingiz bor degan shior bilan qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi chegaralarni olib tashladilar. Biz, avvalo, o‘z Vatanimizni sevishimiz va avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tib kelayotgan boyliklarimiz bilan yaqindan tanishishimiz kerak. Talabchan rahbarlarimiz har bir kasb egasini mas’uliyat bilan ishlashga undaydi va shunga yarasha mukofot bilan ham siylab turadilar. Shunday insonparvarliklardan biri Samarqandga sayohat yo‘llanmasini tavsiya qildilar. Bunday taklif tumanimizdagi barcha ustozlarga ma’qul tushdi. Nihoyat shu yilning 31-martida Marg‘ilon-Toshkent, Toshkent-Samarqand poyezdi biz ustozlarni sayohatga chorladi. Poyezdda ketar ekanman, Birinchi Prezidentimiz I.Karimovni bosib o‘tgan yo‘llari, Qamchiq dovonidagi mashaqqatli mehnatlari, xalq uchun quvonib so‘zlagan nutqlarini eslab, to‘lqinlanib ketdim.
Toshkent mehmonxonasidagi, Samarqand ziyoratgohida biz uchun ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtiromning cheki yo‘q. O‘zingizni anglaysiz. Vatanimiz uchun eng kerakli inson ekanligingizni sezasiz. Al-Buxoriy, Shoxi zinda, Go‘ri Amir maqbaralarini ko‘rib, o‘sha davrga borib qolgandek bo‘lasiz. Tillo suvi bilan bezak berilgan 36 metr balandlikdagi minoralarni ko‘rib, quvonmay iloji yo‘q. Ziyorat 4 kun davom etdi. Sayohatimizning eng ta’sirli tomoni Birinchi Prezidentimizning yashagan uylarini, o‘qigan maktablarini ko‘rdik. Oddiy o‘zbekona uydan olgan taassurotlarimiz bir olam bo‘ldi, unga havas va g‘urur bilan boqdik. Xullas, ziyorat qiling, yurtingiz bilan yaqindan tanishing. Shundagina Vatanga, Yurtboshimizga hurmatimiz yana-da ortadi. Charchoqlar yo‘qolib, yanada shijoat bilan ishlashga, yurtimiz uchun ko‘proq foydamiz tegishiga ahd qildik. Hurmatli Yurtboshimizga, hokimiyat rahbarlariga sayohatchilar nomidan minnatdorchilik bildirar ekanmiz, turizmni rivojlantirish — davr talabi ekanligini anglab, yurtimiz uzra dunyo bo‘ylab sayohatdan sira ham charchamaylik.
Do'stlaringiz bilan baham: |